O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Korporativ, loyiha boshqaruvi va davlat xaridlari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.
Hujjat bilan oliy ta`lim muassasalariga, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta`lim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish muassasalariga, ularning mulkchilik shakli va bo‘ysunuvidan qat`i nazar, masofaviy o‘qitishni tashkil etish huquqi berildi.
Loyiha boshqaruvi milliy agentligi:
a) 2018 yil 1 oktabrga qadar muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirligi bilan birgalikda oliy ta`lim muassasalarida, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta`lim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish muassasalarida masofaviy o‘qitishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni;
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, davlat korxonalari va ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar, ustav jamg‘armasi (kapitali)ning 50 foizi va undan ko‘proq miqdori davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli yuridik shaxslarda faoliyat yurituvchi davlat xaridlari sohasidagi mutaxassislarni majburiy sertifikatlashtirish to‘g‘risidagi nizomni, ushbu mutaxassislarni majburiy sertifikatlashtirishni 2019 yil 1 martdan amalga oshirishni nazarda tutgan holda;
b) 2018 yil 1 noyabrga qadar muddatda:
Biznes va boshqaruv oliy maktabi ustavini, shu jumladan, uning Vasiylik kengashi tarkibini;
Biznes va boshqaruv oliy maktabiga o‘qishga qabul qilish va o‘qitishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni;
Biznes va boshqaruv oliy maktabi professor-o‘qituvchilari tarkibini tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Manba: kun.uz