Oliy harbiy ta'lim muassasalarga o‘qishga qabul qilish tartibiga o‘zgartirishlar kiritiladi


Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi hujjat loyihasi e'lon qilindi, deb yozadi kun.uz.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qo‘shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga Mudofaa vazirligining oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun kursantlarni qabul qilishning umumiy sonidan besh foizli kvota ajratilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida o‘qish uchun nomzodlar respublikaning muhandislik-texnika oliy ta'lim muassasalarining uchinchi bosqichini tugatgan, o‘qish yakunlari bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan, mazkur institutda o‘qishni davom ettirish hamda kelgusida kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tash istagini bildirgan, shuningdek, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan talabalar orasidan tanlab olinadi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakultetida o‘qish uchun nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi oliy tibbiy ta'lim muassasalarining “Davolash ishi" yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishning beshinchi bosqichini tugatgan talabalar orasidan tanlab olinadi.

Harbiy institut va Harbiy-tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirishni xohlagan oliy ta'lim muassasalarining talabalari ariza bilan bevosita oliy ta'lim muassasasining rektori nomiga murojaat etadilar.

Talabaning arizasi oliy ta'lim muassasasi tomonidan 5 kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi va ariza talaba mazkur oliy ta'lim muassasasining uchinchi (to‘rtinchi) kursida o‘qiyotganligini tasdiqlovchi ma'lumotnoma hamda reyting daftarchasining tasdiqlangan nusxasi ilova qilingan holda, oliy ta'lim muassasasi joylashgan hududdagi mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlariga aloqa kanallari orqali yuboriladi.