O‘zbekiston yoshlari xorijiy oliygohlarga kirishda tarixiy natija qayd etdi


O‘zbekistonlik yoshlar xorijiy oliygohlarga kirishda tarixiy natijalar qayd etishdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev talabalar va yoshlar forumida qilgan chiqishi davomida ta’kidlab o‘tdi.

– O‘tgan bir yilda bilimli va zukko yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida 4 ta oltin, 18 ta kumush va 29 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Joriy yilda Prezident maktablarini tamomlagan 96 nafar o‘quvchilarning barchasi muddatidan avval nufuzli xorijiy oliygohlarga grant asosida o‘qishga kirdi.

Misol uchun, Toshkent shahridan Temurbek Sulaymonov – 26 ta, Qoraqalpog‘istondan Nursultan Duysenbayev – 16 ta, Xorazmdan Charosxon O‘ktamboyeva – 8 ta, Namangandan Robiyaxon Nabijonova – 5 ta, o‘rta maktab bitiruvchilari – Andijondan Visola Asadullayeva –12 ta hamda Qashqadaryodan Shuhrat Yuldashev 16 ta nufuzli xorijiy oliygohga o‘qishga qabul qilingan.

Bunday natijalar, ilgari tariximizda hech qachon bo‘lmagan, – dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, biroz vaqt muqaddam yangi o‘quv yilidan barcha uchun ta’lim krediti imtiyozli shartlarda ajratilishi xabar qilingan edi.