Vazirlar Mahkamasining 25.07.2017 yildagi 540-son «Namangan muhandislik-qurilish instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qarori e`lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 20.04.2017 yildagi PQ–2909-son Qaroriga muvofiq Namangan muhandislik-pedagogika instituti Namangan muhandislik-qurilish institutiga aylantirilgan edi
Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilandi:
•  muhandislik, arxitektura, qurilish, mashinasozlik va kommunal xo‘jalik sohalarining tashkilotlari uchun yuqori malakali, raqobatbardosh va mehnat bozori talablariga mos kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta`minlash;
•  xorijiy mamlakatlar ta`lim muassasalarining tajribasini hisobga olgan holda tegishli muhandislik, arxitektura, qurilish va ishlab chiqarish yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish va ta`lim jarayoniga keng tatbiq etish, zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta`minlash, shu jumladan axborot-resurs markazlari fondlarini eng yangi xorijiy adabiyotlar bilan muntazam yangilab borish;
•  o‘quv-pedagogik faoliyatga, malaka oshirish kurslariga xorijiy hamkor ta`lim muassasalaridan yuqori malakali o‘qituvchilar va olimlarni keng jalb qilish, shuningdek iqtidorli magistrantlar, yosh o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarning xorijiy oliy ta`lim muassasalarida stajirovkadan o‘tishini, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirishini tashkil qilish;
•  ilmiy salohiyatni mustahkamlash, ilm-fanning ishlab chiqarish bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish;
•  yoshlarni vatanparvarlik va fidoyilik g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, ma`naviy boy, har tomonlama kamol topgan, mustaqil dunyoqarashga va mustaqil fikrlashga ega bo‘lgan shaxs sifatida tarbiyalash;
•  oliy ta`lim muassasasining moddiy-texnika bazasini kadrlar tayyorlash yo‘nalishlariga muvofiq yanada mustahkamlash.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
•  Institutning tuzilmasi;
•  Institutning o‘quv jarayonini tashkil etishni takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar tarkibini to‘ldirish va zarur moddiy-texnika bazasini yaratish chora-tadbirlari dasturi.
Institutda 4 fakultet faoliyati yo‘lga qo‘yiladi:
•  Qurilish;
•  Muhandislik;
•  Transport;
•  Qurilish texnologiyasi.
Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirligi 2017/2018 o‘quv yili boshlanishiga qadar Institutni o‘quv rejalari, fan dasturlari va o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta`minlaydi.
Namangan muhandislik-qurilish institutining faoliyatini moliyalashtirish manbalari:
•  Davlat byudjyeti mablag‘lari;
•  xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
•  jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va maqsadli badallari;
•  xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
•  qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
 
                                 
                                         
                                         
                                         
                                         
                                         
                                         
                                        