Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limga qo‘yiladigan davlat talablarida o‘zgarish yuz beradi


Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 maydagi 304-son “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hamda 2017 yil 22 noyabrdagi 937-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar bo‘yicha qarori loyihasi e'lon qilindi, deb yozadi Kun.uz.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 maydagi 304-son “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori 1-ilovasi - “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limga qo‘yiladigan davlat talablari"da 16-band ikkinchi xatboshi Vazirlar Mahkamasining “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasiga asosan: ixtisoslik hamda chet tili bo‘yicha malakaviy imtihon topshirishi - ixtisoslik bo‘yicha malakaviy imtihon topshirishi, deb o‘zgartiriladi.

16-band to‘rtinchi xatboshi: OAK tomonidan belgilangan ilmiy jurnallarda chop etilgan dissertatsiyasining asosiy natijalarini aks ettiradigan kamida uchta (shu jumladan bittasi xorijda) ilmiy maqolaga ega bo‘lishi shart - ilmiy jurnallarda chop etilgan dissertatsiyasining asosiy natijalarini aks ettirgan ilmiy maqolalari “Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomda" belgilangan miqdorda bo‘lishi shart, deb o‘zgartiriladi.

17-band uchinchi xatboshi: OAK tomonidan belgilangan ilmiy jurnallarda chop etilgan dissertatsiyasining asosiy natijalarini aks ettiradigan kamida o‘nta (shu jumladan bittasi xorijda) ilmiy maqolaga ega bo‘lishi shart - ilmiy jurnallarda chop etilgan dissertatsiyasining asosiy natijalarini aks ettirgan ilmiy maqolalari “Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomda" belgilangan miqdorda bo‘lishi shart, deb o‘zgartiriladi.

Bu nashr ishlariga qo‘yilgan talablarning sifat jihatdan yangi pog‘onaga ko‘tarish bilan izohlanadi, ya'ni maqolalar fan tarmoqlari guruhi kesimida va yillar bo‘yicha o‘sib borish tartibida belgilangan.

17-band to‘rtinchi xatboshi: ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun izlanuvchilar dissertatsiya natijalari bo‘yicha monografiya chop etgan bo‘lishi lozim - ortiqcha byurokratik attestatsiya talabi sifatida chiqariladi.