Ayni kunda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Faxriddin Matkarimov boshchiligidagi delegatsiya Rossiyaning Sverdlovsk viloyatida mehmon bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda«O‘zA».
Qayd etilishicha, hokim o‘rinbosari Ural davlat tibbiyot universiteti rektori Olga Kovtun bilan uchrashgan. Unda tibbiyot sohasida mutaxassis kadrlarni tayyorlash maqsadida ikkita bitim imzolandi.
Endilikda Namangan viloyatida ham oliy ma’lumotli tibbiyot mutaxassislari tayyorlanishi uchun imkoniyat yaratildi. Ural davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlik shartnomasiga muvofiq, Namangan davlat universitetida to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha, ya’ni davolash ishi, pediatriya, stomatologiya, farmatsevtika yo‘nalishlari bo‘yicha yangi fakultet tashkil etiladi. Talabalar yangi o‘quv yilidan boshlab qabul qilinadi. Shuningdek, namanganlik tibbiyotchilar Ural davlat tibbiyot universitetida malaka oshirish kursida o‘qib, u yerdagi klinikalarda amaliyot o‘tashadi.