Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti 1935 yil 14 sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Xalq maorifi komissarligining 1364-sonli qaroriga binoan O‘rta Osiyo Davlat universitetining pedagogika fakulteti zaminida tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 2 fevralidagi 77-sonli qaroriga muvofiq Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika institutiga universitet maqomi berilib, u respublikadagi akademik litsey, kasb-hunar kollejlari uchun pedagogik kadrlar - fan o‘qituvchilari tayyorlaydigan yetakchi tayanch oliy o‘quv yurti deb belgilandi.
Hozirgi kunda universitetda quyidagi fakultetlar mavjud:
Boshlang‘ich taʼlim va jismoniy madaniyat
Fakultet Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida 1935 yilda Pedagogika nomi bilan tashkil etilgan. 1957 yildan Pedagogika fakulteti boshlang‘ich sinf oʼqituvchilarini tayyorlay boshladi.
Boshlang‘ich taʼlim va jismoniy madaniyat fakulteti 1935 yilda Toshkent davlat pedagogika instituti tarkibida pedagogika fakulteti nomi bilan faoliyat yurita boshlagan.
Pedagogika fakultetida dastlabki yillarda maktablar uchun pedagogika va psixologiya o‘qituvchilari, shuningdek, xalq taʼlimi tizimi uchun inspektorlar, metodistlar, maktabgacha tarbiya muassasalarining tarbiyachilarini yetishtirib borish vazifasi yuklatilgan.
Fakultetga dastlab taniqli psixolog, o‘quv tarbiya jarayonining mohir tashkilotchisi Platon Ivanovich Ivanov rahbarlik qilgan. U davrda fakultetda bitta “Pedagogika va psixologiya" kafedrasi mavjud bo‘lgan va kafedrada taniqli olimlardan professor K.Bendrikov, dotsentlar V.Lubensov, V.Morozov, K.Radayev, Sh.Boyturova, N.Konstantinovalar taʼlim-tarbiya jarayonini olib borganlar.
1941 yilda fakultetda “Psixologiya" kafedrasi tashkil etilgan. 1951 yilning oktyabr oyidan “Maktabgacha tarbiya" kafedrasi tashkil etilgan. 1957 yildan boshlab esa xalq taʼlimi tizimi uchun boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tayyorlana boshlandi. 1958 yilda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini tayyorlash sifatini yana-da yaxshilash maqsadida fakultetda “Boshlang‘ich taʼlim pedagogikasi" kafedrasi tashkil etildi. Bu kafedrani turli yillar davomida N.Zubairova, I.Xusanxodjaev, O.To‘rayeva, M.Umarov, A.Azizova, K.Qosimovalar boshqarib keldilar.
Hozirgi kunda Boshlang‘ich taʼlim va jismoniy madaniyat fakultetida bo‘lajak boshlang‘ich sinf, jismoniy tarbiya, musiqa o‘qituvchilarini innovatsion faoliyatga tayyorlash bo‘yicha ko‘pgina ishlar olib borilmoqda.
Fakultetda o‘zbek, rus va qozoq tillari bo‘yicha “5111700 – Boshlang‘ich taʼlim va sport-tarbiyaviy ish", “5111100 – Musiqa taʼlimi", “5112000 – Jismoniy madaniyat" bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha hamda “5A111701 – O‘quv-tarbiya nazariyasi va metodikasi (boshlang‘ich taʼlim)", “5A112001 – Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi" magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlab kelinmoqda.
Pedagogika va psixologiya
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Pedagogika fakulteti 1935 yildan faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Fakultetning birinchi dekani sifatida taniqli psixolog olim, professor P.I.Ivanov faoliyat yuritgan.
2016-2017 yillarda Pedagogika va psixologiya hamda defektologiya fakultetlari birlashtirilib, pedagogika fakulteti tashkil topdi.
2018 yil Pedagogika va psixologiya fakulteti tashkil etilib, fakultet dekani sifatida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent X.Sh.Qodirov boshqarib kelmoqda.
Fakultetda quyidagi taʼlim yo‘nalishlari mavjud:
- 5110900- Pedagogika va psixologiya yo‘nalishi;
- 5210200- Psixologiya (umumiy psixologiya) yo‘nalishi;
Fizika-matematika
Fizika-matematika fakulteti 1935 yilda institut tashkil topgan vaqtda 3ta fakultetning biri sifatida faoliyat boshlagan. 1968 yildan fizika va matematika alohida fakultet sifatida, 1999 yildan esa yana fizika-matematika fakulteti bir butun fakultet bo‘lib faoliyat yuritib kelmoqda.
