Keyingi yillarda yoshlarimizning ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, o‘tgan 6 yil mobaynida oliy o‘quv yurtlari soni 77 tadan 170 taga yetdi, ularga qabul 3,5 baravarga ortdi.
Oliy ta’limda raqobatni qo‘llab-quvvatlash va xususiy sektorni jalb qilish orqali 24 ta xorijiy hamda 27 ta nodavlat oliygohlar tashkil etildi. Shu asosda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 32 foizga oshirildi.
Oliy ta’limga qamrov darajasini oshirish maqsadida respublika OTMlariga 2022/2023 o‘quv yilida qabul ko‘rsatkichlari jami 197 ming 858 tani (shu jumladan 16 ming 933 ta magistratura) tashkil etib, o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 15 foizga (27 ming 203 nafar) oshirilgan. Joriy yilda 25 ta yangi oliygoh faoliyati yo‘lga qo‘yilib, jumladan, nodavlat oliy o‘quv yurtlari 27 taga, xorijiy oliygohlar 31 taga, davlat oliygohlari esa 112 taga yetdi.
Universitetlar tarkibidagi 5 ta pedagogika instituti va 3 ta pedagogika fakultetlari negizida alohida Pedagogika institutlari, Toshkent davlat agrar universitetining Nukus hamda Termiz filiallari hamda Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filiali negizida alohida institutlar tashkil etildi.
Mamlakatimizda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda, Andijon davlat chet tillar instituti va Namangan davlat chet tillar instituti tashkil etildi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universiteti, uning Buxoro va Qarshi filiallariga alohida institut maqomi berildi.
Samarqand davlat universitetida Agrobiotexnologiyalar instituti, Muhandislik instituti va Urgut filiali tashkil etildi. Shuningdek “Yangi O‘zbekiston" universitetining tashkil etilganligi iqtidorli yoshlarimiz uchun yaratilgan alohida imkoniyatdir.
Shu bilan birga yurtimizda xorijiy yetakchi universitetlar filiallari tashkil etildi. Bunda Sankt-Peterburg davlat universiteti, Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti, Qozon federal universiteti, Italiyaning Piza universiteti filiallarini alohida qayd etish lozim. Bunday salohiyatli xorijiy oliygohlarning faoliyati mahalliy oliygohlarning rivojlanishiga ham ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Joriy o‘quv yilida 200 ming nafardan ortiq yoshlarimiz oliygohlarga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Bunda davlat grantlari 4 ming 636 taga yoki 10 foizga oshirildi. 2022 yilda oliy ta’lim sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 38 foizga yetkazish maqsadida nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni 27 tadan, jami oliygohlar soni esa 170 tadan oshiriladi.
Oliy ta’lim jarayoni to‘liq kredit-modul tizimiga o‘tkazildi. Asos sifatida Yevropaning ECTS (European Credit Transfer and Accumulation System) tizimi qabul qilindi.
O‘quv reja va o‘quv dasturlar tayanch oliy ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqilib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi amaliyoti bekor qilindi. Oliy ta’lim muassasalariga akademik mustaqillik berilib, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab barcha o‘quv rejalar va o‘quv dasturlar har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan mustaqil ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi tartibi joriy etildi.
Yangi standartlar va malaka talablari asosida kredit-modul tizimiga mos ravishda OTMlar tomonidan 625 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 634 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv rejalar hamda 4,7 mingdan ziyod o‘quv dasturlar ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Ta’lim jarayoniga oliy ta’lim muassasalaridan olinadigan turli hisobot va ma’lumotlar sonini keskin kamaytirish, ularni tayyorlashning qog‘oz shaklidan voz kechish, boshqaruv tizimini raqamlashtirish maqsadida “Raqamli universitet" loyihasi doirasida “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi" (HEMIS - Higher Education Management Information Systems) ishlab chiqildi. Bu tizim “Ma’muriy", “O‘quv", “Ilmiy" va “Moliyaviy" jarayonlarini boshqarish modullarini o‘z ichiga oladi.
2021 yil 1 sentyabrdan boshlab bosqichma-bosqich oliy ta’lim muassasalarida joriy etish orqali “O‘quv jarayoni" modulida guruh jurnali, dars jadvali, imtihonlar jadvallari, talabaning reyting daftarchasi, o‘zlashtirish qaydnomalari, davomat hisobotlari, diplom va akademik ma’lumotnomalar raqamlashtirildi.
“Ma’muriy jarayon" modulida oliy ta’lim muassasasi strukturasi, talabalar kontingenti va ularning harakati, professor-o‘qituvchilar tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yuritish hamda hisobotlarni tayyorlash raqamlashtirildi.
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab barcha davlat oliy ta’lim muassasalarida talabalar o‘quv varaqasi, reyting daftarchasi, akademik ma’lumotnoma, dars jadvali, davomat va o‘zlashtirishga oid ma’lumotlar, to‘lov-kontrakt shartnomalari raqamlashtirildi.
Ta’lim jarayonini ortiqcha me’yorlashtirishni qisqartirish maqsadida oliy ta’limning 26 ta ta’lim sohasi bo‘yicha davlat ta’lim standartlaridan voz kechildi va standartlar soni 2 tagacha qisqartirildi. Mazkur standartlar YUNESKO tomonidan joriy etilgan “Ta’limning xalqaro standart klassifikatsiyasi" (TXSK 2011) hamda “TXSK: Ta’lim va kasbiy tayyorlash sohalari" (TXSK-S 2013) asosida qayta ishlab chiqilib, tasdiqlandi va Davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Oldingi klassifikatsiya bo‘yicha 6 bosqichli tizim amal qilgan bo‘lsa, endilikda 8 darajali tizim joriy etildi.
Yangi standartlar va malaka talablari asosida kredit-modul tizimiga mos ravishda OTM tomonidan 625 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 634 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv rejalar hamda 4,7 mingdan ziyod o‘quv dasturlar ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Respublika oliy ta’lim muassasalarini o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi 5 yilda 11 ming 990 nomdagi yangi avlod o‘quv adabiyotlari yaratildi hamda nashr etishga ruxsat berildi. Jumladan, joriy yilning 1 iyul holatiga 1 ming 527 nomda (shundan, darslik – 504 ta, o‘quv qo‘llanma – 1 023 ta) o‘quv adabiyotlari nashr etishga ruxsat berilgan.
Shu bilan birga, so‘nggi olti yilda (2017-2022 yy) respublika oliy ta’lim muassasalarining xorijiy universitetlar bilan o‘zaro hamkorlik dasturlari hamda “El-yurt umidi" jamg‘armasi grantlari doirasida 6 ming 151 nafar professor-o‘qituvchilar xorijiy oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuborildi. Ularning 2185 nafari Yevropa, 445 nafari Amerika, 1059 nafari Osiyo, 2462 nafari MDH mamlakatlariga yuborildi.
Oxirgi olti yilda (2017-2022) oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish maqsadida 6 ming 279 nafar xorijlik mutaxassislar o‘quv jarayoniga jalb qilingan bo‘lib, ularning 1 ming 845 nafari Yevropa, 462 nafari Amerika, 1 ming 759 nafari Osiyo, 2 ming 213 nafari MDH mamlakatlari professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislari hisoblanadi.
Axborot tizimi asosida shakllantirilgan ma’lumotlar bazalari Moliya vazirligining “Yagona ijtimoiy himoya reyestri", Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Yagona mehnat tizimi", Soliq qo‘mitasining “Ijara" tizimi, Yoshlar ishlari agentligining “Yoshlar daftari", Toshkent shahar hokimligining “Geoaxborot tizimi", Xalq ta’lim vazirligining “attestat.edu.uz" tizimiga integratsiya etilmoqda.
Elektron hukumatning yagona idoralararo tarmog‘i bilan integratsiya qilish natijasida talabalarning o‘qish joyidan ma’lumotnoma so‘rash amaliyoti bekor qilindi.
