OTMga kirish imtihonlarida maktab bahosi inobatga olinishi korrupsiyaga olib kelmaydimi? – vazir izohi


AOKAda ta'lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasini rivojlantirish masalasida qabul qilinishi kutilayotgan prezident farmoni loyihasi yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida maktab bitiruvchilari so‘nggi 6 yillik baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi OTMga kirish imtihonlarida inobatga olinishi haqida ma'lum qilingandi.

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov o‘quvchilarning maktabda olgan baholari OTMga kirish imtihonlarida inobatga olinsa, bu maktablarda korrupsiya holatlarining avj olishiga sabab bo‘lmaydimi, deya berilgan savolga javob qaytardi.

“Ikki yil oldin mana shu lavozimga qo‘yilganimda, oltin medalga 50 foiz imtiyoz, kumush medalga 30 foiz, degan qaror loyihasi tayyorlangan ekan. O‘zim prezident administratsiyasidagi mutaxassislar bilan ishlaganimda mana shu imtiyozni oldirib tashlagan edim. Ya'ni, ortiqcha korrupsiyaga sabab bo‘ladigan narsa.

Shundan keyin tahlil qilganimizda oltin va kumush medalga bo‘lgan talab bilan boshida berilgan talab orasida 4-5 baravar farq bo‘ldi.

Bu narsaga nima uchun e'tibor qilmoqchimiz? Baholarning hammasi elektron tizimda hisobga olinishiga o‘tishimiz kerak, hozirda Kundalik tizimi joriy qilinyapti. Hammasi markazlashgan bazada turadi, u markazlashgan bazaga kelib bahoni to‘g‘rilay olmaydi. Qaysidir maktab darajasida bo‘lganida uni jurnalda ham to‘g‘rilab qo‘yaman, deyishi mumkin edi.

Bu ma'lumotlarning hammasi elektron ravishda markazlashgan bazada turganidan keyin hech kim u ma'lumotni orqaga qaytarib, to‘g‘rilash imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Shuning uchun oldimizdagi eng katta vazifa – maktablarda axborot texnologiyalarini kengroq joriy qilish", deya Sherzod Shermatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir bu borada qanday muammolar borligi haqida ham gapirdi.

“Birinchidan, maktablarga optik tolali internetni tezroq olib borishimiz kerak. Hozir ko‘p maktablarga olib borilgani bilan maktabgacha kelyapti, lekin ichida mahalliy tarmog‘i yo‘q edi. Bu bo‘yicha davlat budjetining oxirgi muhokamalarida prezidentimiz urg‘u berdilar, farmonda ham bu masala qo‘yilgan. Har yili kamida 100 mlrd so‘m aynan maktablarni mahalliy tarmoq bilan ta'minlash uchun ajratiladigan bo‘ldi. Ana undan keyin axborot texnologiyalarini joriy qilib, markazlashgan bazaga berish imkoniyati bo‘ladi. Korrupsiyaga qarshi chora – o‘zimizning markazlashgan baza bo‘ladi", dedi Sherzod Shermatov.