Moliyaviy mustaqil OTMlarda qabul ko‘rsatkichlari oshadi, kontrakt narxi-chi?


1 yanvardan quyidagi o‘nta OTMda o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimi sinab ko‘rilmoqda: 

  • Samarqand davlat chet tillar instituti
  • Samarqand iqtisodiyot va servis instituti
  • Toshkent davlat yuridik universiteti
  • Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
  • Toshkent moliya instituti
  • Toshkent davlat sharqshunoslik instituti
  • Toshkent farmatsevtika instituti
  • O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
  • Urganch davlat universiteti
  • Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, mazkur tashabbus Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan davlatlardagi ilg‘or tajribalarni o‘rgangan holda tajriba-sinov tariqasida tatbiq etilyapti.

Moliyaviy mustaqil OTMlarda kontrakt miqdori keskin oshib ketmaydi

O‘zini o‘zi moliyalashtirish oliy ta'lim muassasalarining to‘lig‘icha xususiy sektorga o‘tib ketishini anglatmaydi. Ularga mustaqil rivojlanish va ta'lim sifatini oshirish uchun mavjud resurslardan foydalanishda erkinlik beriladi.

Yangi tizimga o‘tayotgan OTMlarda to‘lov-kontrakt narxlarining keskin oshib ketmasligi, qo‘shimcha mablag‘ topish uchun mavjud imkoniyatlarga zid ravishda ortiqcha qabulning amalga oshirilmasligi, eng muhimi sohada korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik uchun moliyaviy mustaqil bo‘layotgan OTMlardagi o‘quv jarayonlari vazirlik tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda qat'iy nazorat qilib borilishi aytilmoqda.

Qabul ko‘rsatkichlari oshadi

Yangi tizimga o‘tadigan OTMlarda davlat granti va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida kadrlar tayyorlash davom etadi.

Bu jarayonda qabul kvotalarining oshishi ham kutilyapti.

Misol uchun, 2020 yildan o‘zini-o‘zi moliyalashtirishga o‘tadigan oliygohlar qariyb 17 ming nafar talabani o‘qishga qabul qilishi kutilmoqda, bu esa 2019 yildagi ko‘rsatkichdan 20 foiz ko‘p demakdir.

Davlatning oliy ta'limga yo‘naltiradigan mablag‘i kamaymaydi

O‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimining joriy etilishi oliy ta'lim sohasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va budjet mablag‘larining ajratilishini kamaytirmaydi.

Aksincha, davlat iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislarni tayyorlashda investor bo‘lib qoladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, 2020 yilda respublikadagi oliy ta'lim muassasalarini moliyalashtirishga davlat tomonidan 7 trillion so‘mdan ortiq (2019 yilga nisbatan 50,5 foizga ko‘p) mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Mablag‘lar mustaqil yo‘naltiriladi

Hozirda OTMlar o‘z mablag‘larini ko‘p hollarda oldindan belgilab berilgan tartibda sarflashga majbur, ya'ni ajratilgan mablag‘ga muvofiq xarajat qilinadi:

46,8 foiz – oylik maoshlar uchun,

33,1 foiz – stipendiyalarga,

11,5% – budjet uchun ajratmalar

8,6 % – boshqa xarajatlarga ishlatiladi.

Yangi moliyalashtirish tizimiga o‘tadigan OTMlar esa yuqoridagi maqsadlar uchun qancha mablag‘ sarflashni mustaqil o‘zi belgilaydi.

Natijada OTMda yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish va ularga ko‘proq xaq to‘lash imkoni tug‘iladi. Ko‘rsatiladigan ta'lim xizmatlari sifatini oshirish maqsadida xodimlarga ustamalar va moddiy rag‘batlantirishning boshqa turlarini mustaqil belgilash mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, iqtidorli yoki aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan bo‘lgan talabalarni moddiy rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash huquqiga ega bo‘ladi.

Oliygohlar qo‘shimcha mablag‘lari hisobiga xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘quv jarayonlarini xalqaro standartlar asosida tashkil qilish hamda bu orqali ta'lim sifati va muassasa jozibadorligini oshirishlari mumkin bo‘ladi.

Mablag‘lar sarflanishi jamoatchilik nazoratida bo‘ladi

OTMlarda mablag‘lardan foydalanishda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash uchun talabalar, ota-onalar vakillari, qolaversa, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat bo‘ladigan Jamoatchilik kengashi vakolatlari kengaytiriladi.

Mavjud mablag‘larning talon-taroj bo‘lmasligi hamda ularning maqsadli ishlatilishini kuzatib borish uchun imkoniyat yaratiladi.

O‘zini o‘zi moliyalashtiradigan OTMlarda qo‘shimcha mas'uliyat bor

Moliyaviy mustaqil bo‘lishi kutilayotgan OTMlarga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilgan:

  • qo‘shimcha ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish, iqtisodiyot tarmoqlari mutaxassislarining malakasini oshirish va boshqa pullik xizmatlarni joriy etish;
  • tegishli sohadagi dolzarb muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan ilmiy izlanishlarni tashkil etish, soha bo‘yicha ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda sohaning ilmiy muammolarini hal etishga yo‘naltirilgan fundamental, amaliy va innovatsion izlanishlarni amalga oshirish;
  • respublika va xorijiy OTMlar hamda ilmiy markazlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali oliy ta'lim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyatini doimiy oshirib borish;
  • zamonaviy pedagogik texnologiyalardan keng foydalana oladigan va ilmiy izlanish olib boradigan professor-o‘qituvchilarni tanlash maqsadida OTM va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida bir yillik shartnomalar tuzish amaliyotini joriy etish.

Rivojlangan davlatlarda OTMlarning bosqichma bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tishi, iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash orqali akademik mustaqillikka erishishi, pirovardida malakali kadrlar tayyorlash va keng ilmiy-tadqiqot faoliyatini yo‘lga qo‘yish tajribasi an'anaga aylangan.

O‘zbekistonda mazkur rejalar o‘zini qanchalik oqlashini vaqt ko‘rsatadi. Mexanizm to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilib, moliyaviy mustaqil OTMlar oliy ta'limni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishiga umid qilib qolamiz.