O'zbekiston davlat konservatoriyasi faoliyati yanada takomillashtiriladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 8 avgust kuni “O‘zbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Hujjat matni davlat rahbari saytida joylashtirilgan.

Hujjat bilan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar dasturi; konservatoriyaning tarkibiy tuzilmasi; O‘zbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Belgilanishicha, madaniyat vaziri bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston davlat konservatoriyasining rektori bo‘ladi.

Konservatoriyaga quyidagi manzildagi binolar topshiriladi: Mustaqillik shoh ko‘chasi, 31-uyda joylashgan bino (V.Uspenskiy nomidagi RIMAL), Buxoro ko‘chasi, 10-uyda joylashgan bino (Respublika fond birjasi binosi), shuningdek Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan sanatoriy “Musiqa oromgohi" degan nom bilan.

Konservatoriya binosida “Noyob cholg‘ular davlat kolleksiyasi" tashkil etiladi. Shuningdek, Olmazor ko‘chasi, 1-uy manzilida joylashgan binodagi asbob-uskunalar modernizatsiya qilinadi.

4 oy muddatda konservatoriyaga abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlari tartibiga o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan takliflar kiritiladi. Bundan tashqari, Toshkent shahar hokimligiga yuqori malakali xodimlar, jumladan, iqtidorli yosh mutaxassislar uchun imtiyozli ipoteka kreditlari asosida Toshkent shahrida quriladigan ko‘p qavatli uylardan uy-joylar ajratish topshirildi.