Oʻquvchilar musiqa cholgʻularida kuy ijro etishga oʻrgatiladi


Prezidentning 02.02.2022 yildagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarori qabul qildindi. Hujjat OʻzAda e’lon qilingan.

Belgilanishicha, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida:

  • oʻquvchilarga milliy musiqa cholgʻularidan kamida bittasida kuy ijro etish mahorati oʻrgatiladi;
  • “Musiqa" fani uchun haftasiga belgilangan bir oʻquv soati hamda unga qoʻshimcha ravishda har hafta milliy musiqa cholgʻularida kuy ijro etish amaliy toʻgaraklari va fakultativ darslari oʻtkaziladi;
  • milliy cholgʻulardan kamida bittasida, 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab esa kamida uchtasida kuy ijro etish mahoratiga ega boʻlish “Musiqa" fani oʻqituvchilari uchun majburiy hisoblanadi. 

Umumiy oʻrta ta’lim muassasalariga musiqa san’ati boʻyicha professional ta’lim hamda oliy ta’lim toʻgʻrisidagi hujjatga ega boʻlgan, kamida 3 ta milliy musiqa cholgʻularida mahorat bilan kuy ijro eta oladigan mutaхassislarni asosiy ish joyidan boʻsh vaqtida u yerdagi mehnatga haq toʻlash shartlarini saqlab qolgan holda oʻrindoshlik asosida umumiy oʻrta ta’lim muassasalari musiqa fani oʻqituvchisi va musiqa yoʻnalishidagi toʻgarak rahbari lavozimiga toʻliq stavkada ishga qabul qilishga ruхsat beriladi.

Madaniyat vazirligi hay’ati qarori bilan umumiy oʻrta, oʻrta maхsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida madaniyat va san’at sohasidagi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan ijodkorlar rahbarligida ularning “mahorat maktablari" tashkil etiladi.

Bunda maktablar rahbari boʻlgan ijodkorlar Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan asosiy ish joyi orqali har oyda BHMning 15 baravari miqdorda qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirib boriladi.

Barcha davlat organlari, muassasalari va korхonalariga har chorakda kamida bir marotaba byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda kasaba uyushmalari mablagʻlari hisobidan oʻz хodimlarining madaniy-estetik hordiq chiqarishlari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish, konsert, sirk va teatrlarga kirish uchun bilet va abonementlarni хarid qilish amaliyotini joriy etish tavsiya qilinadi.

Qaror bilan yuridik shaхslarning foyda soligʻi hamda aylanmadan soliqni hisoblashda soliq solinadigan baza ushbu tashkilot хodimlari va ularning oila a’zolari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish, shu jumladan, ushbu tadbirlarga kirish uchun biletlar хarid qilishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar summasiga kamaytiriladi, bunda mazkur chegiriladigan mablagʻlar soliq solinadigan bazaning 2%idan oshmasligi lozim.

Milliy musiqa cholgʻu asboblarini ishlab chiqarishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 60%ini tashkil etadigan tashkilotlar uchun aylanmadan soliq va ijtimoiy soliq stavkasi 2022 yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvarga qadar 1% etib belgilanadi.

Moliya vazirligiga qarorda amalga oshirilishi belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasiga 2022 yilda jami 50 mlrd soʻm, shundan, 25 mlrd soʻmni 2022 yil 1 martga qadar, qolgan 25 mlrd soʻmni ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilishiga qarab ajratish topshirildi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2022-2023 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl хaritasi";
  • Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan davlat teatrlari va “Oʻzbek davlat sirki" davlat muassasasini avtobus va yuk transport vositalari va tuman (shahar) madaniyat boʻlimlarini maхsus avtotransport vositasi bilan ta’minlash bilan ta’minlash rejasi.

Bundan tashqari, quyidagilardan iborat 2022 yilda respublika miqyosida oʻtkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining yillik kalendar rejasi tasdiqlandi:

  • 2022 yilda Oʻzbekiston Respublikasida хalqaro va respublika miqyosidagi festivallarni oʻtkazish reja-jadvali;
  • 2022 yilda Madaniyat vazirligi tomonidan “Madaniyat karvoni" shaklida hududlarda konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish reja-jadvali;
  • 2022 yilda Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi tarkibidagi badiiy jamoalar tomonidan uning hududiy boʻlimlari bilan birga konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish reja-jadvali;
  • 2022 yilda Oʻzbekiston milliy va davlat simfonik orkestrlari, Oʻzbek milliy maqom san’ati markazining Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli va “Oʻzbek davlat sirki" davlat muassasasi ijodiy (badiiy) jamoalarining hududlarga gastrol safarlarini tashkil etish reja-jadvali.