Mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar OTMga kontrakt asosida qabul qilinadi


Vazirlar Mahkamasining “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi va 2022 yil 1 maydan boshlab kuchga kiritiladi:

  • alohida kvotalarni davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash tartibi;
  • mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil ish stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish tartibi;
  • alohida test sinovlarini o‘tkazish tartibi.

Xotin-qizlarga tavsiyanoma Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan bir marta beriladi hamda tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil muddatga amal qilishi belgilanadi.

Tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar har yili oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kirish uchun hujjatlarni topshirish muddatlarida o‘rnatilgan tartibda maxsus elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Tartib mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishni belgilaydi.

Bunda, o‘qishga qabul qilish Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomasi asosida mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar hisobidan, keyinchalik ushbu tizimda besh yil ishlab berish sharti bilan ish faoliyatiga mos bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga test sinovlari natijalariga asosan amalga oshiriladi.

Mazkur tartib oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tavsiyanoma mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun beriladi.

Tavsiyanoma olish uchun talabgor xotin-qizlar doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga elektron shaklda har yili 1 maydan 1 iyunga qadar murojaat qiladi.

Tavsiyanoma qo‘mita birinchi rahbari tomonidan, birinchi rahbar lavozimi vakant bo‘lganda va/yoki uning vazifalarini bajarish boshqa shaxsga yuklatilganda esa – ushbu rahbar tomonidan beriladi. Xotin-qizlarga tavsiyanoma qo‘mita tomonidan bir marta beriladi hamda tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil muddatga amal qiladi.

Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish masalasini ko‘rib chiqish uchun qo‘mitaning tuman (shahar) bo‘limlarida ishchi guruhlar tuziladi.