Facebook'dagi "Ta'limnoma" sahifasida hozirda juda dolzarb bo‘lgan mavzu - oliy ta'limdagi korrupsiya holati bo‘yicha obunachi Azizbek Vafoevning fikri e'lon qilindi.
Matnni o‘zgartirmagan holda, e'tiboringizga taqdim etamiz:
"«TA’LIMNOMA» 88 NOMA
41-NOMA. OLIY TA’LIMDA KORRUPSIYA YO‘Q!
"......haqiqatni o‘qiydigan hech kim yo‘q, sen ham o‘qimay qochib qolmoqchi bo‘lyapsan."
Ko‘pchilik o‘qituvchilarning fan bo‘yicha qishki va yozgi sessiya vaqtida infilyatsiyani hisobga olgan holda baho “stavka"lari chiqadi. Ko‘plab fan o‘qituvchilari hech narsadan cho‘chimay, shu stavkalar bo‘yicha ochiqdan-ochiq talabalardan pul olishadi. Ba'zilarining talabani qoldirgan darslari va topshirmagan mustaqil ishlari, jurnalda ogohlantiruvchi belgilarni hisobga olib summani chiqarib beradigan maxsus formulalari bor. Bu oddiy muammoli haqiqatni hammamiz bilamiz, o‘n yillardan beri shu muammoni gapirib kelyapmiz, qarshi ishlar olib bordik, lekin nega bu holat yo‘qolgani yo‘q, chunki biz faqat illatni niqoblash yoki uning oqibati bilan kurashayapmiz.
Ko‘pchilikni oldida “Oliy ta’limda korrupsiya yo‘q" degan so‘zni aytib ko‘ringchi, siz bilan birdaniga baxsga kirishib ketadi, yoki shunchaki jilmayib qo‘yishadi, "bir telba ishonib bo‘lmaydigan gapni gapirdida" - deb. Biz tushunishni xohlamaymiz, faqat tushunib tushunmay muhokama qilamiz.
Sizlarni bilmadim-u men uchun oliy ta’lim dargohida korrupsiya yo‘q!
Agar oliy ta’lim dargohida korrupsiya bilan bir necha o‘n kishi shug‘ullanganda ham mayli edi, korrupsiya bor deb tan olardim, lekin doimiy ravishda oddiy farroshdan tortib rahbariyatgacha, barcha shug‘ullansa buni biz qanday qilib korrupsiya deb atashimiz mumkin, tushuning bu korrupsiyaga asoslangan shunday yashash tarzi, oliy ta’lim korrupsiyasiz yasholmaydi, korrupsiya uning ajralmas bir bo‘lagi bo‘lib ketgan. Oliy ta’lim shu korrupsiya degan so‘zdan nafas olayotgan bo‘lsa suv ichayotgan bo‘lsa, biz unga toza havo, suv topib bermasdan turib suvsiz havosiz qoldirsak, u korrupsiyadan ham battar muammolar girdobida qoladi.
TALABA VA REKTOR SUHBATI
Oliy o‘quv yurtlarida o‘qish davomida talabalar va ustozlar o‘rtasidagi “oldi-berdi" , adolatsizlikdan bezib ketgan talaba rektorni xonasiga kirib borib, rektorni ayblashni boshlabdi.
- Talaba: siz qanaqa rektorsiz o‘qituvchilaringizning barchasi poraxo‘r, dekanlaringiz yordamchilaringiz barchasi poraxo‘r. O‘liy ta’limni turgan bitgani korrupsiya, oliy o‘quv yurtlariga kirish jarayonidan tortib o‘qish davomida, baho olishgacha, bitiruv malakaviy ishdan tortib bitirib qo‘linga diplom olishingacha korrupsiya.
- Rektor: Tinchlan do‘stim, tinchlan, sen faqat muammoning oqibatini ko‘ryapsan, uni kelib chiqish sababini anglamayapsan. Sening ko‘zlaringdagi otashni ko‘rib, seni do‘stim deyapman, sen aytgandan ham battarmiz aslida.
Bilasanmi!
Biz turli xil yo‘q shakldagi ruxsatnomalarni yaratib talabaga imtihonga yakuniyga kirishiga ruxsatni sotib pul qilayapmiz!
Pul ishlaymiz deb qancha talabalarga darslarga qatnashmay o‘qib yurishlariga ruxsat berib qo‘yganmiz!
Yana bilasanmi biz fan olimpiadalaridan tortib ulug‘ bobolarimizning nomi berilgan Beruniy, Navoiy, I.Karimov davlat stipendiyalarini sotib pul qilyapmiz!
Do‘stim senga bir gap aytsam, biz rahbariyat qaysi dekan qancha olayotganini, qaysi o‘qituvchi sessiyada qancha ishlaganini yaxshi bilamiz, faqat haddidan oshib ketsagina aralashamiz!
