Oltin va kumush medal olgan o‘quvchilarga test sinovlarida imtiyoz berilmaydi


Xalq ta’limi vazirligi ba’zi Telegram kanallarida e’lon qilingan xabarlarga munosabat bildirdi.

Vazirlik aytishicha, oltin va kumush medal berish tartibiga oid Nizomni ba’zi Telegram kanallar noto‘g‘ri talqin etmoqda, ya’ni oltin medal olgan maktab bitiruvchisiga kirish imtihonlarida to‘plagan umumiy baliga 50 foiz, kumush medal olgan maktab bitiruvchisiga esa 30 foiz ball qo‘shib berilishiga oid noto‘g‘ri ma’lumotlar chop etilgan.

Aslida Nizomda oltin va kumush medallar bilan taqdirlangan o‘quvchilarga imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilmagan.

«Shu o‘rinda ta’kidlashimiz joizki, oltin va kumush medallar a’lo baholarda o‘qigan o‘quvchilarga berilishini inobatga olsak, kirish imtihonlarida imtiyozli ballar berilmasada, o‘z bilimlarini ko‘rsata olishlari lozim. Qolaversa, Xalq ta’limi vazirligi oliy o‘quv yurtiga kirish uchun talabgor yoshlarga teng imkoniyatlar taqdim etish tarafdori», - deyiladi xabarda.

Vazirlik oltin va kumush medallardan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarni ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish, korrupsion holatlarni oldini olish va iqtidorli o‘quvchilar bilimini rag‘batlantirishdan iboratligini ta’kidlagan.

P.S.: Ha, men ham imtiyozlarga qarshiman, barcha teng bo‘lgani ma’qul.

Aytgancha, oliy ta’lim tizimida ham xalq orasida «qizil diplom» nomi bilan ataladigan, ustki g‘ilofi qizil rangda, ichiga esa «imtiyozli diplom» deb yozilgan diplom beriladi. Lekin bu diplomlar ham hech qanday imtiyoz bermaydi. Agar maqsad shunchaki talabalarni rag‘batlantirish, ularga motivatsiya berish bo‘lsa, unda oliy ta’lim tizimida ham maktablardagi kabi oltin va kumush medallar joriy qilish kerakdir balki. Lekin aslida hech qanday imtiyoz bermaydigan «imtiyozli diplom»larni topshirish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, kulgili hatto.

Bu haqida bir paytlar maqola ham yozgan edim. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi shu haqida o‘ylab ko‘rsa, yomon bo‘lmasdi.

Xushnudbek Xudoyberdiyevning Telegram kanalidan olindi