Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim tizimini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qaroriga asosan oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish, taʼlim sifatini yana-da yuqori bosqichga olib chiqish va ularni xalqaro reytinglarga kirishiga har tomonlama koʻmaklashish maqsadida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan soʻnggi uch yilda oliy taʼlim muassasalarining Milliy reytingi eʼlon qilib borilmoqda.
Mamlakatimiz oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida respublikadagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan agentliklar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga, shu jumladan Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish belgilangan.
Milliy reyting oliy taʼlim muassasalarimizning nufuzli xalqaro reytinglardan joy olishiga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan boʻlib, bu yoʻnalishidagi ishlarni jadallashtirish maqsadida Taʼlim inspeksiyasi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan «Yoʻl xatirasi» tasdiqlangan. Xalqaro reyting indikatorlariga moslashtirilgan milliy reyting tizimi orqali oliy taʼlim muassasalaridagi sifat koʻrsatkichlarini yildan-yilga yaxshilab borish orqali ularning dunyo reytingida yuqori oʻrin egallashlarini taʼminlash rejalashtirilgan.
Oʻtgan davr mobaynida Taʼlim inspeksiyasi tomonidan rivojlangan davlatlar tajribalari chuqur oʻrganildi. Xalqaro ekspertlar guruhi jalb qilinib, amaldagi milliy reyting tizimi qayta tahlil qilindi. QS (Quacquarelli Symonds) va THE (Times Higher Education World University Rankings) kabi nufuzli reyting agentliklarining mutaxassislari milliy reyting tizimimiz bilan tanishib chiqdilar va tegishli tavsiyalarini berdilar. Bugungi kunda reyting tuzish metodikasini yana-da takomillashtirish boʻyicha hamkorlik ishlari davom etmoqda.
Yangilangan metodikaga oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari haqida ish beruvchilar bahosi, talabalarning mutaxassislik fanlarini bilish darajasi, professor-oʻqituvchilar yaratgan ilmiy maqolalarning “Web of Science" hamda “Scopus" kabi xalqaro bazalardagi ulushi, xalqaro indekslar maʼlumotlari asosida ilmiy nashrlarga iqtiboslar soni, oliy taʼlim muassasasi ilmiy-tadqiqot faoliyatining natijadorligi, taʼlim muassasasidagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit kabi yangi indikatorlar kiritildi.
Taʼkidlash joizki, milliy reytingni aniqlash uchun zarur boʻlgan asosiy maʼlumotlar joriy yilning mart oyiga qadar umumlashtirib boʻlingan edi. Kutilmaganda kelgan koronavirus pandemiyasiga qaramasdan milliy OTMlar reytingini aniqlash boʻyicha ishlar davom ettirildi. Shuningdek, qoʻshimcha oʻrganish talab qilinadigan maʼlumotlar masofadan turib yoki joyiga chiqqan holda oʻrganildi. Bir necha marotaba oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan har bir indikator boʻyicha maʼlumotlar tahlil qilinib, toʻliq shaffof holatga keltirildi. Reyting ballarini hisoblashdan oldin tahliliy oʻrganilgan maʼlumotlar tasdiqlash uchun oliy taʼlim muassasalari rektorlariga taqdim etildi.
Xalqaro tajribaga muvofiq takomillashtirilgan indikatorlar asosida joriy yilning fevral-iyun oylarida Respublikaning 57 ta oliy taʼlim muassasalari (filiallari bilan birga) faoliyati tahlil qilindi va 2020-yil 1-yanvar holatiga ularning reyting natijalari tayyorlandi:
Gumanitar va iqtisodiy sohada Oʻzbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti yetakchi oʻrinlarni egalladi.
Nukus davlat pedagogika instituti, Qoʻqon davlat pedagogika instituti, Guliston davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti kabilar esa soʻnggi oʻrinlarni egalladi.
Shuningdek, ushbu sohada Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti avvalgi yilga nisbatan yuqori pogʻonalarga koʻtarilgan.
Texnika va qishloq xoʻjaligi sohasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent temir yoʻl transporti muhandislari instituti yetakchi oʻrinlarni egalladi.
Andijon mashinasozlik instituti, Buxoro muhandislik texnologiya instituti, Samarqand veterinariya tibbiyot instituti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti quyi oʻrinlarni egalladi.
Ushbu sohada Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti faol harakat qilib milliy reytingda birinchi oʻrinni yana oʻzida saqlab qoldi. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti kabi OTMlar avvalgi yilga nisbatan yuqori pogʻonalarga koʻtarilgan.
