O‘qishni ko‘chirish uchun test topshirganlarning 89,2 foizi talabni bajara olmagan – BMBA


Xorijdan o‘qishni ko‘chirish imtihonlarida 41 mingdan ortiq talaba qatnashgan. Ularning faqat 10,8 foizi talab qilingan ballni yig‘a olgan xolos.

Talabalar o‘qishini xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga ko‘chirish bo‘yicha o‘tkazilgan imtihon natijalari e’lon qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, o‘qishni ko‘chirish imtihonlarida jami 41 122 nafar talabgor ishtirok etgan. Ularning 4 433 nafari – 10,8 foizi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘tish ballarini yig‘gan bo‘lsa, 36 689 nafari – 89,2 foizi talabni bajara olmagan.

Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar OTMlar tomonidan, test sinovlari esa Bilimni baholash agentligi tomonidan o‘tkazilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 41 122 nafar talabgordan 75 nafari test sinovi jarayonida tartib-qoidani buzgani uchun test sinovidan chetlatilgan. OTMlarga kirish test sinovlarida esa 888 660 nafar talabgordan 148 nafari chetlatilgandi. Ko‘chirishdagi imtihonlarda testdan chetlashtirilishlar OTMlar uchun o‘tgan imtihondan 11 barobar ko‘p.

Xuddi shunday, o‘qishni ko‘chirishda hududga kirishda 78 nafar talabgor tartib-qoidani buzgani uchun jarayondan chetlatilgan bo‘lsa, OTMlarga kirish test sinovlarida bu ko‘rsatkich 67 nafar, ya’ni 25 baravar kamroq bo‘lgan.