Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti


Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Universitet bir asrlik faoliyati davomida 100 mingdan ortiq yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab, xalq xo‘jaligining barcha sohalarini yetuk kadrlar bilan taminlashda katta xizmat qildi va ilm-fanning turli sohalarida jahon e`tirof etgan muvaffaqiyatlarga erishdi.

1918-yilda Toshkentning eski shahar qismida Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy singari ma’rifatparvarlar tashabbusi bilan milliy dorilfunun tashkil qilingan. Universitet dastlab, ya’ni 1918-yildan Xalq universiteti degan nom bilan faoliyat ko‘rsatgan. 1920-yildan Turkiston davlat universiteti, 1923-yildan esa O‘rta Osiyo davlat universiteti, 1960-yildan 2000-yilgacha Toshkent davlat universiteti deb yuritilgan. 1995-yil 14-sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qarori bilan Toshkent davlat universitetiga Mirzo Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek) nomi berildi.

Universitet nafaqat respublikada, balki mintaqada ilk tashkil etilgan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Universitet olimlari va o‘qituvchilari jamoasining ilm-fan, ta’lim, ma’rifat sohasidagi, ilmiy tadqiqot, ta’lim tizimini shakllantirishdagi alohida o‘rni va xalqaro nufuzini e’tiborga olib, 2000-yil 28-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq mazkur ilm maskaniga “Milliy universitet" maqomi berildi.

Bir asrlik tarixga, boy ananalarga va innovatsion g‘oyalarga ega bo‘lgan O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi ilmu marifat va talim-tarbiya sohasidagi yutuqlarni yanada kopaytirish, Vatan ravnaqiga bundan ham munosib hissa qo‘shish uchun qatiyat va shijoat bilan mehnat qilmoqda.

Hozirda O‘zbekiston Milliy universitetida quyidagi fakultetlar mavjud: 


Matematika

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Matematika fakultetiga 1918 yilda asos solingan. V.I. Romanovskiy (1879-1954), T.A. Sarimsoqov (1915-1995), S. X. Sirojiddinov (1920-1988) va M.T. O‘rozboev (1906-1980) kabi olimlar fakultet faoliyatida, jumladan, ilmiy tadqiqot ishlarining shakllanishida katta xizmat qilganlar. 

Fizika

Universitet tashkil etilgan dastlabki yillardayoq fizika fanini o‘rganishga asos solingan bo‘lib, fizika-matematika fakulteti tarkibida fizika, astronomiya, mexanika, geofizika yo‘nalishlarida talabalarga ta’limi bo‘yicha tahsil berish bilan bir qatorda fizikaning turli sohalarida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan. O‘rta Osiy Davlat universiteti rektorining 1959 yil 20 iyundagi 276-sonli buyrug‘iga asosan fizika-matematika fakulteti ikkita alohida fakultetga ajralib, fizika fakulteti mustaqil faoliyat ko‘rsata boshladi.

Biologiya

Biologiya fakulteti Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tarkibidagi eng keksa, obro‘li va nufuzli fakultetlaridan biri hisoblanadi. Fakultet o‘tgan asrning 30-yillarigacha fizika-matematika fakultetining bo‘limi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 1931 yildan boshlab esa universitetda alohida biologiya-tuproqshunoslik fakulteti tashkil etilib, 2015 yildan Biologiya fakulteti deb nomlangan.

Kimyo

1921 yilda Turkiston davlat universiteti qoshida kimyo instituti tashkil etilgan va bu institut universitetning beshta fakultetiga kimyo fanlaridan dars olib borgan. 1926 yilga kelib ushbu institut kimyo bo‘limiga, 1930 yilda esa O‘rta Osiyo dalat universiteti tarkibida kimyo fakulteti tashkil etilishiga asos bo‘ldi.

Iqtisodiyot

O‘zbekiston Milliy universitetiIqtisodiyot fakulteti yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun zarur bo‘lgan infratuzilmaga, ya’ni, o‘quv binolari va auditoriya fondi, o‘quv laboratoriya bazasi, o‘qitishning texnik vositalari, kompyuter zallari, talabalar turar joyi, 35 mingdan ortiq nusxada kitob fondi bo‘lgan kutubxonaga ega.

Ijtimoiy fanlar

Ijtimoiy fanlar fakulteti (1991 yilgacha Falsafa-iqtisod fakulteti, 1991-2014 yilgacha Falsafa fakulteti) 1979 yilda tashkil etilgan va 2014 yildan Ijtimoiy fanlar fakulteti deb nomlana boshlagan. Fakultet tarkibida dastlab falsafa, psixologiya, iqtisod, siyosatshunoslik bo‘limlari faoliyat olib borgan.

Tarix

Tarix fakulteti 1935 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unda Qadimgi dunyo tarixi, O‘rta asrlar tarixi va Yangi zamon tarixi kafedralari faoliyat olib borgan. Uning tarkibiga keyinchalik “Arxeologiya", “O‘rta asrlar va yangi tarix"(keyinroq “Jahon tarixi"), Manbashunoslik, arxivshunoslik va muzeyshunoslik, Etnologiya kafedralari ham kirdi.

Geologiya va geoinformatsion tizimlar

Dastlab geolog mutaxassislar 1918-1919 yillarda Musulmon Halq dorilfununining keginchalik Turkiston Xalq universitetining tabiiy bo‘limidagi Geologiya kabinetida tayyorlangan.

1920-yilning sentyabr oyidan boshlab geolog mutaxassislar fizika-matematika fakultetining tabiiy bo‘limida tayyorlandi.

Geografiya va tabiiy resurslar

Fakultet 1920 yilda Turkiston davlat universitetining Harbiy fakulteti tarkibida Turkiston geografiyasi va Geodeziya kafedralari sifatida o‘z faoliyatini boshlagan.

Universitetda oliy ma’lumotli geograf-mutaxassislar tayyorlash, garchi 1935 yildan boshlangan bo‘lsada, o‘lkamiz tabiati, aholisi hamda xo‘jaligini geografik jihatdan o‘rganish muammolari bu universitet faoliyatining ilk davridanoq muvaffaqiyatli hal etila boshlagan.

Xorijiy filologiya

Xorijiy filologiya fakulteti Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining nufuzli fakultetlaridan biri. Xorijiy filologiya fakultetiga 1962 yilda asos solingan. Fakultetning nomi Roman - german filologiyasi deb yuritilgan,Rus filologiyasi fakulteti 1943 yilda universitetning o‘zbek filologiyasi fakulteti tarkibida tashkil topgan.

Jurnalistika

1949 yilda O‘rta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetida jurnalistika bo‘limi ochildi. 1967 yilda bo‘lim fakultet maqomiga ega bo‘ldi. Tarix fanlari doktori, professor To‘g‘on Ernazarov Jurnalistika fakultetining birinchi dekani etib tayinlandi. 1999 yilda fakultetning bakalavriat yo‘nalishidagi ilk bitiruvchilari o‘qishni tamomladilar. 2001 yilda fakultetning magistratura mutaxassisligi ilk bitiruvchilari o‘qishni bitkazdilar. 2001 yilda fakultetda raqamli va analog teleradiostudiya va mini-tipografiya, axborot-resurs markazi ochildi.

Taekvondo va sport faoliyati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 noyabrdagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universiteti tarkibida Taekvondo va sport faoliyati fakultetini tashkil etish to‘g‘risidagi PQ-3390-sonli Qarori, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 yanvardagi 78-F farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Taekvondo va sport faoliyati fakulteti tashkil etildi.