O‘zbekiston va qo‘shni davlatlardagi talabalar qancha stipendiya oladi?


Talabalarning asosiy daromad manbalaridan biri stipendiya hisoblanadi. Darsdan keyin ishlash, uydagilardan pul olish qatorida stipendiya bilan oylik xarajatlarning ma’lum qismini qoplash mumkin. Lekin O‘zbekistonda hozirgi tartib bo‘yicha shartnoma asosida o‘qiydiganlar stipendiya olish-olmaslikni o‘zi tanlaydi, grantda o‘qiydiganlarga esa bazaviy stipendiya beriladi.

Ayni paytda o‘zbekistonlik talabalar oladigan stipendiya miqdori qancha? Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida talabalarga qancha stipendiya to‘lanadi?

O‘zbekistonda stipendiya qanday to‘lanadi?

Davlat granti, shuningdek, stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalarga bazaviy stipendiya beriladi. Semestrni faqat "a’lo" (86 foizdan yuqori) tarzda yakunlagan talabalarning stipendiyasiga 20 foiz qo‘shiladi.

Lekin o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foiz va undan ortiq qismi «qoniqarli» baho (71 foizdan past) bo‘lgan talabalarga keyingi semestr davomida stipendiya to‘lanmaydi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Kun.uz’ga bergan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda talabalarga to‘lanadigan bazaviy stipendiya miqdori – 517 880 so‘mni tashkil qiladi. Barcha fanlar bo‘yicha faqat «a’lo» o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga (reyting ko‘rsatkichi 86 ball va undan yuqori) ega bo‘lgan talabalar uchun stipendiya – 621 456 so‘m.

Bundan tashqari, iqtidorli talabalar uchun nomdor stipendiyalar ham ta’sis etilgan.

  • Prezident stipendiyasi – 2 191 541 so‘m;
  • Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy, Bobur, Pahlavon Mahmud, To‘lepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov, Islom Karimov va Kamoliddin Behzod nomli davlat stipendiyalari –1 461 028 so‘m;

Ro‘yxatda ko‘rinib turibdiki, eng qimmat stipendiya – prezident stipendiyasi.

Qo‘shni davlatlarda stipendiya miqdori qancha?

Qozog‘iston

(2023 yil, yangi o‘quv yili holatiga ko‘ra):

  • pedagogika va sog‘liqni saqlash yo‘nalishi talabalari uchun stipendiya — 67 200 tenge (1 mln 777 ming so‘m);
  • oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun (sog‘liqni saqlash va pedagogika yo‘nalishlari bundan mustasno) — 41 898 tenge (1 mln 108 ming so‘m);
  • texnik va kasb-hunar ta’limi dasturlarida o‘qiyotgan talabalar uchun — 32 681 tenge (864 ming so‘m);
  • magistratura talabalari uchun — 94 024 tenge (2 mln 486 ming so‘m) stipendiya belgilangan.

Qirg‘iziston

Qirg‘izistonda (2022 yilgi ma’lumot) talabalarning qancha stipendiya olishiga oid ma’lumotni faqat pedagogika universitetlari talabalari uchun belgilangan miqdorini topa oldik. Unga ko‘ra, 2022 yilgi o‘quv yili holatiga ko‘ra, pedagogika OTMlarining 1-kurs talabalari uchun 1000 som (137 ming so‘m), 2-kurs talabalari uchun 2 000 som (274 ming so‘m), 3-kurs talabalari uchun 3 000 som (411 ming so‘m), 4-kurs uchun 4 000 som (548 ming so‘m) belgilangan.

Bundan tashqari, Qirg‘izistonda ham faol talabalar uchun prezident stipendiyasi beriladi. Bu stipendiya faol talabalarga bir martalik miqdorda 50 ming som (2021 yilgi miqdori – 6,8 mln so‘m) to‘lanadi.  

Tojikiston

2022 yilgi ma’lumotga ko‘ra, Tojikistonda talabalar oladigan o‘rtacha yuqori miqdordagi stipendiya 368 somoni (405 ming so‘m) hisoblanadi. Ma’lum bo‘lishicha, bir talaba oyiga o‘rtacha 1,5 ming somoni xarajat qiladi. Beriladigan stipendiya uning oylik xarajatlarining faqat bir haftasini qoplashi mumkin.

Tojikiston va Qirg‘izistonga oid ma’lumotlar asosan 2022 yilga tegishli bo‘lsa-da, ochiq ma’lumotlar asosida Qozog‘iston talabalari eng yuqori stipendiya oladi, deb xulosa qilish mumkin.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi