Nega ayrim tumanlardan abituriyentlar o‘qishga ko‘p qabul qilinmoqda?


Ma’rifat gazetasi DTM ma'lumotlari asosida Oliy ta'lim muassasalariga kirish bo‘yicha ma'lumotlariga e'tibor qaratdi. Ularda respublika bo‘ylab 199ta tuman va shaharlarda talaba bo‘lish istagida OTMga hujjat topshirgan abituriyentlar va ular orasidan necha foizi talabalikka tavsiya qilingani yoritib berilgan.

Respublikada bu borada Buxoro va Navoiy abituriyentlari yetakchilik qilayotgani haqida avval xabar berilgan edi.

Abituriyentlar eng ko‘p talabalikka tavsiya etilgan o‘n tuman/shaharlardan yettitasi Buxoro viloyatiga (Shofirkon, Vobkent, Peshko‘, Qorako‘l, G‘ijduvon, Qorovulbozor tumanlari va Buxoro shahri) to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, qolgani Navoiy viloyatida (Zarafshon, Navoiy shaharlari, Qiziltepa tumani) joylashgan. Ularda o‘qishga kirganlarning hujjat topshirganlarga nisbati 19,7-22,1 foizdan iborat.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi – bu hududlar, xususan Buxoro viloyati qanday qilib bunday yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan? Albatta, bu borada rasmiy e'lon qilingan biror hujjatni topish qiyin. Lekin ayrim omillar borki, ulardan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Buxoro shahrida, shuningdek viloyatning Qorako‘l tumanida abituriyentlarni tayyorlash bo‘yicha bir necha yillik an'analarga ega nihoyatda kuchli tizim shakllangan. Bu hududning o‘qituvchilari bir necha o‘quv markazlarida o‘quvchilar bilan juda jiddiy shug‘ullanishadi. Avvalo atrofdagi tumanlardan, shuningdek qo‘shni viloyatlardan, hatto poytaxtdan ham abituriyentlar borib, shu hududda tahsil olishlari aytiladi. Bu tizim asosida poytaxtda ham bir necha o‘quv markazlari faoliyat yuritadi.

Eng qizig‘i, bu tayyorlov tizimidan o‘tgan va keyinchalik talabaga aylangan yoshlarning ko‘pchiligi keyinchalik yirik shaharlarda, asosan poytaxtda o‘zlari alohida repetitorlik bilan shug‘ullanishadi.

DTM tomonidan bu ro‘yxatning e'lon qilinishi ham qiziqarli, ham foydali albatta. Avvalo hududlardagi bu boradagi mavjud real holatni ko‘rsatadi. Shuningdek, sog‘lom raqobat muhiti yuzaga keladi, ma'lum tumanlarning tajribasi boshqa joylarga tatbiq etiladi.

Shu bilan birga, e'lon qilingan ma'lumotda bir qator qiziqarli faktlar uchraydi.

Masalan – aholisi (430 ming) eng zich va yirik shahar, viloyat markazlaridan biri bo‘lgan Andijon shahridan OTMga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 6314 nafar bo‘lgani holda ularning faqat 493 nafari (7,8 foizi) talabalikka tavsiya etilgan. Qiyoslash uchun viloyat markazi yoki yirik shahar hisoblanmaydigan Denov tumanidan 7239 abituriyent hujjat topshirgan va ularning 578 nafari talabalikka tavsiya etilgan. Yoki Urgut tumanida bu ko‘rsatkich 6046/481, cho‘l hududi hisoblangan Chiroqchida 6891/619 bo‘lgani ham andijonliklar o‘ylab ko‘rishi kerak bo‘lgan holatdir.

Abror Zohidov