O‘qishni ko‘chirish (perevod) masalasida batafsil


Talabalardan har kuni o‘qishni ko‘chirishga oid juda ko‘p savollar kelib tushadi, shu sababli mazkur mavzuga oid muhim maʼlumotlarni to‘plashga harakat qildim. 

Bir taʼlim shaklidan boshqasiga o‘qishni ko‘chirsa bo‘ladimi?

Ha, bir taʼlim shaklidan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish mumkin, lekin barcha hollarda ham emas. Quyida birma-bir ko‘rib chiqamiz. 

Kunduzgi taʼlimdan quyidagilarga ko‘chirish ruxsat etiladi:

• kunduzgi;

• sirtqi;

• kechki (smenali).

! Kunduzgi taʼlimdan maxsus sirtqiga ko‘chirib bo‘lmaydi.

Sirtqi taʼlimdan ruxsat etiladi:

• kunduzgi; 

• sirtqi (faqat bir taʼlim sohasi doirasida);

• kechki (smenali).

! Sirtqi taʼlimdan maxsus sirtqi taʼlimga ko‘chirib bo‘lmaydi.


Kechki taʼlimdan ruxsat etiladi:

• kechki taʼlim (faqat bir taʼlim sohasi doirasida);

• kunduzgi.

! Kechki taʼlimdan sirtqi hamda maxsus sirtqi taʼlimga ko‘chirib bo‘lmaydi.

  • Maxsus sirtqi taʼlimdan faqat bir taʼlim sohasi doirasida maxsus sirtqiga ko‘chirishga ruxsat beriladi. Bundan boshqa taʼlim shakliga ko‘chirib bo‘lmaydi, o‘z navbatida boshqa taʼlim shakllaridan maxsus sirtqiga ko‘chirish talabi ham rad etish uchun asos bo‘ladi.
  • Shuningdek, maqsadli qabul qilinganlar boshqa taʼlim yo‘nalishi yoki taʼlim shakliga, boshqa OTMga ko‘chira olmaydi.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha muddatlar

O‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash quyidagi 9 ta bosqichda amalga oshiriladi. Bular quyidagilar:

Kuzgi semestr bo‘yicha

1-bosqich: 15 iyungacha

Hududlarda Ishchi guruh tashkil etiladi.

2: 15 iyuldan 5 avgustgacha

Talabalardan arizalar qabul qilish. Joriy yilda arizalar edu.uz sayti orqali onlayn qabul qilinadi.

3: 5 avgustdan 30 avgustgacha

Arizalar yuzasidan qaror qabul qilinadi va fuqaroga javob xati yo‘llanadi.

4: 2 sentyabrdan 10 sentyabrgacha

Ko‘chirish (qayta tiklash) masalasi ijobiy hal etilgan taqdirda, OTM rektorining buyrug‘i bilan talaba darslarga qo‘yiladi hamda ushbu talaba ilgari taʼlim olgan OTMga uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuboriladi.

5: 1 oktyabrgacha

Kontraktdagilar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirganidan keyin talabalar safiga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruq chiqariladi.

Bahorgi semestr bo‘yicha

6: 15 yanvardan 25 yanvargacha

Talabalardan arizalar qabul qilish

7: 25 yanvardan 15 fevralgacha

Arizalar yuzasidan qaror qabul qilinadi va fuqaroga javob xati yo‘llanadi.

8: 15 fevraldan 25 fevralgacha

Uzrli sabablar bilan bahorgi semestrda ko‘chirish masalasi ijobiy hal etilgan taqdirda, OTM rektorining buyrug‘i bilan talaba darslarga qo‘yiladi hamda ushbu talaba ilgari taʼlim olgan OTMga uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuboriladi.

9: 1 martgacha

Kontraktdagilar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirganidan keyin talabalar safiga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruq chiqariladi.

Manba: Xushnudbek Xudoyberdiyev telegram kanali