Shu bilan bir qatorda talabalarga transport vositalaridan foydalanish uchun imtiyozli chiptalarni xarid qilish maqsadida Transport vazirligining axborot tizimlariga integratsiya qilish natijasida talabalardan “talabalik guvohnomasi"ni qog‘oz ko‘rinishida talab qilishga chek qo‘yildi. 2022 yildan boshlab, talabalarga ijara pullarini qoplab berish maqsadida ma’lumotlarni Davlat soliq qo‘mitasining maxsus platformasiga taqdim etish orqali ijaraga beruvchi va talaba o‘rtasida elektron shartnomalar tuzish yo‘lga qo‘yildi.
Ayni vaqtda, ushbu axborot tizimi oliy ta’lim muassasalarining ma’muriy boshqaruv, o‘quv, ilmiy va moliyaviy faoliyatini raqamlashtirishga qaratilgan bo‘lib 35 dan ortiq turli hisobotlar va statistik ma’lumotlar faqat elektron tarzda shakllantirilmoqda.
Mazkur axborot tizimi orqali talabalar uchun bir qator xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, barcha bitiruvchi talabalarga diplom va uning ilovasini elektron tarzda olish imkoni yaratildi. Davlat oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladigan talabalarga shartnomalarini to‘liq elektron shaklda taqdim etish xizmati joriy etildi.
2022/2023 o‘quv yili boshlangunga qadar oliy va professional ta’lim muassasalarining mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga hujjatlarni onlayn topshirish axborot tizimi - vacancy.edu.uz to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Vazirlik tomonidan mamlakat oliy ta’lim jozibadorligini targ‘ib qiluvchi “Study in Uzbekistan" (“O‘zbekistonda tahsil olish") maxsus veb-portali ishlab chiqilmoqda.
Mazkur portal O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat, magistratura, doktorantura ta’lim yo‘nalishlari, mustaqil tadqiqotchilik, izlanuvchilik xususiyatidan kelib chiqib, mavjud barcha ta’lim yo‘nalishlari va ta’lim shakllari bo‘yicha tahsil olish istagini bildirgan xorijiy abituriyentlar va talabalar uchun arizalarni onlayn topshirishga imkon beradi.
Oliy ta’lim tizimida ilmiy faoliyatni yaxshilash va salohiyatni oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
bugungi kunda OTMda 800 mingga yaqin talabalarga 33 ming 63 nafar professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Ilmiy darajaga egalar – 13 ming 2 nafar bo‘lib, shundan, fan doktori (DSc) – 2 ming 687, falsafa doktori (PhD) – 10 ming 315 nafarni tashkil etadi. Doktorlik dissertatsiya himoya ko‘rsatkichi esa 2017 yilga nisbatan 5,1 martaga oshirilib, ilmiy darajali pedagoglar ulushi respublika bo‘yicha 39,3 foizga yetkazildi.
2022 yilda kvotalar soni qariyb 100 foizga oshirilib, vazirlik tizimidagi oliygohlarga doktorantura uchun 1993 ta kvota (1704 ta PhD, 128 ta DSc, maqsadli doktoranturaga 156 ta PhD, 5 ta DSc) hamda stajyor-tadqiqotchilikka 308 ta kvota ajratildi. bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida 5 ming 166 nafar doktorant va 379 nafar stajyor-tadqiqotchilar ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.
Hozirgi kunda 71 ta oliy ta’lim muassasasi va 88 ta ilmiy tashkilotlarda (jami 159 ta) doktorantura faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ilmiy rahbar/maslahatchilarga 5 nafargacha tadqiqotchiga rahbarlik qilishga ruxsat etildi.
2021 yilda 1765 ta dissertatsiya ishi, jumladan, 244 ta fan doktori (DSc), 1521 ta falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish bo‘yicha himoyalar amalga oshirildi. 2022 yilning 1-yarim yilligida respublika oliy ta’lim muassasalarida 929 ta dissertatsiya himoya qilindi.
