Kvota tizimidan voz kechiladi!
OTMlar iqtisodiy mustaqil bo‘ladi!
Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
– Iqtisodiyot shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda oliy ta’lim tizimi taraqqiyotning lokomotivi bo‘lish o‘rniga, zamon bilan hamqadam bo‘lmayotgani achinarlidir. Mehnat bozoridagi tarkibiy o‘zgarishlarga javob beradigan, yoshlarimizga kasb-hunar o‘rgatadigan, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantiradigan tizim yo‘q desak, bu ham achchiq haqiqat, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois sohadagi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni bajarish yuzasidan quyidagi topshiriqlar berildi:
- talabalar qabulining soddalashgan tizimini joriy etish orqali qabul jarayonini kvota tizimidan davlat buyurtmasi va tabaqalashgan to‘lov-kontrakt tizimiga o‘tkazish;
- OTMlarning xalqaro nufuzini oshirish, pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik faoliyatini munosib rag‘batlantirish maqsadida markazlashgan moliyalashtirishdan o‘z-o‘zini moliyalashtirish va iqtisodiy mustaqil tizimga o‘tish;
- rektorlar va prorektorlarni tayinlashni soddalashtirish, professor-o‘qituvchilar faoliyatini doimiy baholash, manzilli rag‘batlantirish, mas’uliyat va javobgarligini oshirish tizimini yaratish;
- O‘zbekiston rektorlar kengashi faoliyatini ham tubdan takomillashtirish;
- rektorlar malakasini baholash, bunda ularning ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy salohiyatiga alohida e’tibor qaratish;
- xorijda tahsil olayotgan yoshlarning Vatanimizga qaytib kelishiga sharoit yaratish maqsadida xorijiy OTMlar diplomlarini tan olish va nostrifikatsiya qilish tartibini yanada soddalashtirish;
- talabalar bilimini baholash, o‘quv dasturlari hamda mavjud ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish.
Manba: @xushnudbek