Nogiron shaxslar oliygohga kirishda imtiyozga ega bo‘lishlari mumkin


O‘zbekiston Bosh prokuraturasi saytida nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston prezidentining farmoni loyihasi e’lon qilindi.

Farmon nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotini va jamiyatning ularga nisbatan munosabatini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan. Birinchi navbatda, “nogiron" so‘zi o‘rniga “nogironligi bo‘lgan shaxs" atamasi kiritilmoqda. Shuningdek, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish hamda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan BMTning nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Farmon loyihasiga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslar yo‘lovchi transporti va kerakli infrastrukturalardan erkin foydalana olishlari lozim. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga mo‘ljallangan avtotransport vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda bunday shaxslar uchun avtomaktablarda maxsus kurslar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Oliygohlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imtiyozli shartlarda kvotalar joriy etiladi. Tegishli davlat organlari 2018 yil 1 martga qadar ularning o‘qishga kirish tartibi va kontrakt to‘lovlari tartibi borasida o‘z takliflarini kiritishlari lozim.

Vrachlik-maslahat va vrachlik-mehnat ekspert komissiyalari faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqiladi. Nogironlikni aniqlashning zamonaviy tizimini yaratish rejalashtirilmoqda.

Tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, “Muruvvat" va “Saxovat" internet-uylarida tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.

Protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, ularni tayyorlashning zamonaviy standartlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish borasida takliflar tayyorlash bo‘yicha Komissiya qoshida Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etilishi belgilangan.


Manba: sof.uz