Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq kon-metallurgiya fakulteti o‘rnida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti filiali ochiladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 27 iyuldagi poytaxt viloyati ishlab chiqarish-sanoat sohalari uchun muhandis-texnik kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorida shu haqda ma`lum qilingan.
Qarorga ko‘ra, Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq kon-metallurgiya fakulteti bakavriatining 1−3-bosqich talabalari Navoiy davlat konchilik instituti yoki TDTUning Olmaliq filialiga o‘tkaziladi.
2017/2018 o‘quv yilida Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq filialiga kirgan talabalar filialning sirtqi bo‘limiga o‘tkaziladi. Filial maxsus sirtqi va kechki bo‘limlarga ega bo‘lib, o‘rta maxsus kasb-hunar ma`lumoti hamda «Olmaliq KMK», «O‘zmetkombinat», «O‘zbekko‘mir», Geologiya va mineral resurslar bo‘yicha davlat qo‘mitasi korxonalari yo‘nalishlarida eng kamida 3 yillik ish tajribasiga ega shaxslar suhbat o‘tkazish yo‘li bilan maqsadli qabulga jalb etiladi.
Sirtqi va kechki ta`lim to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi. Jami bo‘lib 150 kishi — har bir bo‘limga 75 nafardan kishini qabul qilish rejalashtirilgan. Bunda o‘qishni tugatgandan kamida 5 yil davomida ko‘rsatilgan ish joyida majburiy ishlash ko‘zda tutilgan shartnoma imzolanadi.
Qarorda Olmaliqda Rossiyaning Davlat federal avtonom oliy ta`lim muassasasi «MISiS» Milliy tadqiqot texnologiya universiteti» filialini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy komissiya tarkibi ham tasdiqlandi. Uch oy muddat ichida takliflar hukumatga kiritilishi belgilangan.