Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligining qarori (16.04.2018 yilda 2998-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan Ichki ishlar organlarida majburiy xizmatni o‘tash haqidagi shartnomalarni tuzish hamda shartnoma shartlari bajarilmaganda xarajatlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma yozmoqda.
Hujjatda o‘qishni tamomlagandan keyin 5 kalendar yili mobaynida ichki ishlar organlarida (IIO) yoki taqsimot bo‘yicha yuborilganda boshqa davlat idoralarida majburiy uzluksiz xizmat o‘tash haqida shartnoma tuzish tartibi belgilangan.
Quyidagilar bilan shartnoma tuziladi:
• kursantlar – IIV oliy harbiy ta`lim muassasalarining kunduzgi ta`lim shakliga o‘qishga kirgan fuqarolar;
• tinglovchilar – IIV tomonidan xorijiy davlatlar oliy ta`lim muassasalariga o‘qishga yuborilgan fuqarolar.
Shartnoma shartlari hamda uning bajarilmasligi sababli moddiy javobgarlik haqida nomzod (shuningdek uning ota-onasi) o‘qishga kirguniga qadar dastlabki tanlov davrida yozma ravishda ogohlantiriladi.
Kursant bilan shartnomani IIV nomidan oliy harbiy ta`lim muassasasi rahbari, tinglovchi bilan esa – ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i imzolaydi. Kursantlar yoki tinglovchilar safidan chiqarilib o‘qishga qayta tiklangan kursant va tinglovchi bilan qayta shartnoma tuzilishi shart.
U 2 nusxada davlat yoki rus tilida tuziladi, ulardan biri kursant yoki tinglovchiga beriladi, ikkinchisi – uning shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga biriktiriladi. Kursant yoki tinglovchi shartnoma tuzishni rad qilganda, sabablarni ko‘rsatgan holda tegishli dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
IIO xodimi muddatdan oldin xizmatdan bo‘shatilganda uning ta`lim olishi uchun davlat byudjyetidan sarflangan mablag‘lar 30 kun ichida qaytarilishi kerakligi haqida ogohlantiriladi. Xodim uchun xarajatlar yuridik shaxslar tomonidan to‘lab berilishi mumkin (davlat byudjyetidan to‘lab berishga yo‘l qo‘yilmaydi). Xarajatlar qoplanganligini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi uning so‘nggi ish joyiga taqdim qilinishi lozim.
Ko‘rsatilgan xarajatlarni qoplash majburiyati bajarilmagan taqdirda ular sud tartibida undiriladi. Xarajatlarni to‘lagan xodim xizmatga tiklangan taqdirda undan undirilgan pul mablag‘lari to‘liq qaytariladi. Majburiy 5 yillik xizmatni qisman o‘taganda xarajatlar o‘talmay qolgan xizmat davrining nisbatidan kelib chiqib qoplanadi.
Bitta kursant yoki tinglovchining o‘qishi uchun sarflangan xarajatlarni hisoblash tartibi belgilandi, unga quyidagilar kiritiladi:
• professor-o‘qituvchilar tarkibining ish haqi;
• kursantga to‘lanadigan stipendiya;
• dori vositalari ta`minoti;
• kiyim-kechak ta`minoti;
• oziq-ovqat ta`minoti;
• ish o‘rganish amaliyotiga (stajirovkaga) xizmat safari xarajatlari;
• yo‘l xarajatlari (tinglovchilar uchun).
Ma`lumot uchun. Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 68-bandiga muvofiq:
1) shartnoma tuzishni rad etgan fuqarolar mazkur ta`lim muassasalariga qabul qilinmaydi;
2) quyidagi hollarda xodimning ta`lim olishiga sarflangan mablag‘lar undirilmaydi:
• IIOdan harbiy-tibbiy komissiya xulosasi asosida yoki tashkiliy-shtat o‘zgarishlari sababli bo‘shatilganda;
• kursant (xodim)ning ota-onasi, aka-ukalari yoki opa-singillaridan biri nazorat yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi yoxud Qurolli Kuchlarning harbiy xizmatchisi bo‘lib, xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan taqdirda;
• kursant (xodim) vafot etganida.
Hujjat 16.04.2018 yildan kuchga kirdi.