Namanganda soxta hujjatlar bilan o‘zganing o‘rniga imtihonga kirishga uringan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda IIBning Davlatobod tumani bo‘limlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda fuqaro M.A. 2021/2022-o‘quv yili test imtihonlariga o‘zining o‘rniga tanishi M.R.ni kiritishga uringani aniqlangan. Buning uchun u o‘zining fotosuratini rasmiy hujjat hisoblangan ma’lumotnoma va Davlat test markazining abituriyent ruxsatnomasiga joylashtirib, ushbu hujjatga rasmiy tus berish maqsadida Namangan shahar IIO FMB va FRB boshlig‘i imzosini soxtalashtirgan.
M.R. ushbu soxta hujjatlar orqali 13-avgustda bo‘lib o‘tgan qabul imtihonida qatnashish uchun nazorat yo‘lagidan o‘tmoqchi bo‘lganida to‘xtatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Andijon va Xorazmda pul evaziga abituriyentlarni o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan institut hisobchisi va talaba ushlangani, Andijonda fuqaroning o‘qishini 1500 dollar evaziga O‘shdan Namanganga ko‘chirib berishni va’da qilgan talaba qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.