Fizika-matematika fakulteti “Matematika oʼqitish metodikasi", “Informatika oʼqitish metodikasi", “Fizika va astronomiya oʼqitish metodikasi" taʼlim yoʼnalishlari boʼyicha bakalavr, «Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (Matematika)», «Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (Fizika va astronomiya)», «Taʼlimda axborot texnologiyalari», mutaxassisliklari boʼyicha respublikamizning umumiy oʼrta taʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun matematika, informatika hamda fizika va astronomiya fanlaridan dars beradigan yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlab kelmoqda.
Tabiiy fanlar fakulteti
Tabiiy fanlar fakulteti 1935 yilda Tabiyot-geografiya fakulteti nomi bilan tashkil etilgan. Dastlabki yillar fakultet qoshida uchta: botanika, kimyo va geografiya kafedralari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 1937 yil sentyabridan Zoologiya kafedrasi tashkil etildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida fakultet vaqtincha faoliyatini to‘xtatdi va 1944-1945-o‘quv yilida fizika-matematika fakulteti qoshida «Tabiyot-geografiya» bo‘limi ochildi. Bo‘lim qoshida zoologiya, kimyo, botanika, geografiya kafedralari faoliyat ko‘rsatdi. 1953 yilda Tabiyot-geografiya bo‘limi fizika-matematika fakulteti tarkibidan chiqarilib, yangidan mustaqil fakultet sifatida ish boshladi. 1959 yilga kelib esa fakultet qoshida Biologiya va qishloq xo‘jaligi asoslari bo‘limi va qishloq xo‘jalik asoslari kafedrasi ochildi. Fakultet Tabiyot-geografiya va agropedagogika fakulteti nomi bilan atala boshlandi. 1961 yilda V.G.Belinskiy nomidagi kechki Toshkent davlat pedagogika instituti Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti bilan birlashtirildi va fakultet qoshida Odam va hayvonlar anatomiyasi va fiziologiya, Iqtisodiy geografiya, Biologiya o‘qitish metodikasi kafedralari ham tashkil etildi.
“Taʼlim to‘g‘risida"gi Qonun va Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi asosida zamon talablariga javob bera oladigan, erkin fikrlaydigan, har tomonlama barkamol, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida hamda Kimyo, biologiya, geografiya va qishloq xo‘jaligi asoslari taʼlim yo‘nalishlari ochilishi munosabati bilan fakultetdagi kafedralar optimallashtirildi - Biologiya va uni o‘qitish metodikasi, Kimyo va uni o‘qitish metodikasi, Botanika, zoologiya va tabiatni muhofaza qilish, Anatomiya, fiziologiya va gigiyena, Geografiya o‘qitish metodikasi kafedralari tashkil topdi. 1996 yilda Tabiiy geografiya va Iqtisodiy geografiya kafedralari birlashtirilib, Geografiya va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi, zoologiya va anatomiya, fiziologiya kafedralari birlashtirilib, zoologiya va anatomiya, fiziologiya kafedrasi tashkil etildi. 1997 yilda biologiya yo‘nalishidagi uchta: Zoologiya, odam anatomiyasi va fiziologiyasi; Botanika, ekologiya, tabiatni muhofaza qilish hamda Biologiya va uni o‘qitish metodikasi -kafedralari birlashtirilib, yangi tashkil topgan kafedraga Biologiya va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi nomi berildi. 1998 yil 24 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutiga universitet maqomi berilishi munosabati bilan fakultet Tabiyot fanlari fakulteti deb nomlangan. 2010 yildan boshlab "Tabiiy fanlar" fakulteti deb yuritilmoqda.
Tarix fakulteti
Tarix fakulteti 1935-yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti tashkil topgan kundan boshlab faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Boshlang‘ich davrda 23ta talaba o‘qigan va professor V.I. Krasovsev rahbarligidagi bitta kafedra faoliyat ko‘rsatgan.
Fakultet tashkil topgandan buyon, ta‘lim tizimiga 25000 mingdan ortiq yuqori malakali tarixchi-pedagoglar tayyorlangan.
