Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi so'nggi yilda OTM lardagi tekshiruv qanday natija berganini ma'lum qildi


OTMdagi Korrupsiyaga qarshi komplayens nazorat tizimini boshqarish boʻlimlari tomonidan korrupsion holatlarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan bir qator tadbirlar amalga oshirilgan. Bu haqda AOKAda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilingan.

Unda keltirilishicha, 2020-2021-yillarda OTMda “Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish" mavzusida 300 dan ortiq profilaktik tadbirlar, 1400 dan ortiq davra-suhbati, seminar va maʼrifiy tadbirlar, 420 ta tanlov tashkil etilib, ularda 21 245 nafar professor-oʻqituvchi, 170 650 nafar talaba-yoshlar qamrab olingan.

Shuningdek o‘tkazilgan tekshiruv tadbirlari natijasida:

  • 1ta holatda talabalar tomonidan tayyorlangan 8ta kurs ishlari va 10ta bitiruv malakaviy ishlarda plagiat (koʻchirmachilik)ga yoʻl qoʻyilgan;
  • 2ta holatda oraliq nazorat imtihonlariga oʻringa-oʻrin kirish holati aniqlangan;
  • 1ta holatda oʻtkazilayotgan tanlov jarayonlarining gʻoliblariga beriladigan pul mukofoti berilmagan;
  • 1ta holatda oʻqituvchi tomonidan talabalarga kitob sotish holati aniqlangan;
  • 3ta holatda xarid qilinayotgan asbob-uskunalar va kompyuter vositalari (132 mln. soʻmlik) boʻyicha shartnomalar bekor qilingan;
  • 1ta holatda OTM bosh hisobchisi oʻrinbosari tomonidan manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan (119 mln. soʻm);
  • 1ta holatda talabaning toʻlov-kontraktining ortiqcha qismini qaytarib olishda taʼmagirlik holati aniqlangan;
  • 3ta holatda talaba tomonidan oʻzlashtirilmagan fanlardan baho qoʻydirish evaziga pora talab qilingan;
  • 1ta holatda xodimning xizmat safari bilan bogʻliq xarajatlar (26 mln. soʻm) asossiz ravishda toʻlab berilgan;
  • 1ta holatda oʻqishini xorijdan koʻchirib kelayotgan (19 nafar) talabalarni OTMga qabul qilishda taʼmagirlik holati aniqlangan (181 mln. soʻm);
  • 2ta holatda baholash qaydnomalari (vedomost)dagi (17nafar) talabalarning imtihon baholarini soxtalashtirish holatlari aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, keyingi o‘quv yilidan OTMlarda shartnomalar elektron shaklda tuzilishi haqida xabarbergan edik.