Abituriyentlar quyidagi hujjatlarni qabul komissiyasiga taqdim etadilar:
- rektor nomiga bakalavriat taʼlim yo‘nalishi, o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan ariza;
- umumiy o‘rta taʼlim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasi (akademik litsey, kasb-hunar kolleji) ni tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
- pasport nusxasi (16 yoshga to‘lmagan shaxslar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasini taqdim etadi);
- 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
- mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma (mavjud bo‘lsa).
Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli ravishda o‘qishga kirish huquqiga ega shaxslar ushbu huquqni tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasini xam taqdim etadilar.
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlar imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasini taqdim etadilar.
TOEFL IBT, IELTS, CEFR, Test DaF xalqaro imtihon tizimlarining amaldagi sertifikatlari, GOETHE sertifikati, DELF sertifikati, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora- tadbirlari to‘g‘risida" 2019 yil 13 maydagi 395-son qarori talablariga muvofiq sertifikatlarga ega bo‘lgan fuqarolar qabul komissiyasiga ushbu sertifikatlarning asl nusxalarini taqdim etadilar.
Hujjatlar oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kiradigan abituriyentlardan hujjatlar qabul qilish boshlangan kundan 20 kun davomida qabul qilinadi. Oxirgi o‘n kun davomida dastlabki imtihonni o‘tkazish va undan muvaffaqiyatli o‘tmagan abituriyentlarga boshqa oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlar topshirish imkoniyati yaratiladi.
Hujjatlarni taqdim etishda abituriyent tomonidan pasport (16 yoshga to‘lmagan shaxslar -tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani) shaxsan ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan talablarga mos hujjatlar taqdim etilganda, qabul komissiyasi abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilishni rad etishga haqli emas.
Abituriyent taqdim etilgan hujjatlarni shaxsan yoki ishonchli vakili orqali (abituriyent tomonidan berilgan va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma taqdim etilganda va unda ishonchli vakiliga berilgan vakolatlar ko‘rsatilganda) qaytarib olish to‘g‘risida qabul komissiyasiga ariza berish, shuningdek, abituriyentga dastlabki imtihon natijalariga ko‘ra kirish test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat rad etilgan hollarda, taqdim etilgan hujjatlarni qaytarib olish huquqiga ega.
Akademiyaga o‘qishga qabul qilish barcha abituriyentlar uchun teng huquqlilik, oshkoralik, yagona qabul qoidalari va tanlov asosida amalga oshiriladi.
Karantinga oid choralar amal qilishi davrida Akademiyaning bakalavriatiga qabul qilish vakolatli organlarning karantinga oid hujjatlari talablaridan kelib chiqqan holda (masofaviy, elektron, onlayn va boshqa usullar orqali) amalga oshiriladi.