O‘zbekistonda 10ta nodavlat OTM tashkil etiladi


O‘zbekistonda 10ta nodavlat, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida oliy ta'lim muassasalari tashkil etiladi. Bu haqda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturida aytilgan, deb yozmoqda kun.uz.

Qayd etilishicha, bunda tegishli amaliy chora-tadbirlar 2020 yil dekabrga qadar ishlab chiqilishi lozim. Ijro uchun mas'ullar - Sog‘liqni saqlash vazirligi (Shodmonov), Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (Majidov), Xalq ta'limi vazirligi (Shermatov), Transport vazirligi (Mahkamov), Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (Soliyev), Davlat-xususiy sheriklik agentligi (Xoljigidov).

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik masalalari bo‘yicha davlat organlari, mahalliy konsalting kompaniyalari, banklar, investorlar va boshqa tashkilotlar uchun, jumladan xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda tajribali xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda, seminar-treninglar va davra suhbatlari tashkil etiladi.

Sog‘liqni saqlash tizimida tibbiy asboblarni sterilizatsiya qilish va tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash, ta'lim, transport, yo‘l qurilishi va kommunal xo‘jaligi yo‘nalishlarida iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy vazifalarni hal etishga qaratilgan, xususiy investitsiyalarni jalb etish asosida amalga oshiriladigan tadbirlar sonini ko‘paytirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish mo‘ljallanmoqda.