Fakultet XX asrning 50-yillarida Tarix-filologiya fakulteti sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 1968-yili Tarix fakulteti alohida fakultet bo‘lib ajralib chiqdi.
Tarix fakulteti Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida ilk tashkil etilgan fakultetlardan biridir. Hozir fakultetda «Tarix o‘qitish metodikasi», «Milliy g‘oya va ma‘naviyat asoslari» bakalavr yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Fakultetda «O‘zbekiston tarixi va Tarix o‘qitish metodikasi», «Milliy g‘oya va ma‘naviyat asoslari», «O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurush nazariyasi va amaliyoti», kafedralari mavjuddir.
Texnologik ta‘lim
Mamlakatimizda fan-texnika taraqqiyotining rivojlanishi 1957-yilda umumiy o‘rta ta‘lim maktablarida politexnik ta‘limni joriy qilish zaruriyatini keltirib chiqardi. Shundan kelib chiqqan holda, o‘n yillik umumiy o‘rta ta‘lim maktablarini politexnik ta‘lim maktablariga aylantirishga qaror qilindi.
Bu esa oliy pedagogika o‘quv yurtlari oldiga ushbu maktablarda umumtexnika va mehnat fanlaridan dars beradigan yuqori malakali o‘qituvchi kadrlar tayyorlashni asosiy vazifalardan biri qilib qo‘ydi. Bu vazifani amalga oshirish uchun 1957-yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida «Fizika va ishlab chiqarish asoslari» o‘qituvchisini tayyorlab berish uchun moddiy texnika bazani yaratishga kirishildi. 1957-59-yillarda, “Fizika" fakulteti qoshida mashinasozlik texnologiyasi laboratoriyasi, avtotraktor o‘quv xonasi, metallarga ishlov berish va duradgorlik ustaxonalari tashkil qilindi.
1959-yildan boshlab fakultet turli davrlarda «Injener - pedagogika», «Umumtexnika fanlari», “Industrial-pedagogikasi" va hozirgi kunda «Kasb ta‘limi» fakulteti deb nomlangan.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti 1959-1960-o‘quv yilidan boshlab fizika-matematika fakulteti negizida umumtexnika fanlari va mehnat ixtisosligi bo‘yicha o‘qituvchilarni tayyorlay boshladi va shu yili 1-sentyabrdan boshlab injener-pedagogika fakulteti tashkil topdi hamda fakultet qoshida bitta – “Mashinasozlik va metallar texnologiyasi“ kafedrasi tashkil etildi.
Bugungi kunda fakultetda 5ta bakalavr yo‘nalishlari hamda 6ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.
Ular quyidagilardir:
Bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha:
- 5112100 – Mehnat ta‘limi;
- 5111000 – Kasb ta‘limi (5150900- Dizayn (Kostyum));
- 5111000 - Kasb ta‘limi(5330200-Informatika va axborot texnologiyalari);
- 5111000 – Kasb ta‘limi (5330400 – Kompyuter grafikasi va dizayn);
- 5110800 – Tasviriy san‘at va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi;
Magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha:
- 5A112100 – Ta‘lim tarbiya nazariyasi va metodikasi (mehnat ta‘limi);
- 5A 110802 – Muhandislik grafikasi va dizayn nazariyasi;
- 5A 110801 – Tasviriy san‘at va amaliy bezak san‘ati;
- 5A111001-Kasb ta‘limi nazariaysi va metodikasi (informatika va axborot texnologiyalari)
- 5A111001-Kasb ta‘limi nazariaysi va metodikasi (dizayn);
- 5A111001-Kasb ta‘limi nazariaysi va metodikasi (kompyuter grafikasi)
Chet tillar
Tarixga nazar tashlasak, Rus filologiyasi fakulteti (1940-1950 yillarda) alohida fakultet bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. Ushbu fakultetda Rus tilshunosligi (1940 y.), Rus va chet el adabiyoti (1940 y.), Rus tili va uni o‘qitish metodikasi (1947 y.), Koreys tili va adabiyoti (1956 y.) va bir necha yil tatar tili kafedralari faoliyat ko‘rsatishgan. 1985-yildan Rus va tatar filologiyasi fakulteti tashkil qilinib (fakultet dekani J.L. Azizov), keyinchalik rus va koreys filologiyasi (fakultet dekani I.G.Yugay) fakulteti deb 1992-yildan nomlandi.
