Til sertifikati xorijiy oliy ta’lim muassasalariga kirishda hanuz asosiy talablardan biri hisoblanadi. Ko‘pchilik universitetlarga hujjat topshirish uchun odatda IELTS 6.5–7.0 talab qilinadi:
-
6.5 — ko‘plab dasturlar uchun minimal ko‘rsatkich
-
7.0 — ancha raqobatbardosh daraja
-
Buyuk Britaniyaning yetakchi universitetlari uchun esa ko‘pincha 7.5 va undan yuqori natija talab etiladi
Bundan tashqari, aksariyat universitetlar har bir bo‘lim bo‘yicha alohida minimal ball ham belgilaydi. Odatda Listening, Reading, Writing, Speaking bo‘yicha 6.0 dan past bo‘lmasligi kerak.
Biz Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Avstraliya, Yevropa va Osiyodagi universitetlarning rasmiy talablarini tahlil qilib, IELTS natijasi qaysi holatda nafaqat hujjat topshirish, balki qabul qilinish uchun real imkoniyat berishini aniqladik.
IELTS’dagi minimal ball nimani anglatadi?
Minimal ball — bu universitet sizning arizangizni ko‘rib chiqishni boshlaydigan eng past chegara. Bu ko‘rsatkich o‘qishga qabul qilinish kafolati emas.
Masalan, agar universitet “IELTS 6.5 overall va har bir section’dan kamida 6.0” deb ko‘rsatsa, bu quyidagini anglatadi:
-
bu talabdan past natija bo‘lsa, ariza avtomatik rad etiladi
-
talabga mos natija bo‘lsa, ariza ko‘rib chiqiladi
-
yakuniy qaror esa tanlov darajasi va akademik yo‘nalishga bog‘liq bo‘ladi
Mashhur va talab yuqori yo‘nalishlarda o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning haqiqiy natijalari ko‘pincha e’lon qilingan minimumdan yuqoriroq bo‘ladi. Shu sababli mo‘ljalni faqat minimal chegaraga emas, balki amaldagi tanlov darajasiga qarab olish to‘g‘riroq.
Rasmiy minimum va real qabul darajasi
Rasmiy minimum
Bu — admission requirements sahifasida ko‘rsatilgan ball. U sizga hujjat topshirish huquqini beradi.
Amaldagi qabul darajasi
Masalan, dasturda 6.5 ko‘rsatilgan bo‘lsa ham, amalda ko‘pincha 7.0–7.5 ball olgan talabalar qabul qilinadi.
Bu ayniqsa quyidagi yo‘nalishlarda yaqqol seziladi:
-
huquq
-
xalqaro munosabatlar
-
tibbiyot
-
jurnalistika
Nega section bo‘yicha talablar overall balldan ham muhim?
Overall ball — to‘rtta ko‘nikmaning o‘rtacha ko‘rsatkichi. Lekin universitetlar ko‘pincha natijaning umumiy summasidan tashqari, profilning o‘ziga ham qaraydi.
Ayniqsa gumanitar, huquq va ijtimoiy fanlar bo‘yicha dasturlarda Writing ko‘rsatkichi juda muhim bo‘ladi. Chunki akademik yozuv bu yo‘nalishlarda asosiy o‘qish vositasi hisoblanadi.
Bu yondashuv qanday ishlashini yaxshiroq tushunish uchun turli mamlakatlardagi universitetlar talablarini solishtirish foydali.
Turli mamlakatlarda universitetlar qanday ball talab qiladi?
Bakalavriat uchun IELTS
Ko‘pgina universitetlarda talablar sahifasida ingliz tilini bilish bo‘yicha quyidagi jihatlar ko‘rsatiladi:
-
ko‘p hollarda minimal chegara IELTS 6.5 overall dan boshlanadi
-
kuchli va raqobatli dasturlar odatda minimaldan yuqoriroq natija kutadi
-
deyarli barcha universitetlar har bir section bo‘yicha alohida minimum belgilaydi
-
AQShda conditional admission uchrashi mumkin, bunda qaror faqat IELTS emas, balki umumiy akademik profil asosida ham shakllanadi
Bu ko‘rsatkichlar faqat rasmiy minimal talabni emas, balki mamlakatlarning til tayyorgarligiga bo‘lgan yondashuvlaridagi farqni ham ko‘rsatadi.
Mamlakatlar bo‘yicha IELTS Academic o‘rtacha talablar
Bakalavriat
Mamlakatlarga qarab bakalavriat uchun IELTS Academic talablari ma’lum diapazonda shakllanadi.
Magistratura
Magistratura bosqichida esa talablar ko‘pincha bakalavriatga nisbatan yuqoriroq bo‘ladi.