Davlat ilmiy-texnik dasturalari doirasida 2021 yilda respublika oliy ta’lim muassasalarida umumiy mablag‘i 165 milliard 447 ming so‘m bo‘lgan 403 ta ilmiy loyiha, umumiy mablag‘i 21,698 milliard so‘m bo‘lgan 59 ta fundamental loyiha, umumiy mablag‘i 94,492 milliard so‘m bo‘lgan 193 ta amaliy loyiha hamda umumiy mablag‘i 42,030 milliard so‘m bo‘lgan 101 ta innovatsion loyiha, umumiy mablag‘i 7,225 milliard so‘m bo‘lgan 50 ta yosh olimlarning fundamental, amaliy va innnovatsion loyihalari amalga oshirilgan.
Shu bilan bir qatorda 72,8 million dollar bo‘lgan 337 ta xalqaro ilmiy-amaliy loyiha bajirilgan.
Shuningdek, 27 ta oliy ta’lim muassasasida Jahon banki krediti doirasida Akademik innovatsiyalar fondi mablag‘lari (4 mln AQSH dollari) hisobidan 32 ta loyiha yo‘lga qo‘yildi. 2022 yilning 1-yarim yilligida Davlat ilmiy dasturlari doirasida umumiy mablag‘i 142 milliard so‘m bo‘lgan 370 ta ilmiy loyiha bajarilmoqda.
2021 yilda 206 ta xalqaro va 273 ta respublika miqyosidagi ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar rejaga asosan o‘tkazildi.
bugungi kunda 15 ta oliy ta’lim muassasasida 39 ta ilmiy laboratoriya mavjud bo‘lib, 183 nafar xodim laboratoriya xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Biroq, ushbu ilmiy laboratoriyalarning faqat 30 foizi xalqaro standartlarga javob beradigan laboratoriya uskuna va jihozlariga ega. Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy faoliyat infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida 7 ta oliy o‘quv yurtlariaro ilmiy laboratoriyalarini tashkil etish va bosqichma-bosqich jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Xalqaro standartlarga javob beradigan «O‘zbekiston ilmiy jurnallari» onlayn portali (https://uzjournals.edu.uz) yaratildi va 41 ta ilmiy jurnal xalqaro talablarga moslashtirildi. Mazkur jurnallarda bugungacha jami 8 ming 404 ta maqola chop etildi aqola chop etildi hamda 108 ta davlatdan 335 mingdan ziyod yuklab olishlar kuzatildi.
Joriy yilda 14 ta oliy ta’lim muassasaci huzurida “Biznes-akseleratorlar" faoliyati yo‘lga qo‘yildi va ushbu oliy ta’lim muassasalarida “Inkubatsiya markazlari" tashkil etildi va hozirgi kunda ularning soni 47 ta yetkazildi.
Hududlarda «fan – ta’lim – ishlab chiqarish» integratsiyasini ta’minlash maqsadida 18 ta oliy ta’lim muassasasida Texnologiyalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash markazlari (TIQQM) faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Qorqalpog‘iston Respublikasidagi oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari, yosh olimlari va iqtidorli talabalarini ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishlariga zarur shart-sharoit yaratish maqsadida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida oliy ta’lim muasasalariaro Axborot markazi (“Information Center") va “Kimyoviy texnologiya" ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi klasteri tashkil etildi.
“Innoweek – 2021" haftalikning Xalqaro interaktiv yarmarka doirasida 13 ta oliy ta’lim muassasasidan jami 103 ta innovatsion, interaktiv hamda yangi turdagi mahsulot va xizmatlar, tayyor ishlanmalar, prototiplar bilan ishtirok etildi.
Joriy yildagi yana bir muhim voqealardan biri QS-xalqaro reyting kompaniyasining 2022 yilda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari universitetlari reytingida 2 ta oliy ta’lim muassasasi, jumladan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti 40 pog‘ona ko‘tarilib, (o‘tgan yil 251-o‘rindan) 211+ o‘ringa, O‘zbekiston milliy universiteti 100 pog‘ona ko‘tarilib, (o‘tgan yil 351-o‘rindan) 251+ o‘ringa ega bo‘lganidir.
2022 yil so‘ngiga qadar «Scopus», «Science Direct», «Web of Science» va boshqa xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasida indekslanuvchi jurnallardagi maqolalar soni 4 000 taga yetkaziladi. «Scopus», «Science Direct», «Web of Science» va boshqa xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasiga kiritilgan oliy ta’lim muassasalari ilmiy jurnallar soni 5 taga yetkaziladi.
