Navoiy davlat konchilik institutining Nukus filialiga 2019/2020 o‘quv yilida 50 nafar talaba qabul qilinadi


Vazirlar Mahkamasi Navoiy davlat konchilik institutining Nukus filialini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi 2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalarini ishlab chiqishda filialga 50 nafar talaba qabul qilinishini nazarda tutishi belgilandi. 

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab filialga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Hujjatda ko‘rsatilishicha, filialda 2019/2020 o‘quv yili uchun konchilik ishi, kimyoviy texnologiya, 2020/2021o‘quv yilidan boshlab mashinasozlik texnologiyasi, mashinasozlik ishlab chiqarishini jihozlash va avtomatlashtirish, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish hamda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab konchilik elektr mexanikasi, elektr energetikasi yo‘nalishlarida bakalavrlar tayyorlanadi.

Mazkur filial Nukus shahri, Qoraqalpog‘iston ko‘chasi 24-uy manzilida joylashgan binoga tekin foydalanish huquqi bilan joylashtiriladi.

Avvalroq O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Navoiy davlat konchilik instituti hamda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Nukus filiali tashkil etilgani xabar qilingandi.