Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Oliy ma’lumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjat bilan 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab quyidagilar belgilandi:
- oliy ma’lumotli kadrlarga davlat buyurtmasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimidagi maxsus elektron platformada to‘plangan ma’lumotlar hamda mehnat bozoridagi talab tahlili asosida aniqlanadi;
- kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj 4 yillik davrga shakllantiriladi va har yili mehnat bozoridagi o‘zgaruvchan tendensiyalar, mintaqalar ijtimoiy muassasalari va iqtisodiyot tarmoqlarining kadrlar bilan ta’minlanganligini hisobga olgan holda platformaga tegishli tuzatishlar kiritiladi.
Tasdiqlangan Nizom quyidagilarni belgilaydi:
- davlat buyurtmasini shakllantirishda ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash hamda buyurtmani yuqori organlarga taqdim etish tartibi;
- ish beruvchilarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash usullari;
- iqtisodiyot tarmoqlarining mutanosib rivojlanishi maqsadida davlat buyurtmasini shakllantirishning ustuvor yo‘nalishlari.
Platformada quyidagi ma’lumotlar joylashtiriladi:
- iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlarida rasmiy band bo‘lganlar soni;
- davlat va nodavlat oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtini tugatgandan keyin faoliyat turlari bo‘yicha rasmiy ishga joylashishi;
- mehnat resurslari balansi, mehnat bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlari, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha bandlik darajalari;
- respublika hududida faoliyat yuritayotgan davlat, nodavlat va xorijiy oliy o‘quv yurtlari hamda ularning filiallari bitiruvchilari soni;
- bakalavriat va magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qitish uchun professor-o‘qituvchilar tarkibi va moddiy-texnik baza bo‘yicha mavjud resurslar hajmi.