Bilasanmmi NEGA SHUNDAY qilamiz:
Oliy ta’lim korrupsiyasiz yashay olmaydi, korrupsiya uning ajralmas bir bo‘lagi bo‘lib ketgan. Oliy ta’lim shu korrupsiya degan so‘zdan nafas olayotgan bo‘lsa suv ichayotgan bo‘lsa biz qanday qilib korrupsiyaga qarshi boramiz.
Kel do‘stim men senga haqiqatlarni aytay:
1. Universitetimiz hududida, Sen chiroyli diydigan, o‘qishga kirolmagan do‘stlaringa maqtanadigan burgut, kiyiklar-u, vahimali sher haykallaridan tortib otgacha bor, bular qaydan paydo bo‘lgan! Bular yerdan chiqqan emas, ko‘kdan tushgan emas, bular barchasi korrupsiya mevalari do‘stim.
2. Sening har kuni kayfiyatingni ko‘taradigan go‘zal tabiat, har yili 3-4 martalab ekiladigan gul-u rayhonlar, gektarlab joyga ekilgan oddiy gazonlarni kimdir kelib tekinga sepib ketgan emas, ularni sug‘orish uchun har bir nuqtasi 10$ dan qildirilgan 1000 ga yaqin sug‘orish nuqtalari, bular hammasi korrupsiya mevalari do‘stim.
3. Sen axlat tashlaydigan chelakdan tortib o‘tiradigan ko‘cha o‘rindiqlarigacha, kashtan-u noyob archalargacha, binolar ichidagi katta-katta tuvakdagi qimmat antiqa gullargacha bular hammasi korrupsiya mevasi do‘stim.
4. Senga axborot ma'lumot berib turuvchi kafedralardagi yuzlab bannerlar qaydan paydo bo‘lgan deysan, universitet hududidagi stend-u, bannerlardan tortib to fakultet, kafedra nomlari oltin ranglarda yozilgan peshtaxtalar, hatto darvozani oldida katta qilib ilib qo‘yilgan 5 tashabbus stendi bular hammasi korrupsiya mevasi do‘stim.
5. Eng qizig‘i korrupsiyaning salbiy oqibatlarini bayon etuvchi “Biz korrupsiyaga qarshimiz" deb yozilgan stendlarni qaysi pullarga qildirishgan deb o‘ylaysan.
Tasavur qil korrupsiya bo‘lmaganida bu yerlar o‘t bosib, soya salqin joy topolmay quyoshda o‘tirgan bo‘lar eding, yana sen korrupsiya yomon deysan!
6. Kafedralar uchun ajratilgan yerlarni ko‘r, yam-yashil gazon, ikki cheti zichlab gul-u rayhonlar ekilib, o‘rtasiga katta siniq ko‘zalar qo‘yilgan.
Bu kafedralar bu yerlarga sug‘orish tizimini yaratib, gazon-u gullarni ekib, million-million sarflab, gazondan hosil olib, sotib daromad ko‘rmaydi-ku, shuncha pulni qayerdan olib sarflayapti, - deb o‘ylaysan. Yana uyalmay kafedralar nomi yozilgan tablocha qoqib qo‘yamiz, o‘t o‘langa masul professor nomi bilan.
7. Millionlarga komputer, kimyo fizika xonalarini yaratamiz lekin biror narsa buzilib, sinib yo‘qolmasligi uchun xonalarni qulflab qo‘yamiz, faqat mehmon tekshiruvchilar kelganda bizda bor deb maqtanish uchun ochamiz, chunki buzilsa sinsa pul ajratmay, xonaga ma'sul cho‘ntagidan to‘lattiramiz.
8. O‘qituvchilarga darsga har bir guruhga tarqatma material chiqarib, qo‘lida 500 varoqli chiqarilgan O‘MK bilan kirishni buyuramiz, lekin ular chiqarish uchun minglab qog‘oz-u printer siyohini qayerdan olishadi, ahir biz ularga qog‘oz bermayapmiz-ku?
- Talaba: kimdan olishadi, bizdan oladida albatta. Bo‘ldi tushunarli men ketdim.
- Rektor: To‘xta qayoqqa ketayapsan, senga yana aytadigan gapim bor.
9. Sen mazza qilib hordiq chiqargan, talabalar qasamyodi, Navro‘z, Yangi yil kabi bir yilda necha-necha bayramlarda kelgan mashhur san'atkorlar qaysi pullarga kelgan.
10. Dekanlar Navro‘zda qozon-qozon sumalak tarqatib, sayillar tashkil etib minglab kishiga qaysi pullarga dasturxon bezatishadi? Ular bunday katta xarajatni qilish uchun mablag‘ni qayerdan olishadi?
11. So‘ngi yillarda ko‘payib ketgan “ochkoli" innovatsion yarmarkalar, tadbirlar o‘z-o‘zidan tashkil bo‘lib qolyaptimi. kelgan mehmonlarni qornini to‘qlab yuborayotgan sahovatpeshalarni ko‘pligi shubhali emasmi.
