Oʻzbekiston talabalari ikkita diplom olish imkoniyatiga ega boʻladilar


Oʻzbekistonda tez orada "ikki diplom" (Double Degree) dasturi amaliyotga joriy etiladi, bu haqda Oliy va oʻrta taʼlim vazirligi xodimi xabar berdi.

Suhbatdosh soʻzlariga koʻra, bugun mazkur dastur xorijiy oliygohlarda keng ommalashgan. Koʻplab xorijiy oliygohlarning Oʻzbekistonda ikki diplom dasturini jadallashtirish boʻyicha takliflar vazirlikka kelib tushmoqda.

"Biz magistrlik mutaxassisliklari uchun ikki diplom dasturini joriy etishni taklif qilmoqdamiz. Bu nima degani, masalan Oʻzbekiston va xorijiy oliygoh oʻrtasida tegishli kelishuv imzolanadi va ularning magistrlari ikki oʻquv dastur boʻyicha taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladilar. Natijada talabalar ikki diplomga — Oʻzbekiston va xorijiy davlat diplomini oladilar"
— dedi mutaxassis.

Ushbu dasturni amalga oshirish uchun ayrim shartlarga rioya qilish zarur boʻladi. Jumladan, oliygohlarda taʼlim muddati bir xil boʻlishi kerak. Masalan ikki yil. Buning uchun dasturning bir yoki bir necha semestrlarni birlashtirish kerak boʻladi. Shuningdek, ikki diplom dasturida mutaxassisliklar boʻyicha qatʼiy cheklovlar boʻladi. Masalan, bir vaqtning oʻzida fizik va agronom diplomlarini olish mumkin emas. Ushbu dasturga faqat qoʻshni (oʻxshash) boʻlgan mutaxassisliklar kiritiladi.

"Oʻzbekiston ikki diplom olish tajriba loyihasi avval ham amalga oshirilgan. Xususan, bu amaliyot Toshkent qishloq xoʻjaligi irrigatsiya va melioratsiya institutida muvaffaqqiyatli amalga oshirildi. Mazkur institut Gollandiya oliygohi bilan ushbu masalada bitim mavjud. Yaqinda davlat rahbari mazkur yoʻnalishda ishlarni yanada jadallashtirish boʻyicha huquqiy hujjatlar imzoladi. Oldinda juda katta ishlar amalga oshirish zarur. Mazkur masala boʻyicha xorijiy oliygohlarning koʻplab takliflari kelib tushmoqda. Hozirgi vaqtda Rossiya oliygohlari bilan hamkorlik qilish boʻyicha muzokaralar amalga oshirilmoqda",
— deb qoʻshimcha qildi vazirlik xodim.

Manba: Sputnik Uzbekistan