Ball bilan bir qatorda, imtihonning to‘g‘ri turini tanlash ham juda muhim.
Qaysi IELTS turini topshirish kerak?
Universitetga kirish uchun odatda IELTS Academic talab qilinadi.
-
IELTS General — asosan immigratsiya va ishga joylashish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, akademik dasturlar uchun mos emas
-
IELTS Academic UKVI — tuzilishi va murakkabligi jihatidan oddiy Academic bilan bir xil, ammo SELT vizaviy maqomiga ega
UKVI odatda quyidagi holatlarda kerak bo‘ladi:
-
foundation dasturlari
-
pre-sessional kurslar
-
degree level’dan pastroq dasturlar
Agar dastur shartlarida UKVI alohida ko‘rsatilmagan bo‘lsa, odatda standart IELTS Academic yetarli bo‘ladi.
Agar kerakli ball to‘planmasa ham, o‘qishga kirishning boshqa yo‘llari mavjud.
Past ball bilan yoki IELTS’siz o‘qishga kirsa bo‘ladimi?
Past ball har doim ham avtomatik rad javobini anglatmaydi. Ko‘plab mamlakatlarda muqobil kirish yo‘llari mavjud.
Foundation dasturlari
Foundation — bu bakalavriatga tayyorlov bosqichi.
Odatdagi talablar:
-
IELTS 5.0–5.5
-
ba’zan har bir section bo‘yicha 5.0 bo‘lsa, overall ham 5.0 yetarli bo‘lishi mumkin
Bunday dasturlar Buyuk Britaniya, Avstraliya va Malayziyada keng tarqalgan. Foundation muvaffaqiyatli tugatilgach, talaba 1-kursga o‘tadi.
Bu, ayniqsa, 6.5 olish qiyin bo‘lgan abituriyentlar uchun keng qo‘llanadigan yo‘l.
Pathway dasturlari
Pathway — bu til tayyorgarligi va akademik moslashuvni birlashtirgan dastur.
Talablar odatda:
-
5.0–5.5
-
ayrim holatlarda bundan ham past natija til kursi bilan birga qabul qilinishi mumkin
Bu dasturlar asosan Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliyada uchraydi.
Conditional offer
Ba’zi universitetlar talabani shartli ravishda qabul qilishi mumkin.
Masalan: “Offer is conditional upon achieving IELTS 6.5”
Bu shuni anglatadiki, talabaga joy beriladi, ammo u belgilangan muddatgacha kerakli IELTS natijasini taqdim etishi shart.
Bu amaliyot ayniqsa Buyuk Britaniya va Avstraliyada keng tarqalgan.
Universitetning ichki testi
Ayrim universitetlar ingliz tilini bilish darajasini o‘zining onlayn imtihoni yoki suhbati orqali baholaydi.
Bu holatlar odatda quyidagicha bo‘ladi:
-
talaba maktabni ingliz tilida tamomlagan bo‘lsa
-
dasturda rasmiy SELT talab qilinmasa
-
universitet til darajasini mustaqil tekshirish vakolatiga ega bo‘lsa
Masalan, Yevropadagi ayrim universitetlarda, jumladan Polshadagi Jagiellonian Universityda, ingliz tili darajasi suhbat orqali baholanishi mumkin. Bunda ariza topshirishda IELTS sertifikati majburiy bo‘lmasligi mumkin, ammo o‘qishga kirish vaqtida B2 darajasi tasdiqlanishi talab qilinadi.
IELTS o‘rniga qaysi testlar qabul qilinadi?
Ko‘plab universitetlar quyidagi alternativ testlarni ham tan oladi:
-
TOEFL iBT
-
PTE Academic
-
Duolingo English Test
Duolingo ayniqsa AQSh va Kanadada keng qo‘llanadi, biroq Buyuk Britaniya vizasi uchun odatda mos kelmaydi.
Kirishda yana qanday sertifikatlar kerak bo‘lishi mumkin?
Til sertifikatidan tashqari, ayrim davlatlarda yoki universitetlarda standartlashtirilgan akademik imtihonlar ham talab qilinadi yoki tavsiya etiladi.
SAT / ACT
Ko‘proq AQShda ishlatiladi, lekin Osiyo va Yevropadagi ayrim universitetlar ham qabul qiladi.
Bu testlarda odatda quyidagilar baholanadi:
-
matematika
-
tanqidiy o‘qish
-
matn tahlili
AQShda ular ba’zan majburiy, ba’zan esa highly recommended maqomida bo‘ladi.
Kanada, Buyuk Britaniya va Avstraliyada odatda majburiy emas, ammo arizani kuchaytirishi mumkin.
AP (Advanced Placement)
Bu — alohida fanlar bo‘yicha imtihonlar.
Ular:
-
akademik ustunlik sifatida baholanishi mumkin
-
ayrim fanlardan ozod bo‘lish imkonini berishi mumkin
-
AQSh va Osiyoning kuchli universitetlarida raqobatbardoshlikni oshiradi
IB Diploma
Xalqaro bakalavriat dasturi.
Ko‘pincha milliy attestatga muqobil hujjat sifatida qabul qilinadi. Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yevropada IB ba’zan qo‘shimcha testlar o‘rnini bosishi mumkin.
A-Level
Britaniya maktab tizimining yuqori bosqich imtihoni.
-
Buyuk Britaniyada bu asosiy akademik mezon
-
Osiyo va Yevropa universitetlarida ham keng tan olinadi
Mahalliy til bo‘yicha talablar ham bo‘lishi mumkin
Agar dastur ingliz tilida bo‘lmasa, universitetlar o‘sha mamlakatning davlat tilini bilishni ham talab qilishi mumkin.
Masalan:
-
Janubiy Koreya — koreys tilidagi dasturlar uchun TOPIK
-
Germaniya — nemis tilidagi dasturlar uchun TestDaF yoki DSH
-
Fransiya — fransuz tilidagi dasturlar uchun DELF/DALF
Hatto dastur ingliz tilida olib borilsa ham, ayrim universitetlar moslashish va stajirovka uchun mahalliy tilni bilishni tavsiya qiladi.
Eng muhim farq nima?
Til bo‘yicha testlar, masalan IELTS, TOEFL, PTE, sizning ingliz tilini bilish darajangizni tasdiqlaydi.
Boshqa imtihonlar, jumladan:
-
SAT
-
IB
-
A-Level
esa sizning akademik tayyorgarligingizni ko‘rsatadi.
-
AQShda SAT/ACT muhim rol o‘ynashi mumkin
-
Buyuk Britaniya va Avstraliyada ko‘proq maktab natijalari va fanlar bo‘yicha talablar muhim bo‘ladi
-
Osiyodagi ko‘plab universitetlar esa attestat + xalqaro test + suhbat modelidan foydalanadi
Kuchli dasturlarda aynan shu standartlashtirilgan imtihonlar raqobat omili bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda IELTS’ni qayerda topshirish mumkin?
O‘zbekistonda IELTS imtihonini asosan quyidagi tashkilotlar o‘tkazadi:
-
British Council
-
IDP Education
Toshkentda test markazlari faoliyat yuritadi, imtihon sanalari esa ularning rasmiy saytlarida e’lon qilinadi.
Imtihon narxi qancha?
2026 yil uchun IELTS narxi — 2 664 000 so‘m.
Shuningdek, IELTS sertifikati 2 yil davomida amal qiladi. Shu muddat tugagach, universitetlar uni odatda qabul qilmaydi.
O‘zbekistonda ingliz tilini bilish darajasi qanday?
EF Education First ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston ingliz tilini bilish bo‘yicha dunyoda 104-o‘rinda turadi.
EF English Proficiency Index 2025 natijalariga ko‘ra, mamlakat ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha quyi toifaga kiradi.
Ko‘nikmalar bo‘yicha ko‘rsatkichlar:
-
Reading — 420
-
Listening — 385
-
Writing — 498
-
Speaking — 454
Bu shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistondagi o‘rtacha til darajasi ko‘plab xalqaro dasturlar talab qiladigan ko‘rsatkichlardan pastroq.
O‘zbekistonlik abituriyentlar uchun bu nimani anglatadi?
Bu shuni anglatadiki, IELTS 6.5–7.0 natijasiga chiqish uchun ayniqsa:
-
akademik ingliz tili
-
Writing
-
Listening
bo‘yicha maqsadli va tizimli tayyorgarlik zarur.
Asosiy xulosalar
-
Xorij universitetlarining IELTS talablari O‘zbekistondagi o‘rtacha ingliz tili darajasidan yuqori
-
Rasmiy 6.5 minimum ommabop yo‘nalishlarda har doim ham yetarli emas
-
Har bir section bo‘yicha ball, ayniqsa gumanitar va professional dasturlarda, juda muhim
-
Imtihonga yozilishdan oldin faqat ballni emas, balki mamlakatning viza talablarini ham tekshirish kerak
-
“Eng past o‘tish balli” strategiyasi ko‘pincha samara bermaydi
-
Qabul uchun real imkoniyat yaratish maqsadida zaxira ball bilan tayyorlanish ancha to‘g‘ri yondashuv hisoblanadi