Navbatdagi test sinovlari to‘liq «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlarida bo‘lib o‘tishi mumkin


Ayni paytda hukumat test sinovlari tizimini mukammallashtirish, imtihonlarning adolatli o‘tishiga zamin yaratish bo‘yicha takliflarni ko‘ri chiqishga kirishgan. Bildirilgan takliflar ichida kelgusi yili Toshkent shahridagi barcha oliy ta’lim muassasalarining bakalavr yo‘nalishiga qabul bo‘yicha test sinovlarini to‘liq «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlarida o‘tkazish varianti ham bor. Bu haqda «Xabar.uz» hukumatdagi manbalariga tayanib ma’lum qildi.

2017 yilning 8 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasini isloh qilish, kasb-hunar ta’limi tizimini yanada rivojlantirish va test sinovlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgan edi. Mazkur tadbirda 2017—2021-yillarda oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish dasturini ishlab chiqish, o‘quv dasturlarini yanada takomillashtirish, pullik xizmatlar ko‘rsatish va moliyalashtirishning qo‘shimcha manbalarini izlashda oliy o‘quv yurtlarining vakolatlarini kengaytirish yo‘li bilan ularning mustaqilligi bosqichma-bosqich rivojlantirilib borish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga bo‘ladigan test sinovlarining ochiq va oshkoraligini ta’minlash kabi masalalar muhokama etildi.

Davlat rahbari yoshlarda oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga bo‘lgan talabning oshib borayotganini, bunda muhim bo‘lgan test sinovlari tizimining esa eskirganini ta’kidlab, test sinovlarini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish, bunda rivojlangan xorijiy davlatlarda sinovdan o‘tgan eng ilg‘or tajribalarni tatbiq etish, test sinovlarining shaffofligini ta’minlash yuzasidan ham ko‘rsatmalar bergan edi.

Yuqoridagi taklif amalga oshib, test sinovlari to‘liq «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlarida o‘tkaziladigan bo‘lsa, abituriyentlar sonining ko‘pligi, pavilonlardagi joyning kamligi inobatga olinib, imtihonlarni 10 kun davomida bo‘lib o‘tishi, bunda har kuni avvaldan belgilangan oliy ta’lim muassasalari uchun sinovlarni tashkil etilishi ham mumkin, — deyiladi xabarda.


Manba: tafsilot.uz