Chet tillar fakulteti 2000-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bunda Ingliz va nemis tillari ta‘lim yo‘nalishlari bo‘yicha “Ingliz tili", “Nemis tili" kafedralari faoliyat ko‘rsatishgan. Keyinchalik 2002-yilda “Ingliz tili amaliy kursi" kafedrasi tashkil topgan .
2005-2006-o‘quv yilida xorijiy tillar sifatida bu fakultetlar birlashtirilib yagona Chet tillar fakulteti deb yuritila boshladi.
Hozirgi kunda fakultetda 6ta ta‘lim yo‘nalish bo‘yicha talabalar tahsil olishadi. Bular “Ingliz tili va adabiyoti", “Nemis tili va adabiyoti", “Rus tili va adabiyoti", “Koreys tili va adabiyoti", “Rus tili va adabiyoti (o‘zga tilli guruhlarda)" va Qozoq tili va adabiyoti ta‘lim yo‘nalishlaridir.
Hozirgi kunda fakultetda 900ga yaqin talaba “Ingliz tili va adabiyoti ", “Nemis tili va adabiyoti ", “Rus tili va adabiyoti", “Koreys tili va adabiyoti", “Rus tili va adabiyoti (o‘zga tilli guruhlarda)" va Qozoq tili va adabiyoti ta‘lim yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olishadi.
Harbiy ta‘lim fakulteti
Nizomiy nomidagi TDPI rektorining 1991-yilning 31-martidagi 210-sonli buyrug‘iga ko‘ra TDPI (TDPU) tizimida Boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik va jismoniy tarbiya o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv jarayoni yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi hamda Mudofaa vazirligining 2008-yil 5-avgustdagi12/230-sonli qo‘shma qaroriga hamda universitet rektorning 2008-yil 21-oktyabrdagi 328-U sonli buyrug‘iga binoan harbiy kafedra negizida Jismoniy madaniyat va chaqiriqqacha harbiy ta‘lim fakulteti tashkil etilib, Chaqiriqqacha harbiy ta‘lim, Jismoniy madaniyat va bolalar sporti yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar tayyorlangan.
Fakultetda yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston uzluksiz ta‘limi davlat standartlari tizimi va o‘quv rejalari tasdiqlanib, amalda tadbiq etilgan. Fakultetning Chaqiriqqacha harbiy ta‘lim yo‘nalishi respublikada tayanch yo‘nalish hisoblanib, Chaqiriqqacha harbiy ta‘lim hamda Jismoniy madaniyat va bolalar sporti ta‘lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublikamizdagi akademik litsey, kasb-hunar kollejlari va umumiy o‘rta ta‘lim maktablariga -Jismoniy tarbiya va sport hamda Yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash fanlaridan dars beradigan yuqori malakali mutaxassis kadrlarni tayyorlab kelgan. 2012-2013-o‘quv yilidan boshlab harbiy kafedra Harbiy ta‘lim fakuteti maqomi bilan faoliyat yurita boshladi.
Maxsus pedagogika
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Maxsus pedagogika fakulteti rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar ta‘lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi kadrlarni tayyorlaydigan Respublikadagi yagona fakultet hisoblanadi.
O‘zbekistonda defektolog-mutaxassislar tayyorlash deyarli ellik bir yil avval yo‘lga qo‘yilgan va o‘sha vaqtda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti (instituti) O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda anomal bolalar ta‘lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi kadrlarni tayyorlaydigan oliy ta‘lim dargohi hisoblangan.
1973-yilda pedagogika va psixologiya fakultetining “Defektologiya" bo‘limida “Surdopedagogika" yo‘nalishi ham ochildi, bo‘limga 27 nafar talaba qabul qilindi. Shu vaqtdan e‘tiboran, zaif eshituvchi va kar bolalar maktabi uchun boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tayyorlana boshlandi.
1981 yilda Defektologiya kafedrasi ikki mustaqil kafedraga bo‘lindi: “Oligofrenopedagogika va logopediya" hamda “Surdopedagogika va defektologiyaning klinik asoslari" kafedralar tashkil etildi.
1981 yilda defektologiya alohida fakultet maqomiga erishdi va fakultetda talabalar sonining ortib borishi bilan milliy kadrlarni tayyorlashga ham alohida e‘tibor berila boshlandi. Bu masalani hal qilish maqsadida fakultetning professor-o‘qituvchilari Moskva, Kiyev va boshqa shaharlardagi oliy ta‘lim muassasalarining Defektologiya fakultetlariga biriktirildi.
