Navoiy davlat konchilik instituti universitet sifatida qayta tashkil etiladi


Prezident “Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Yangi universitet huzurida bitta institut, ilmiy texnologiya sanoat parki, 2 ta politexnika hamda 2 ta sanoat texnikumi bo‘ladi.

Prezident qaroriga ko‘ra, universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • sanoat, texnika-texnologiya, muhandislik sohalari uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish;
  • yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va masofaviy ta’lim texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;
  • zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriya bazasini shakllantirish, iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi uchun yangi ishlanmalarni yaratish, talabalarga ta’lim jarayonida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoit yaratish;
  • sanoat tashkilotlarining muammolarini yechishga qaratilgan ilmiy, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish, tadqiqot natijalari va ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni jalb etish, respublika va yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
  • o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, talabalar nazariy bilimlarining ishlab chiqarish amaliyoti bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish;
  • o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil ta’lim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirish;
  • ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan, professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli respublika va xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etish.

Universitet huzurida Navoiy davlat konchilik institutining Nukus filiali negizida Nukus konchilik instituti va “Navoiy" ilmiy-texnologiya sanoat parki tashkil etiladi. 2022/2023 o‘quv yilida esa Navoiy davlat pedagogika instituti huzuridagi Karmana xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi negizida – Karmana politexnika texnikumi; “O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi tizimidagi Nurota sanoat-konchilik kolleji negizida – G‘ozg‘on politexnika texnikumi; Navoiy davlat konchilik instituti huzuridagi Uchquduq sanoat texnikumi va Zarafshon sanoat texnikumi universitet huzuriga o‘tkaziladi. Mazkur texnikumlarda sanoat, konchilik, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish, energetika, elektrotexnika, xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Karmana xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi hamda Nurota sanoat-konchilik kollejida ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘qishni bitirgunlariga qadar mazkur ta’lim muassasalarida amaldagi ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishini davom ettirishadi.

Qaror bilan universitet faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha boshqaruv kengashi ham tashkil etilib, uning tarkibi tasdiqlandi hamda vazifalari va vakolatlari belgilab berildi.

Universitet davlat OTM hisoblanadi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi. Universitet va uning huzuridagi Nukus konchilik institutiga talabalarni qabul qilish parametrlari har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi doirasida aniqlanadi. Shuningdek, Navoiy davlat konchilik instituti va uning Nukus filiali talabalari o‘qishini tegishliligi bo‘yicha universitet va uning huzuridagi Nukus konchilik institutida davom ettiradi.