Buxoro, Namangan va Farg‘ona davlat universitetlari huzurida Texnopark tashkil etiladi. Ilmiy daraja va unvonlarni berish vakolati bosqichma-bosqich OTMga o‘tkaziladi.
Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda oliy ta’limga kirish uchun yoshlarmizga 20 ga yaqin imtiyoz berilgan bo‘lib, ularning asosiy qismi davlat garnti asosida qabul qilinadi. Shu bilan birga talabalarga ham turli imtiyoz va imkoniyatlar yaratilib kelinmoqda.
Jumladan, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar uchun to‘lov-kontrakt miqdorini o‘quv yili davomida teng ulushlarda to‘rtga bo‘lib to‘lash huquqi berildi.
2021/2022 o‘quv yilida mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha oliy ta’lim muassasalarida koronavirus infeksiyasiga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan talabalarga - belgilangan to‘lov-kontrakt miqdorlariga nisbatan 10 foiz chegirma bonusi berildi.
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab bazaviy to‘lov-kontrakt asosida davlat oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat oliy ta’lim muassasalari hisobidan o‘qitish tartibi joriy etildi.
Bunda hokimliklar har o‘quv yilida 100 nafardan xotin-qizlar uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan bazaviy to‘lov-kontrakt summasini to‘lab beradi. Moliyaviy barqaror oliy ta’lim muassasalari 50 nafargacha xotin-qizlarni byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bepul o‘qitib beradi.
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab mazkur tartibga o‘zgartirish kiritilib hokimliklar har o‘quv yilida 150 nafardan xotin-qizlar uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan bazaviy to‘lov-kontrakt summasini to‘lab beradigan bo‘ldi.
2021/2022 o‘quv yilida “Temir daftar"ga kiritilgan oilalarning davlat oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan farzandlariga mazkur o‘quv yilida birinchi o‘quv yili uchun bazaviy to‘lov-kontraktning to‘liq summasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berildi.
Ma’lumot uchun, respublika davlat OTMga 2021 yilda 385 nafar talaba uchun 2,7 milliard so‘m mablag‘ qo‘shimcha ajratildi.
2021 yil 1 maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan, ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi belgilandi. Bunda ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida - bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari (300 ming so‘m), qolgan hududlarda - bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravari (150 ming so‘m) dan oshmasligi, ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi birinchi navbatda ehtiyojmand oila farzandlariga, o‘rnak ko‘rsatgan va faol talabalar uchun qoplab berilishi, oliy ta’lim muassasalari tomonidan ularning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ijara huquqi asosida yashaydigan boshqa talabalarga ham oylik ijara to‘lovining bir qismi qoplab berilishi mumkin.
Mazkur maqsadda 2021 yilda davlat byudjetidan jami 72 milliard so‘m mablag‘, 2022 yilda 120,4 milliard so‘m ajratildi. 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan barcha oliy ta’lim tashkilotlari (davlat, nodavlat, xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari)da va qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida hamda magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tijorat banklari tomonidan imtiyozli ta’lim kreditlari ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Bunda kredit foizini hisoblash va to‘lash oliy ta’lim muassasasiga mablag‘lar o‘tkazilgan sanadan boshlab, kreditning asosiy qarzini qaytarish esa o‘qishning rasmiy belgilangan muddati tugatganidan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida to‘lanadi.
Talabalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan hamda to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiya to‘lovi davlat byudjeti hisobidan to‘lanishi va stipendiyasiz kontrakt-to‘lovlarini amalga oshirilishi belgilandi.
Tegishli moliya yilida har bir OTMda stipendiya to‘lovlari uchun rejalashtirilgan byudjet mablag‘lariga nisbatan 10 foizi hamda to‘lov-kontrakt bo‘yicha rejalashtirilgan tushumining 2 foizi miqdoridagi mablag‘lar hisobidan Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan va mazkur o‘quv yilida ikkinchi kursda o‘qiyotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt miqdori davlat byudjeti tomonidan to‘lab berish tartibi joriy etildi.
Yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi oshib borishi bilan bir qatorda, yotoqxonalarga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib bormoqda. 2021 yilda talabalar turar-joylaridagi yashash xonalarini optimallashtirish va ikki yarusli krovatlarni joriy etish orqali qo‘shimcha 20 ming o‘rin yaratilgan bo‘lsa, unga qo‘shimcha ravishda yana 11 ming o‘rinli 28 ta yotoqxona tashkil etilib, foydalanishga topshirildi.
Natijada davlat OTMdagi talabalar turar-joyining soni 256 taga yetkazilib, 91 ming nafar talabani joylashtirish imkoniyati yaratildi va yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyojning 41 foizi ta’minlandi.
Shunga qaramasdan, hozirda qo‘shimcha 132 ming o‘rinli talabalar turar-joyiga ehtiyoj mavjud. Mazkur ehtiyojni bartaraf etish uchun 2022-2025-yillarda 85 ta OTMda 91,2 ming o‘rinli 228 ta talabalar turar-joyi barpo etish belgilandi. Shu qatorda, OTMning o‘z mablag‘lari hisobidan 2,1 ming o‘rinli 5 ta talabalar turar-joyi barpo etiladi.
Tyutorlar faoliyatining joriy etilishiga katta e’tibor qaratilmoqda. 2021 yil 1 sentyabrdan talabalar bilan ishlash bo‘yicha “guruh murabbiyi" instituti bekor qilindi hamda o‘rniga 1–3-kurs talabalari uchun muammolarni bartaraf etishda yaqindan yordam ko‘rsatuvchi tyutorlarni biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
2021-2022 o‘quv yilida 97 ta OTMda kunduzgi va kechki ta’lim shakllarida tahsil olyotgan 1-3 kurs 402 ming 602 nafar talabalar uchun 2 ming 806 ta shtat birligida “Tyutor" lavozimi joriy etilib, barchasiga oliy ma’lumotli mutaxassislar ishga qabul qilindi.
Natijada talaba bilan ishlash samarasi 2 barobarga ortgan holda har bir oliy ta’lim muassasasida talabalarning axloqiy tarbiyasi bilan doimiy ishlaydigan vakil paydo bo‘ldi.
Sohadagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, mas’ul rahbarlar vakolat va imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektoriga birinchi prorektor maqomi berildi.
228 ta Talabalar turar joylarida 5 muhim tashabbus doirasidagi klub va to‘garaklar uchun 500 ga yaqin maxsus jihozlangan xona ajratildi va ulardan talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda foydalanilmoqda.
103 ta davlat OTMga 840 ta hamda 788 ta professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarga 2118 ta mahalla biriktirildi va “mahallabay" ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Talabalarning ijtimoiy sharoitini yaxshilash va bandligini ta’minlash masalasi muhim vazifalardan biriga aylanmoqda.
bugungi kunga kelib, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ishlash va qo‘shimcha daromad topishga ehtiyoji mavjud jami 100 ming nafarga yaqin talabalardan 35 ming nafaridan ortig‘i, shundan, 3525 nafar chin yetim, nogiron hamda ijtimoiy himoya reyestrdagi daftarlarga kiritilgan talabalar ish bilan ta’minlandi.
Muntazam ravishda oliy ta’lim muassasalarida ish beruvchilar bilan hamkorlikda turli mehnat yarmarkalari hamda biznes uchrashuvlar tashkil etish orqali bo‘sh ish o‘rinlariga talabalar ishga yo‘naltirilib, ularning ish bilan bandligi ta’minlanmoqda. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan hokim va rektor uchrashuvlari doimiy o‘tkazilmoqda.
Oliy ta’lim muassasalarida “Karera markazlari" faoliyati yo‘lga qo‘yilib, uning tarkibida “Kovorking ofis"lari tashkil etildi.
Darhaqiqat, balandparvozliklardan xoli bo‘lgan bu ko‘rsatkichlarda yoshlarning samarali oliy ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar mujassam.
Nazokat Usmonova, O‘zA