12. Qancha horij davlatlari, Rossiyadan tortib AQSHning OTM filiallari ochilib qo‘shma ta’limlar tashkil etilmoqda, endi bir sanab ko‘r har bir kelgan mehmonga zar to‘nlar kiydirib, Buxoro-yu Samarqandni aylantirib, sovg‘a salom bilan yurtiga jo‘natishning o‘zi bo‘ladimi, bir so‘rab ko‘rchi sovg‘a salom, zar tunlar barcha bu xarajatlar uchun budjet qancha pullar ajratibdi?
Men faqat senga katta-kattalarini aytdim yana qancha hisobsiz shunday kichik ishlar bajariladi.
Bu harajatlarni hisoblasak milliardlarga yetadi, qara qancha korrupsiya budjetga yengillik yaratmoqda, to‘g‘ri universitetga budjet kontrakt pullarining yordami ulkan, lekin rejada yo‘q, shoshilinch, yordam kerak payti faqat korrupsiya yordamga keladi. O’zing yaxshi bilasan bizda har doim biror bir kattakon kelishidan oldin qisqa vaqt ichida ur tupolon ish rejimida ishlanadi.
- Talaba: Janob rektor bular ikkinchi darajali muhim bo‘lmagan narsalarku, Beruniy, Ibn-Sino, Al-Xorazmiy bobolarimiz oddiy xujralarda o‘qishgan, asosiy e'tiborni ilm fanga qaratib, biz nega ikkilanchi narsalarga e'tiborni qaratayapmiz.
Do‘stim sen tushunmaysanda, shunday qilmasang universitet ko‘rinishi harob holatga kelib qoladi, keyin nima bo‘ladi? Sayyor kamera videoga olib ketadi, keyin o‘rnimga boshqasi keladi! "U biror narsani o‘zgartira oladi", - deb o‘ylaysanmi.
Vazir aylanarkan, maxsus kommissiya aylanarkan, sayyor kamera aylanarkan, bu aylan-aylanlar tufayli vaqtincha niqoblash uchun remontlar, dekaratsiya uchun qanchadan-qancha pullarni havoga sovirishimiz lozim, fidoyimiz deb tinimsiz, dam olishsiz samarasiz ishlarni bajarib o‘zimizni ishchan qilib ko‘rsatishimiz lozim.
Bu aylan-aylanchi vazirliklar, tepadan kelgan komissiyalar ilm-faningni so‘ramaydi, aqliyam yetmaydi, ular faqat nega pardang kir, darvozangni oldidagi gullar qurib yotibdi, davomat kabi «muhim» masalalarni o‘rganadi. Talabalaring oq kuylak galstukda soqoli olingan, hududing chiroyli gazon-u, gullar ekilgan bo‘lsa bo‘ldi, hech kim sendan mazmunni so‘ramaydi, shakl bo‘lsa boldi, hamma "Ooo!" desa bo‘ldi.
Aynan shularga qarab universitetga baho beradi, aynan shularga qarab rektor tayinlanadi, dekanlarga lavozim beriladi, eng asosiysi barcha to‘g‘ri va noto‘g‘ri berilgan topshiriqlarini "ho‘p boladi!" deb bajarib tursang uzoq ishlaysan, aslo qarshilik ko‘rsatma.
Ilm-fan, mutaxassis kadrlar bular hammasi ezgu orzu havaslar, bu yerlarning egalari ko‘p do‘stim, bu yerlarda oliy ta’lim vazirligida o‘tirgan bir bo‘lim xodimchasidan tortib “Kabmin"dagi kazo-kazolarning o‘g‘li-yu, jiyanlari o‘qishadi, ularning iltimos ko‘rinishidagi buyruqlarining soni sanoqsiz, ey aytay desam gap ko‘p, afsus eshitadigan sendan boshqa hech kim yo‘q, sen ham eshitmay qochib qolmoqchi bo‘lyapsan. Ha mayli........
XULOSA
Biz bajarayotgan topshiriqlarning, amalga oshirayotgan ishlarimizning qonuniy moliyaviy asosi yo‘lga qo‘yilmagunicha, biz nafratlanadigan korrupsiya yordamiga hali ko‘p tayaniladi. Bu muammo nafaqat ta'limda jamiyatimizning ko‘plab sohalarida avj olgan, korrupsiyaga olib keluvchi sabablardan biri.
Illat bilan qat’iy kurash olib borishimiz uchun uni qo‘rqmay tan olishimiz kerak, hozir biz tan olishga ham jur'atimiz yetmayapti, biz faqat illatni niqoblash yoki uning oqibati bilan kurashish bilan bandmiz.
Xullas, deyildimi demak maqola yakunlanib qoldi. O‘z sohamizdagi o‘zgarishlarga befarq bo‘lmaylik, fikrimizni bildiraylik. Qo‘limizdan kelguncha islohotlarni o‘tkazishda yordamchi bo‘laylik.
10.08.2019y."