Normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi portalida Oliy va o‘rta marta maxsus vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ta`limni olish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirligining rasmiy telegram kanalida aytilishicha, oliy ma`lumotga ega bo‘lgan bakalavr, magistr va diplomli mutaxassis darajasiga ega bo‘lgan shaxslar bakalavriat ta`lim yo‘nalishlari bo‘yicha shartnoma (to‘lov-kontrakt) asosida ikkinchi va undan keyingi oliy ta`limni olishlari mumkin bo‘ladi.
Yangi qaror loyihasida oliy ta`lim muassasalarini davlat granti bo‘yicha o‘qib tugatganlarga ham ikkinchi va undan keyingi oliy ta`limni olish imkoniyati beriladi. Abituriyent qabul komissiyasiga boshqa hujjatlar bilan birga oliy ma`lumot to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi (yoki diplomdan ko‘chirma — O‘zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalarini davlat granti bo‘yicha o‘qib tugatganlar uchun) taqdim etadi.
Oliy ta`lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ta`lim kunduzgi, shuningdek sirtqi ta`lim shakllarida amalga oshirilishi mumkin.
Bunday huquqqa ega oliy ta`lim muassasalari ro‘yxati tasarrufida oliy ta`lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tavsiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Ta`lim yo‘nalishi bo‘yicha talab qabul kvotasidan ortiqcha bo‘lganda Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirligi ruxsati bilan qo‘shimcha ravishda talabalar qabul qilishga ruxsat beriladi.
Kirish sinovlaridan ta`lim yo‘nalishi bo‘yicha kamida 7 nafar abituriyent muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, oliy ta`lim muassasasi qabul komissiyasi raisi tomonidan ular o‘qishga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilishga tavsiya etiladi. Imtihonlardan 7 nafardan kam abituriyent o‘tgan taqdirda, ularning arizalariga ko‘ra kirish sinovlari bir xil bo‘lgan boshqa ta`lim yo‘nalishiga o‘qishga tavsiya etiladi.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta`lim negizidagi sirtqi ta`lim shaklda o‘qish muddati – kamida 3 yil. Bunda, o‘qish o‘quv rejalaridagi fanlar farqidan qat`i nazar, bakalavriat ta`lim yo‘nalishining 2-kursidan boshlanadi.
Manba: kun.uz