Tibbiyot sohasida Toshkent stomatologiya instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Buxoro davlat tibbiyot instituti yetakchi oʻrinlarni egalladi. Buxoro davlat tibbiyot instituti oʻtgan yilgi reytingdagi 16-oʻrindan yuqoriga koʻtarilib 12-oʻringa chiqdi.
Toshkent farmatsevtika instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti esa soʻnggi oʻrinlarni egalladi.
Madaniyat, sanʼat va sport sohasida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti yetakchi oʻrinlarni egallashdi. Ushbu OTMlar dastlabki reytinglarda eng oxirgi 10 talikka tushgan edi. Joriy reytingda ushbu oliy taʼlim muassasalari faoliyatida ijobiy oʻzgarishlar boʻlib mos ravishda 29- va 32-oʻrinlarga koʻtarilgan.
Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi sohada soʻnggi oʻrinni egalladi.
Umumiy reytingda Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti yetakchi oʻrinlarni egallashdi.
Nukus davlat pedagogika instituti, Qoʻqon davlat pedagogika instituti, Guliston davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti soʻnggi oʻrinlardan oldi.
Soʻnggi bir yil ichida milliy OTMlarning asosiy shtatdagi professor-oʻqituvchilar soni 10,6%ga, talabalar soni 25,4%ga, fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki professor unvoniga ega professor-oʻqituvchilar 11,0%, fan nomzodi (PhD) ilmiy darajasiga yoki dotsent unvoniga ega professor-oʻqituvchilar 10,1%, dissertatsiya himoyalari (shu jumladan, berilgan professor yoki dotsent unvonlari) 41,1% ga oshgan.
Ilmiy salohiyati boʻyicha Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti yetakchi oʻrinlarda qayd etildi.
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Termiz davlat universiteti, Qoʻqon davlat pedagogika instituti, Fargʻona politexnika instituti soʻnggi oʻrinlarni egalladi.
Dunyoning nufuzli 1000 taligiga kiruvchi OTMlarda falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan professor-oʻqituvchilarning soni boʻyicha Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Samarqand davlat universiteti, Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat agrar universitetlari yetakchilik qilmoqdalar. 7 ta OTMda bunday professor-oʻqituvchilar mavjud emas.
Eng koʻp xorijiy professor-oʻqituvchilar Toshkent tibbiyot akademiyasi, Oʻzbekiston milliy universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Buxoro davlat tibbiyot institutida faoliyat olib bormoqda.
Eng koʻp ish beruvchilar bahosini toʻplagan OTMlarga Oʻzbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Samarqand davlat tibbiyot institutlari qayd etildi.
Ish beruvchilar tomonidan “Bitiruvchilarning bilim darajasi va amaliy koʻnikmasi"ga 84,5%, “OTMning ish beruvchilar bilan hamkorlik darajasi"ga 80,2%, “Bitiruvchilarning kelgusida oʻsish imkoniyatlari"ga 85,3%, “OTMlarning kadrlar tayyorlash sifatiga" 82,5% ijobiy javob berilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi OTMlar moliyaviy mustaqillik berish, ularning qoʻshimcha mablagʻ topishini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu koʻrsatkich milliy reyting tizimida ham alohida koʻrsatkich sifatida kiritilgan. Bunda milliy OTMlar oʻrtasida 1 nafar professor-oʻqituvchining ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalari asosida olingan mablagʻlar ulushi boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (42,97 mln. soʻm) qayd etgan. Ushbu indikator boʻyicha navbatdagi oʻrinlarni Toshkent axborot texnologiyalar universiteti (33,24 mln. soʻm), Toshkent pediatriya tibbiyot instituti (24,21 mln. soʻm), Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (20,68 mln soʻm) va 20,11 mln soʻm mablagʻ bilan Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti band qilgan.
Kelgusida reyting natijalarini tahlil qilish asosida oliy taʼlim muassasalarini xalqaro reytinglarda munosib oʻrin egallashlarini jadallashtirish va ular samaradorligini raqamli texnologiyalar yordamida doimiy baholash maqsadida:
2030-yilgacha xalqaro reytinglarda 2 ta oliy taʼlim muassasasini top-500 talikka kiritish uchun “2/500" loyihasini va 8 ta oliy taʼlim muassasasini top-1000 talikka kiritish uchun “8/1000" loyihasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturini qabul qilish;
oliy taʼlim muassasalarini reyting koʻrsatkichlari asosida samaradorligini taqqoslash (benchmarking) va real vaqt rejimida monitoring qilish imkonini beradigan interaktiv veb-portal ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Manba