Huquq fanidan davlat imtihonida qatnashgan abituriyentlarning noroziligi davom etyapti. Ular Bilimlarni baholash agentligi darslikka kiritilmagan savollardan foydalangani, testlarda to‘g‘ri javoblar soni bir nechta ekani, imtihondagi testlar namunaviy testlardan farq qilganini aytyapti.
Huquq fanidan test yechgan abituriyentlar imtihondan ancha norozi kayfiyatda chiqishgan. Bir guruh abituriyentlar va ularning o‘qituvchisi Kun.uz’ga murojaat qilib, huquq fanidan darslikka kiritilmagan ma’lumotlardan test tuzilganidan shikoyatchi ekanini ma’lum qildi.
“Deyarli 10tacha savol darslikdan tashqari tuzilgan edi. Masalan, davlat ramzlariga hurmatsizlik qilinadigan bo‘lsa, qanday sanksiyalar qo‘llanadi, degan savollar tushgan. JK va MJtK, Budjet kodekslarining darslikka qo‘shilmagan joylarini savol qilib berishgan. Bizning boshqa ilojimiz bo‘lmagani uchun taxmin qilishimizga to‘g‘ri keldi. Huquq fanidan 23 ta savolga to‘g‘ri javob topa olganman. Bu yerda 8 ta savolga taxmin javobni belgilagan bo‘lsam, 1 ta taxminim to‘g‘ri chiqqan, qolgan 7 ta savol esa noto‘g‘ri chiqqan”, – deydi abituriyentlardan biri Begoyim Qahramonova.
Xuddi shunday o‘quvchilardan biri Malika Raimjonova ham sherigining fikrini qo‘llab-quvvatladi. U sanksiyalar haqida darslikda ham borligi, lekin testda darslikda bo‘lmagan sanksiyalar so‘ralganini aytadi.
“Budjet kodeksidan savol tushdi: 161-moddasi, moliya nazoratini kim olib boradi? Bu yerda 4 ta shaxs berilgan, to‘g‘ri javobni taxmin qildim, lekin noto‘g‘ri chiqdi. Referendumlar, saylovlar va madhiya soat nechada joriy qilinadi degan savol tushdi. Biz bilamiz, saylovlar soat 8 dan 20 gacha tashkil etiladi, madhiya soat 8 da bo‘ladimi yoki yo‘qmi, to‘g‘risi, bilmasdim. Bunaqa ma’lumotlarni darslikda uchratmaganmiz. 30 ta savoldan 20 tasini o‘z bilimim bilan ishladim deya olaman, 10 tasini taxmin qilib belgilaganman. 10 ta taxminimdan 2 tasi to‘g‘ri chiqdi, 8 tasi xato chiqdi”, – deydi Malika.
Mohira Abduqahhorova esa o‘zi talaba bo‘lishiga qaramasdan, grantga kirish uchun o‘z imkoniyatini sinab qayta testga kirganini aytadi. U testlarga juda qiyinchilik bilan tayyorlangani va shunga yarasha natija kutganini ham qo‘shimcha qildi.
“Bir savolda mansabdor shaxsning xonasiga oddiy fuqaro kirganda qanday sanksiya berilishi so‘ralgan. Bu yerda murojaat qilib kirilishi mumkin, boshqa ishi bilan kirishi mumkin. Yoki direktorning xonasiga kirganimizda bizga sanksiya berilganmi? Yana bir savollardan biri: aholi turar joylarida it va mushuklarni saqlaganga qanday sanksiya berilishi haqida. Darslikning qayerida it va mushuklar haqida keltirilgan?” – dedi u.
Mohira testlarga qiyinchilik bilan tayyorlangani, agentlik belgilab bergan 4 ta kitob va eski hamda yangi Konstitutsiyalarning ikkalasini ham solishtirib, juda yaxshi o‘zlashtirganini aytadi.
“Maktabdagi bilim bilan o‘quvchi talaba bo‘la olmaydi. Chunki u maktabda o‘qituvchi huquq fanini yaxshi o‘ta olmaydi. Sababi u yurist emas. Testlarda esa qonuniy yechimlar so‘ralyapti, buni yurist tushuna oladi. Men 9-sinfdan beri tayyorgarlik ko‘raman. Bir yarim yil kuniga 4 soat uxlaganman xolos. Ustozim har kuni so‘rar edi necha soat uxlaganimni, agar 4 soatdan ko‘p bo‘lsa “yaxshi gaplar”ni gapirar edi. Ota-onam boshqalarga mening bu tayyorgarligimni shunday ta’riflashyapti: “Xuddi manqurtga o‘xshab o‘qiding”. Negaki, bir xonaga kirib olib, faqat kitob o‘qirdim 12 soatlab. Energiya beruvchi ichimliklar, bosh og‘rig‘ini qoldiruvchi dorilar oldimda doim turardi. Oldimda kitoblar sochilgan hamma yoqqa. O‘qish! O‘qish! 24 soat uxlamagan paytlarim bo‘ldi. Kodekslarda prinsiplar bor, har bir kodeksda insoniylik, odamiylik prinsipi bor. Bu degani huquqni muhofaza qilish organlarida ham sen odamsan, buni yodingdan chiqarma degan fikr bor. Odamning hayotida nimadir qilasan degan g‘oya bor. Shu prinsipni Bilimlarni baholash agentligi ham o‘ziga qo‘llasa, juda yaxshi bo‘lardi”, – deydi Mohira.
O‘quvchilarning e’tirozini 10 yildan oshiq vaqt davomida abituriyent tayyorlab kelayotgan huquqshunos Eldor Asadov ham qo‘llab-quvvatlayapti. U Bilimlarni baholash agentligi test tuzishda bir nechta xatoga yo‘l qo‘yganini aytib, agentlikdan savollar tushishi mumkin bo‘lgan chegarani aniq belgilab berishni so‘rayapti.
2024 yilning 3 may sanasida huquqshunoslik fanlaridan milliy sertifikatining sinov imtihonlarida Asadovning o‘zi ham qatnashgan. Uning aytishicha, test tugaganidan keyin ekspertlarga testlardagi kamchiliklarni ma’lum qilgan. “Test savollarini 20 daqiqada tugatdim. Savollar bo‘yicha e’tirozimlarimni test tuzuvchilarga aytdim. Prezident qaroriga ko‘ra, test topshiriqlari abituriyentning mantiqiy fikrlash ko‘nikmasini aniqlashga yo‘naltirilishi kerakligi aytilgan. Abituriyentdan sanksiyani so‘rash, mantiqiy fikrlash tugul, uni xotirasini sinashga ham arziydigan savol emas.
Ularga huquqshunoslardan sanksiyalar qismini so‘rash to‘g‘ri emasligini, biz yuridikda 4 yil o‘qigan bo‘lsak, imtihonlarda bizdan ham sanksiya so‘ralmaganini tushuntirdim. Lekin buni real imtihonlarda inobatga olishmabdi", – dedi u.
Shuningdek, Asadov agentlik bergan bayonot bo‘yicha ham e’tirozlari borligini aytdi. Ma’lumot uchun, huquq fanidan test yechgan abituriyentlarning noroziligi ko‘paygach, BBA bayonot berib, test tuzishda o‘quv dasturi va Dsdan chetga chiqilmaganini ma’lum qilgan edi.
“Lekin o‘quv dasturiga tayanib test tuzish degani bu O‘zbekistondagi jamiki huquqiy normativ hujjatlardan test tuzish mumkinligini anglatmaydi. O‘quv dasturidan savol tuzdim degani agentlikni oqlay oladi, lekin bu o‘quv dasturining chegarasi qayerda, mana shu chegarani 10 yillik huquqshunos, ustoz sifatida men ham bilmayman. Iltimos bizga chegarani aniq ko‘rsatinglar”, – dedi Asadov.
Asadovning yana bir shikoyati yil davomida agentlik o‘tkazgan diagnostik testlarda nega sanksiyaga oid savollar berilmaganida. U 10ga yaqin diagnostik testlarni butun O‘zbekistondagi repetitorlar xarid qilgani, bunga pul sarflashganini aytyapti.
Uning navbatdagi e’tirozi savollarda to‘g‘ri javoblar soni birdan ortiq ekanida. “8-sinf darsligida huquq normasining 3ga bo‘linishi keltirilgan. Gipoteza, dispozitsiya va sanksiya. Lekin shu savol so‘ralgan testda 2ta to‘g‘ri javob bor. Abituriyent qaysini tanlashi kerak? Xuddi shu savol uchun ham abituriyentlarim va men agentlikni ma’muriy sudga beramiz”, – dedi u.
Repetitor testda savollar taqsimotiga ham rioya qilinmadi degan fikrda. “Shunaqangi holatlar bo‘ldi, ayrim abituriyentga Konstitutsiyadan 7ta savol tushyapti, lekin boshqasida 2ta tushyapti. Ayrimlariga aforizmlardan 2tadan savol tushsa, ayrimiga umuman bunday savol tushmagan. Agentlik o‘zining rasmiy sahifasida savollar taqsimotini keltirgan. Lekin unga o‘zi amal qilmayapti”, – dedi u.
U so‘zi oxirida mas’ullardan yoshlarning vatanparvarlik ruhini sindirmaslikni, o‘quvchilarda O‘zbekistonda o‘qimaslik kayfiyati paydo bo‘lib qolayotganidan xavotirda ekanini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, xuddi shu muammo bundan bir necha kun oldin turli sayt va Telegram-kanallarida tarqalgan edi. Shundan keyin holatga Bilimlarni baholash agentligi munosabat bildirib, test tuzishda amaldagi davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlaridan chetga chiqish holatlari bo‘lmaganini ma’lum qilgan. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev esa agentlikning bu bayonotini “yolg‘on va safsata” deb atagandi.
“BMBA saytida huquqshunoslik fanidan tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxatida faqat 5 ta manba berilgan xolos. Ularning 4 tasi darslik, 1 tasi O‘zbekiston Konstitutsiyasi. Ushbu manbalarda mavjud bo‘lmagan birorta savol berishga BMBAning haqqi yo‘q”, – deb yozgan u.
Shuningdek, bayonotda savol tuzishda qonun hujjatlariga belgilangan tartibda o‘zgartirish kiritilganda qonunning asl manbayi – lex.uz saytiga murojaat qilinadi deyilgan. Xushnudbek Xudoyberdiyev agentlik shu jumlani noto‘g‘ri talqin qilyapti degan fikrda.
“Ya’ni izohda savollar eng oxirgi o‘zgarish va qo‘shimchalarni inobatga olib tuziladi deyilgan. Lekin bu degani biz istalgan normativ-huquqiy hujjatdan savol tuzishga haqqimiz bor, degani emas. Bu shunchaki yuqoridagi 5 ta manbadan savol tuzilayotganda qonunchilikdagi o‘zgarishlarga qaraymiz degani. BMBAning bu ishi huquqiy asosga ega emas va bu qonunbuzilishi deb baholanishi kerak”, – deb yozgan huquqshunos.
Bundan tashqari, agentlik savolda qaysidir qilmish uchun JK va MJtKda qanaqa jazo berilgani, ya’ni sanksiyasi so‘ralganini to‘g‘ri deb hisoblashini aytgan. Bunga javoban huquqshunos sanksiyalar yuridik oliygoh talabalariga ham yodlatilmasligi, hattoki sudyalar va organ xodimlarining imtihon va attestatsiyalarida ham so‘ralmasligini ta’kidlagan.
Toshkent davlat yuridik universitet rektori Islombek Rustambekov esa bu masalalar bo‘yicha hozirda TDYuU va Adliya vazirligi tomonidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganish tashkil etilayotganini ma’lum qildi.
“Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan tegishli ma’lumotlar olinib o‘rganiladi hamda qonuniy xulosa qilinadi. Aniq baho berish uchun nizom talablarini ko‘rib chiqish, test savollari hamda maktablarda o‘qitiladigan dasturlar, ulardagi adabiyotlar va mavzularni tahlil qilib, xulosa qilish kerak bo‘ladi”, – dedi u.
Kun.uz’ning JK va MJtKda qanaqa jazo belgilangani, ya’ni sanksiyalarni to‘liq esda saqlashning imkoni bor deb hisoblaysizmi, degan savoliga rektor shunday javob berdi:
“Ayrim muhim moddalarni eslab qolish tabiiy, lekin to‘liq bilib bo‘lmaydi, bilishga zarurat ham yo‘q”, – dedi u.
Zuhra Abduhalimova, jurnalist