Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi 73 ta muassasada o‘tkazilgan profilaktik tadbirda qariyb 11,5 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchilik aniqlandi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda vazirlik Ichki audit xizmati boshlig‘i Salohiddin Toshmatov ma’lum qildi.
Salohiddin Toshmatovning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yilning 1-choragida vazirlik tizimidagi 73 ta muassasada profilaktika tadbirlar o‘tkazilgan. Jumladan, “Davlat auditi" dasturiga kiritilgan rejaga muvofiq vazirlik huzuridagi 3 ta tashkilot, 27 ta kasbiy ta’lim muassasada ichki audit xizmatlari tomonidan hamda 43 ta oliy ta’lim muassasalarida bosh auditorlar tomonidan profilaktika tadbirlari o‘tkazilgan.
Natijada jami 11,4 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganlik holatlari aniqlanib, shundan 10,1 milliard so‘mlik maqsadsiz va ortiqcha xarajatlarning oldi olingan, 1,6 milliard so‘mlik qismi profilaktik tadbirlar jarayonida undirilib tiklangan.
Muassasalarda o‘tkazilgan inventarizatsiya jarayonida balansda aks ettirilmagan 8,7 milliard so‘mlik moddiy boyliklarni tashkilot balansiga kirimga olinishi ta’minlangan. 912,2 million so‘mlik ortiqcha to‘langan ish haqi va boshqa turdagi hisob-kitoblar keyingi oylarda hisob-kitob qilish uchun undiruvga qaratilgan.
Bundan tashqari, profilaktika tadbirlarini o‘tkazish jarayonida:
- 3 ta tashkilotda aniqlangan 259 million so‘mlik xato va kamchiliklarda jinoyat alomatlari mavjudligi sababli, rasmiylashtirilgan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza etuvchi organlarga yuborilgan;
- moliyaviy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan tashkilotlardagi rahbar va mas’ul xodimlarning 4 nafari lavozimidan ozod etilgan;
- 31 nafariga nisbatan intizomiy va 1 nafariga nisbatan esa jarima jazo turlari qo‘llanilgan.
Avvalroq Buxoro muhandislik-texnologiya institutida 4 mlrd so‘mga yaqin moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.