Oliy ta'lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish bo‘yicha topshiriq ijrosi hamon ta'minlanmagan


Oliy ta'lim muassasalariga moliyaviy masalalarda mustaqillik berish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq ijrosi hamon ta'minlanmagan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar bermoqda.

2019 yil 29 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha Komissiya majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat dasturida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta'minlash bo‘yicha 2019 yilning 9 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlar, istiqboldagi vazifalar va 2020 yildagi Davlat dasturiga kiritish uchun takliflar muhokama etildi.

Bildirilishicha, Davlat dasturining 221-bandida 1 iyulga qadar 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab davlat buyurtmasi va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt tizimini bosqichma-bosqich joriy etish orqali oliy ta'lim muassasalarini o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish, ularga moliyaviy masalalarda mustaqillik berish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Prezidentning 2019 yil 11 iyuldagi tegishli qarori bilan ta'lim maskanlarini yangi tizimga o‘tkazish tartibini tayyorlash muddati 2019 yil 1 oktyabrga qadar uzaytirilgan. Biroq, shunga qaramasdan, topshiriq ijrosi hamon ta'minlanmagan.

Davlat dasturining 231-bandida “Yoshlar — kelajagimiz" Davlat dasturi doirasida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta'minlashga 2 trln. so‘m sarflanishi va 50 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi qayd qilingan. 2019 yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida 1 848 ta biznes-loyihaga jami 412 mlrd. so‘m ajratish orqali bor-yo‘g‘i 7 778 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ijrosi uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mas'ul bo‘lgan ushbu muhim vazifa bajarilmay qolayotgani jiddiy izoh talab qilishi majlisda alohida ta'kidlandi. Qayd etilganidek, komissiyaning o‘tgan majlisida ushbu masala muhokama etilib, qabul qilingan qarorda mutasaddilarga alohida topshiriqlar berilgan, lekin hanuz amaliy natija ko‘rinmayapti.

Bu va boshqa kamchiliklar atroflicha tahlil qilinib, Davlat dasturida belgilangan va ijrosi qoniqarsiz bo‘lgan vazifalar uchun mas'ul idoralar mutasaddilarining javoblari eshitildi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan boshqa masalalar yuzasidan ham Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha Komissiyaning qarori qabul qilindi.