Oliy taʼlim muassasalariga ko‘zi ojiz abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish qanday tartibda amalga oshiriladi


Oliy taʼlim muassasalariga ko‘zi ojiz abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish "Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida"gi nizomga asosan amalga oshiriladi

Ko‘zi ojizlar toifasiga quyidagi abituriyentlar kiradi: 

  • maxsus maktab-internatlar tomonidan ko‘zi ojizlar uchun berilgan o‘rta taʼlim (11-sinf negizida) yetuklik attestatiga ega shaxslar; 
  • imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari tomonidan ko‘zi ojizlar uchun berilgan diplomga ega shaxslar; 
  • 9 yillik ko‘zi ojizlar maxsus maktab internatida o‘qigan va 3 yillik o‘rta maxsus, kasb hunar taʼlim muassasasi diplomiga ega bo‘lgan shaxslar; 
  • umumiy o‘rta taʼlim (11-sinf negizida) hujjati yoki akademik litsey (kasb-hunar kolleji) diplomiga ega bo‘lgan ko‘zi bo‘yicha 1-guruh nogironligi to‘g‘risida belgilangan tartibda berilgan shakldagi maʼlumotnomasiga ega bo‘lgan shaxslar. 

Ko‘zi ojiz abituriyentlar oliy taʼlim muassasalariga kirish chog‘larida kirish imtihonlarini taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan test sinovlari uchun belgilangan fanlar majmuasiga mos keluvchi ko‘p balli yoki ularga keltirilgan besh balli baholash tizimi bo‘yicha, anʼanaviy uslubda topshiradilar.

Fanlar bo‘yicha kirish imtihonlarini o‘tkazish shakli (yozma yoki og‘zaki) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Ko‘zi ojiz abituriyentlar bilan tushuntirish ishlarini olib borish uchun oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan maxsus masʼul xodim ajratiladi. 
Oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi kirish imtihonlarini o‘tkazish uchun fanlar bo‘yicha komissiyalarni tashkil etadi. 
Fan bo‘yicha kirish imtihonlarining dasturlari umumiy o‘rta taʼlim, o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi umumtaʼlim fanlari dasturlariga to‘la muvofiq holda tuziladi va Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda tayanch oliy taʼlim muassasalari tomonidan tasdiqlanadi. 

Kirish imtihonlarini o‘tkazuvchi komissiya tarkibiga ko‘zi ojizlar yoki nogironlar jamiyatining vakili kiradi.

Oliy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun kirish imtihonlari fanlari bo‘yicha maxsus tuzilgan jadvalga binoan maslahatlar tashkil etadilar. 

Ko‘rsatilgan abituriyentlar toifasi uchun kirish imtihonlari oliy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 26 iyulga qadar o‘tkaziladi. 

Mazkur toifaga kiradigan abituriyentlar va kirish imtihonlari natijalari haqidagi maʼlumotlar 27 iyulga qadar Davlat komissiyasiga va Davlat test markaziga topshiriladi.

Kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan (ko‘p balli tizimda baholanganda—maksimal ballning 55 foizidan yuqori ball olgan, besh balli baholash tizimida baholanganda — “3", “4" yoki “5" baho olgan) abituriyentlar Davlat komissiyasi qarori asosida tanlovsiz, alohida ajratilgan o‘rinlarga davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.