Online ro‘yxatdan o‘tish paytida 56 nafar abituriyent qalbaki chet tili sertifikatlarini topshirgani maʼlum bo‘ldi


Xabaringgiz bor, chet tilidan B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlarga oliy taʼlim muassasalariga kirishda chet tili fanidan imtihonlarsiz maksimal ball beriladi.

Joriy yilgi abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish jarayonida Ular tomonidan 29 mingdan ziyod chet tili sertifikati tizimga yuklandi.

Sertifikatlar DTM mutaxassislari tomonidan tekshirilganda 955 ta sertifikat talabga javob bermasligi aniqlandi (ularning aksariyati chet tili sertifikati emas).

Shuningdek, 56 ta sertifikat qalbaki ekanligi aniqlanib, bu bo‘yicha tegishli maʼlumotlar tayyorlangan holda huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.

Qalbakilashtirilgan sertifikatlarning 44 tasi IELTS, 9 tasi milliy, 2 tasi HSK, 1 tasi TOEFL iBT sertifikatidir.

Qayd etish kerakki, joriy yilda chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlar soni 28 116 tani tashkil etdi.

Bu 2021 yilga nisbatan 17 468 taga yoki 2,6 barobarga ko‘p (2021 yilda 10 648 ta) ekanligini ko‘rsatadi.