OTMga kirishda majburiy fanlar blokiga chet tili ham qo‘shiladi


2022/2023 o‘quv yilidan boshlab ayrim OTMlarning fanlar majmuasida chet tili birinchi fan bo‘lganda ijodiy imtihon topshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 2024 yildan boshlab chet tili majburiy fanlar blokiga kiritiladi. Hozircha majburiy fanlar blokida 3ta fan: ona tili, tarix va matematika bor.

2022/2023 o‘quv yili qabulidan xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan bir qator OTMlarga kirish imtihonlarida chet tili fanidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Bu 19 yanvar kuni qabul qilingan “Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hukumat qarorida belgilangan.

Qarorga ko‘ra, chet tilidan ijodiy imtihon quyidagilarga taalluqli bo‘ladi:

fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan quyidagi OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga:

  • O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
  • Samarqand davlat chet tillar instituti;
  • Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti;

quyidagi OTMlarning xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga:

  • Toshkent davlat pedagogika universiteti;
  • Qo‘qon davlat pedagogika instituti;
  • Nukus davlat pedagogika instituti.

Chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon Davlat test markazi tomonidan tashkil etiladi.

2024/2025 o‘quv yilidan OTMga kirish imtihonlari uchun belgilangan majburiy fanlar majmuasiga chet tili fani bosqichma-bosqich kiritiladi.

2022 yil 1 sentyabrdan maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional, shuningdek, maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari chet tili fani o‘qituvchilarining attestatsiyasi jarayoni o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

2022 yil 1 fevraldan 2024 yil 1 yanvargacha Toshkent va Samarqand shaharlarida faoliyat yuritadigan nodavlat ta’lim tashkilotlari:

  • bino va inshootlar ijara to‘lovi xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish tartibi joriy etiladi;
  • vazirlik va idoralar tizimidagi kollej va texnikumlarda faoliyatini amalga oshirganida ijara to‘lovidan ozod etiladi (saqlash va kommunal to‘lovlar bo‘yicha xarajatlar bundan mustasno).

2022 yil 1 fevraldan C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega rus tili fani o‘qituvchilariga sertifikat olingan kundan boshlab 2 yil davomida ustama to‘lanadi.