Navoiyda yangi universitet tashkil etiladi


Prezidentning «Navoiy politexnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamaga e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi Navoiy davlat konchilik instituti negizida Navoiy politexnika universiteti tashkil etiladi.

Universitetga quyidagi huquqlar berilishi ko‘zda tutilgan:

  • xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning reytingida (Quacquarelli Symonds World University Rankings, The Times Higher Education World University Rankings, Academic Ranking of World Universities kabi) oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1 000 o‘rinni egallagan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining tajribasi va dasturlari asosida individual ta’lim trayektoriyalariga asoslangan, talabalarda kreativ fikrlash, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan o‘quv rejalar ishlab chiqish orqali talabalar qiziqishlari hamda kadrlar buyurtmachilari ehtiyojlariga muvofiq ta’lim dasturlarini shakllantirish;
  • iqtidorli yoshlarni aniqlash, akademik litseylarga jalb qilish, oliy ta’lim muassasalariga saralab olish, chuqurlashtirilgan ta’lim dasturlari asosida o‘qitish, ularning fan olimpiadalaridagi ishtirokini kengaytirish, ilmiy faoliyatga bo‘lgan qiziqishini oshirish, «ustoz-shogird" tizimi asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislarga biriktirish, bu boradagi ma’lumotlar elektron bazasini yaratish;
  • ish beruvchilar talablarini inobatga olgan holda o‘quv rejalaridagi nazariy ta’lim ulushini qisqartirish hisobiga amaliy mashg‘ulotlar hajmini oshirish, haftada bir kunlik amaliyot tajribasini qo‘llash va boshqalar.

Navoiy viloyati hokimligi universitetga yangi bino va inshootlarni qurish maqsadida 2022 yil may oyiga qadar yer maydoni ajratadi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati esa oliygoh uchun yangidan qo‘shimcha bino va inshootlarni qurish hamda tutash hududlarni rekonstruksiya qilish loyihalarini O‘zbekiston Respublikasining 2022–2025 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturida belgilangan tartibda kiritilishini ta'minlaydi.

Qaror loyihasida universitetning huquqlari, asosiy vazifalari va yo‘nalishlari belgilab qo‘yildi.