Tibbiyot yo‘nalishiga hujjat topshirishni niyat qilgan abituriyentlar xavotirga tushib qolishdi. Milliy test tizimi doirasida kimyo va biologiyadan o‘tkazilgan imtihon savollarining tarqalib ketgani ko‘pgina abituriyentlarning hafsalasini pir qildi.
O‘zi nima bo‘ldi?
Davlat test markazi 9 iyun kuni kimyo, 10 iyun kuni biologiyadan milliy test tizimi uchun imtihonlar o‘tkazgan.
11 iyun kuni anonim tarzda yuritiluvchi Tentakminds kanali imtihonlarda tushgan kimyo va biologiya savollari respublikaning turli o‘quv markazlari tomonidan 500-1000 dollar atrofidagi narxga sotilayotgani haqida yozdi. Ko‘p o‘tmay, kanalda tarqatilgan savollar namunalari paydo bo‘ldi.
Jurnalist Xurshid Daliyev o‘z kanalida buxorolik repetitorning murojaatini joyladi. O‘qituvchi savollar testdan bir kun oldin yodlatilganidan shikoyat qilgan.
«O‘quvchilarning shashti o‘lib bo‘lish arafasida. Har bir sotib olingan sertifikat 98,5 foiz olgan abituriyent grant yoki kontraktni naqd qilib qo‘ydi. Bolalar bo‘lsa bizning o‘rnimizni olib qo‘ydi, deb shashti o‘lyapti», – deya repetitor «DTMga ishonch qolmagani»ni qo‘shimcha qilgan.
Milliy test tizimi nima?
Milliy test tizimi – umumta'lim fanini (chet tili bundan mustasno) bilish darajasini aniqlash bo‘yicha imtihon. Uni topshirish pulli – 367 500 so‘m. Asosan abituriyentlar uchun ishlab chiqilgan.
Imtihondan o‘ta olganlarga sertifikat beriladi. Sertifikatda talabgor imtihondagi maksimal natijaning necha foizini to‘plagani ko‘rsatiladi. Va abituriyentga OTMga kirish imtihonida o‘sha fandan sertifikatda ko‘rsatilgan foizga mos ravishda ball beriladi, ya'ni ular OTMga kirishda o‘sha fandan test ishlashi shart emas.
Sertifikat 3 yil amal qiladi. Uni olish uchun eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plash kerak. Hozircha ona tili, qoraqalpoq tili, rus tili, matematika, kimyo va biologiyadan imtihonlar boshlangan.
DTM biologiya testlari «yodlab chiqilgani»ni iddao qildi. Bunga ishonish qiyin
Davlat test markazi tarqalib ketgan va sotilgani aytilayotgan savollar milliy test tizimiga oid ekanini tan oldi.
«Ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan maqolalarda keltirilgan kimyo fanidan test topshiriqlarining ayrimlari 11 may kuni o‘tkazilgan jarayonga tegishli bo‘lib, 9 iyun kuni o‘tkazilgan imtihonda mazkur test topshiriqlaridan foydalanilmagan.
Biologiya fani bo‘yicha keltirilgan test topshiriqlari haqiqatan ham 10 iyun kuni o‘tkazilgan test sinovlariga oid. Biroq u test sinovi o‘tkazib bo‘linganidan keyin test sinoviga kirgan shaxslar tomonidan yodlab chiqilgan savollar asosida juda ko‘plab xatolar bilan kompyuterda terilgani, rasmli test topshiriqlarida rasmlarning keltirilmagani aniqlandi.
Olingan oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ayrim o‘quv markazlari tomonidan «bu savollar tushadi» bahonasida tayyorlangan savollar jamlanmasi shaxslarga sotilgani ma'lum bo‘ldi», – deya ma'lum qildi Davlat test markazi.
Biroq, Gazeta.uz o‘zi gaplashgan mutaxassislarga asoslanib yozishicha, imtihon topshiruvchilar barcha testlarni eslab qolib, savollar ketma-ketligi va bo‘limlar bo‘yicha taqsimlanishini bu darajada aniqlik bilan tiklab berishi imkonsiz.
Har ikkala fandan ham topshiriqlar faqat testdan iborat, savollar soni 50tadan.
Savollarni kim tuzgan?
Xalq ta'limi vazirligi izohiga ko‘ra, tegishli qarorga muvofiq, testlar XTV va Ta'lim inspeksiyasi tomonidan tavsiya qilingan mutaxassislar ishtirokida, DTM binosida tuzilgan. DTM tomonidan test tuzishga jalb qilingan vazirlik va inspeksiya ekspertlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzilgan.
Bundan anglashiladiki, testlar XTV va Ta'lim inspeksiyasi tomonidan tuzilmagan. Aniqroq aytganda, testlarni ular tavsiya qilgan ekspertlar DTM bilan imzolangan shartnoma asosida tuzishgan.
Ta'lim inspeksiyasi munosabatiga ko‘ra, milliy test tizimida savollar tuzish uchun Xalq ta'limi vazirligi bilan birga ishchi guruhi tuzilib, pedagoglar va testologiya bo‘yicha mutaxassislar tanlab olinib, 3 hafta o‘qitilgan. So‘ng milliy sertifikat uchun test namunalari ishlab chiqilgach, DTM ularni aprobatsiyadan o‘tkazgan.
«Test topshiriqlarining xavfsizligini ta'minlash maqsadida test savollari ekspertlar tomonidan Davlat test markazining maxsus binosida qat'iy nazorat ostida shakllantirilgan», – deyiladi inspeksiya munosabatida.
Hukumat qaroriga asosan, milliy test tizimi imtihonlarini o‘tkazishga DTM mas'ul. Savollarni yetkazib berishda Davlat feldʼegerlik xizmatidan foydalaniladi.
«Hozircha aniq fakt yo‘q, biror nima deyolmaymiz» — Sardor Rajabov
Huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Telegram kanalida DTM, XTV va Ta'lim inspeksiyasi mas'ullari ishtirokida ovozli chat tashkil qildi.
Unda DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabovning ma'lum qilishicha, holat bo‘yicha Bosh prokuraturaga murojaat qilingan.
«Birgina abituriyent tomonidan hamma savollarni yodlash imkoni bo‘lmaydi. Bizda savollar yodlash uchun bo‘lib berilgan deyilgan variant ham bor. Biroq hozir qo‘limizda aniq fakt bo‘lmagani uchun biror nima deya olmaymiz», – dedi Sardor Rajabov.
Ma'lum bo‘lishicha, milliy test tizimidagi imtihonlarda bitta sessiyada imtihon topshirayotganlarning barchasiga bir xil 50 ta savol tushadi.
«Oramizda mafiya kim?»
Ovozli chat jarayonida Xushnudbek Xudoyberdiyev milliy test tizimiga 3 ta ta'lim tashkiloti mas'ulligini qayd etib, «Oradan mafiyani topish kerak» deya hazil qildi.
Darhaqiqat, imtihon oldi abituriyentlarning kayfiyatini tushirmaslik, davlat grantida o‘qish uchun harakat qilayotgan abituriyentlarning mehnatini yo‘qqa chiqarmaslik uchun test savollarini qanday usul bilan bo‘lsa ham tarqatganlar topilishi va ularga chora ko‘rilishi lozim.
Kelgusida bunday holat takrorlanishining oldini olish bo‘yicha ham tegishli choralar talab etiladi. Bunday holatlar takroran ro‘y berishi mojaro yiriklashib, olingan sertifikatlar bekor qilinishigacha olib kelishi mumkin.
Zilola G‘aybullayeva
Manba: kun.uz