Metallurgiya sohasidagi OTMlarga davlat grantlari ikki baravar ko‘paytiriladi – Prezident


Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahrida o‘tkazilayotgan videoselektor davomida metallurgiya sohasida mutaxassis tayyorlash zarurati haqida gapirib o‘tdi.

«Bizga xozir injenerlar juda zarur. Afsuski uzoq yfillar davomida metallurgiya sohasida mutaxassis tayyorlashga ko‘p e’tibor qaratmadik va bugun injenerlarga katta ehtiyoj mavjud», — dedi davlat rahbari.

Prezident sohada mutaxassislar tayyorlash uchun kerakli chora-tadbirlar ko‘rish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Xususan, metallurgiya sohasidagi oliygohlarga qabul qilishda kelgusi yil uchun davlat grantlarini ikki baravar ko‘paytirish topshirig‘ini berdi. Joriy yilda OTMlardagi bunday o‘rinlar soni 210 ta bo‘lgan.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev tomonidan yiliga 100 nafar yosh mutaxassislarni nufuzli xorijiy kompaniyalar va injiniring markazlarida malaka oshirish dasturini boshlash taklifi berildi.