Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, tasarrufida oliy ta'lim muassasalari mavjud vazirliklar va idoralar rahbarlari 2020 yil 1 yanvarga qadar bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarining o‘quv rejalaridagi fanlar soni va hajmini xalqaro tajribalardan kelib chiqib, optimallashtirish choralarini ko‘radi, deb yozadi kun.uz.
2019 yil 23 avgust kuni Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda o‘qituvchi mavqeini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonida aytilishicha, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (Majidov), Fanlar akademiyasi (Yo‘ldoshev), Xalq ta'limi vazirligi (Shermatov), Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (Toshkenboyev), Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti (Sirojiddinov) 2020 yil 1 yanvarga qadar olimlar va malakali pedagoglarni jalb etgan holda, o‘zbek tilini ona tili va xorijiy til sifatida o‘qitish metodikasini takomillashtirsin hamda o‘zbek tilini bilish darajasini baholash bo‘yicha xalqaro tajribalarni inobatga olib, maxsus imtihon tizimini ishlab chiqadi.
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (Majidov), Innovatsion rivojlanish vazirligi (Abdurahmonov) 2019 yil 1 oktyabrga qadar “Milliy goya targ‘iboti texnologiyalari", “G‘oyalar tarixi va metodologiyasi" kabi ixtisosliklar bo‘yicha doktorantura tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
Xalq ta'limi vazirligi (Shermatov), Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi (Majidov), Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (Allamjonov) 2020 yil 1 dekabrga qadar xalqaro tajribalarga tayangan holda, darsliklarni yaratish va nashr qilish tizimini to‘liq qayta ko‘rib chiqib, tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.