1999 o‘quv yilidan boshlab Defektologiya fakulteti Boshlang‘ich ta‘lim fakulteti bilan birlashtirildi hamda surdopedagogika, tiflopedagogika, oligofrenopedagogika, logopediya bo‘yicha mutaxassislar tayyorlana boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I. A. Karimov tomonidan 2007 yilni “Ijtimoiy himoya yili" deb e‘lon qilinishi hamda shu asosida qabul qilingan “Ijtimoiy himoya yili" Davlat dasturida defektolog kadrlarni tayyorlash masalasiga katta e‘tibor berildi. Ushbu dasturda belgilangan vazifalar ijrosini ta‘minlash maqsadida Defektologiya fakulteti Boshlang‘ich ta‘lim fakultetidan ajralib chiqdi va fakulteti qoshida “Korreksion pedagogika" va “Maxsus ta‘lim metodikalari" kafedralari tashkil etildi.
2016-yilda Defektologiya fakulteti Pedagogika va psixologiya fakulteti bilan birlashtirildi. Ushbu fakultetda Defektologiya, Maktabgacha ta‘lim va Psixologiya, Psixologiya faoliyat turi yo‘nalishlari faoliyat olib borildi.
2017 yilda Defektologiya yo‘nalishi bo‘yicha Sirtqi va Maxsus sirtqi bo‘limlari tashkil qilindi.
2018 yilda Defektologiya mustaqil fakultet maqomiga ega bo‘lib, Maxsus pedagogika nomi berildi va fakultet qoshida uchta: Logopediya, Oligofrenopedagogika va Surdopedagogika kafedralari tashkil qilindi. Hozirgi kunda fakultetda kunduzgi va kechki bakalavr, maxsus sirtqi va sirtqi ta‘lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta‘lim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu yildan boshlab bakalavr ta‘lim yo‘nalishiga oligofrenopedagogika, logopediya, surdopedagogika yo‘nalishlariga talabalar qabul qilindi. Magistratura bo‘limida ham oligofrenopedagogika, logopediya, surdopedagogika mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.
Innovatsion pedagogika
O‘zbek-belarus qo‘shma fakulteti 2018 yilda Belarus davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Fakultet ayni paytda uch yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlamoqda. Ular:
- Defektologiya (Logopediya)
- Psixologiya
- Maktabgacha ta‘lim
Rus tili va adabiyoti
Maktabgacha ta'lim
1979 yilda “Maktabgacha ta’lim" yo‘nalishi “Pedagogika va psixologiya" fakulteti tarkibidan ajralib chiqib, mustaqil fakultet sifatida shakllangan. Fakultet dekani sifatida dotsent G.Sh.Abdullaeva tayinlangan. Shu davrdan boshlab, fakultetda «Maktabgacha pedagogika» va «Maktabgacha tarbiya metodikasi» kafedralari faoliyat boshlagan.
- 1979-1999 yillarda fakultetda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlangan:
- XTB lar uchun metodist-nazoratchi
- Pedagogika bilim yurtlari uchun maxsus fanlar bo‘yicha o‘qituvchi
- Maktabgacha tarbiya muassasasining metodisti
- Maktabgacha tarbiya muassasasining tarbiyachisi
1998-1999 yillarda «Maktabgacha tarbiya», «Defektologiya», «Boshlang‘ich ta’lim metodikasi» fakultetlarini birlashtirish asosida fakultet «Pedagogika va defektologiya» deb nomlangan. Shu yildan, «Maktabgacha pedagogika» va «Maktabgacha tarbiya metodikasi» kafedralari ham birlashtirilib, «Maktabgacha tarbiya pedagogikasi va metodikasi» deb nomlangan.
So‘nggi yillarda respublikamizda maktabgacha ta’limning samarali tizimini rivojlantirish, maktabgacha ta’lim sohasida malakali kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga javoban, Toshkent davlat pedagogika universiteti rektorining 2019 yil
22 iyul “Universitetning o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan tarkibiy tuzilmasini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida"gi 813-U-son buyrug‘iga asosan 2019-2020 o‘quv yilida “Maktabgacha ta’lim" fakulteti mustaqil fakultet sifatida qayta tashkil etildi.