MDHdan kelgan xorijiy fuqarolarni OTMlarga suhbat asosida qabul qilish tartibi tasdiqlandi


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 iyun kunidagi qaroriga binoan, bundan buyon MDH mamlakatlaridan kelgan xorijiy fuqarolar yurtimizdagi barcha OTMlar bakalavriatiga suhbat natijasida qabul qilinishi belgilanganligi haqida xabar bergandim.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi OTMlarining bakalavriatiga MDH mamlakatlari fuqarolarini qabul qilish uchun suhbat o‘tkazish va uning natijalarini belgilash to‘g‘risidagi muvaqqat yo‘riqnoma" tasdiqlandi. Ushbu maqolada yo‘riqnomada keltirilgan eng asosiy qoidalar haqida ma’lumot beraman:

O‘zbekiston Respublikasi OTMlarining bakalavriatiga MDH mamlakatlari fuqarolarini qabul qilish uchun suhbat quyidagilarni aniqlash nuqtai nazaridan o‘tkaziladi:

- murojaat etuvchining dunyoqarashi (hozirgi kunda dunyoda ro‘y berayotgan asosiy va muhim ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan umumiy xabardorligi);

- kasbiy ishtiyoqi va o‘qishga kirish sabablari (tanlanayotgan kasbining mohiyati va mazmuni, uning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati, ushbu kasbning qiyinchiliklari to‘g‘risida tasavvurga egalik, ushbu kasbni tanlashga undagan sabablar);

- umumiy intellektual darajasi (o‘z fikrini aniq-ravshan, mantiqiy va ijodiy bayon qila olish hamda o‘z fikrini asoslantira olish qobiliyati);

- ma’naviy-axloqiy darajasi (qat’iy ma’naviy-axloqiy prinsiplarga ega bo‘lish, muloqot etikasi va tashqi ko‘rinish madaniyatiga rioya etishi).

  • Suhbat OTM rektorining buyrug‘i bilan tuziladigan Maxsus komissiya tomonidan o‘tkaziladi.
  • Suhbat joriy yil avgust oyining 2-10 sanalarida o‘tkaziladi.
  • Suhbat OTMda ta’lim beriladigan tilda o‘tkaziladi.
  • Suhbatning ushbu tartibga qatiy rioya etgan holda tashkil etilishi va o‘tkazilishi uchun mas’uliyat tegishli o‘quv yili uchun tuziladigan OTM Qabul komissiyasi mas’ul kotibiga yuklanadi.
  • MDH mamlakatlari fuqarolarini suhbatdan o‘tishi majburiy hisoblanadi.
  • Suhbat, qoida tariqasida, OTM binolarida o‘tkaziladi.
  • Xorijiy fuqarolar suhbat o‘tkazish uchun binoga tegishli navbat bo‘yicha olib kiriladi.
  • Xorijiy fuqaro tomonidan suhbatga kitob, daftar, yordamchi vosita, mobil telefon va boshqa aloqa vositalarining olib kirilishi va ulardan foydalanilishi qat’iyan taqiqlanadi.
  • Suhbatda qatnashish uchun xorijiy fuqaro pasport asosida kiritiladi.
  • Suhbat o‘tkazishda xorijiy fuqaro savollar berilgan biletni tanlaydi. Har bir bilet to‘rtta savoldan iborat bo‘ladi.
  • Bilet olinganidan so‘ng xorijiy fuqaroga suhbatga tayyorlanish uchun 30 daqiqa ajratiladi.
  • Bunda xorijiy fuqaro suhbatga tayyorlanish uchun qog‘oz varaqlardan foydalanishi mumkin.
  • Suhbatdan o‘tish jarayonida MDH mamlakatlari fuqarolariga bilet mazmuni bo‘yicha qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
  • Bitta xorijiy fuqaro bilan suhbat 20 minutgacha davom etadi.
  • Suhbat natijalari ballar qo‘yish yo‘li bilan 100 ballik tizimda baholanadi.
  • MDH mamlakatlari fuqarolari jadval bo‘yicha suhbatga kelmagan hollarda 0 ball qo‘yiladi.
  • Xorijiy fuqaro 55 va undan yuqori ball to‘plaganda suhbatdan o‘tgan hisoblanadi.
  • Suhbatdan o‘tgan xorijiy fuqarolar ro‘yxati ular tomonidan to‘plangan ballar asosida reyting tizimiga muvofiq aniqlanadi.
  • Suhbat jarayoni va natijalarini qayd etish uchun video va audioyozuv qo‘llanishi mumkin.
  • Suhbatni qayta o‘tkazish taqiqlanadi.
  • Suhbat natijalari shikoyat qilinishi va apellyatsiya tartibida ko‘rilishi mumkin emas.
  • Suhbat natijalari 15 avgustga qadar OTMning bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish haqida qaror qabul qilish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga va O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasiga yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi OTMlarining bakalavriatiga MDH mamlakatlari fuqarolarini qabul qilish uchun tashkil etiladigan 7 kishidan iborat Maxsus komissiya tarkibiga qo‘yidagilar kiritiladi:

– Rektor

– Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i (kotib)

– OTM Qabul komissiyasining mas’ul kotibi

– Maxsus komissiya a’zolari (4 kishi)

– Maxsus komissiya a’zolari sifatida suhbat o‘tkaziladigan yo‘nalishlar bo‘yicha OTM kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilari va mutasaddi xodimlari kiritiladi.

Suhbat natijalarini baholash mezonlari

  • Dunyoqarashi (hozirgi kunda dunyoda ro‘y berayotgan asosiy va muhim ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan umumiy xabardorligi) – tax. 25 ball;
  • Kasbiy ishtiyoqi va o‘qishga kirish sabablari (tanlanayotgan kasbining mohiyati va mazmuni, uning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati, ushbu kasbning qiyinchiliklari to‘g‘risida tasavvurga egalik, ushbu kasbni tanlashga undagan sabablar) – tax. 25 ball;
  • Umumiy intellektual darajasi (o‘z fikrini aniq-ravshan, mantiqiy va ijodiy bayon qila olish hamda o‘z fikrini asoslantira olish qobiliyati) – tax. 25 ball;
  • Ma’naviy-axloqiy darajasi (qat’iy ma’naviy-axlokiy prinsiplarga ega bo‘lish, muloqot etikasi va tashqi ko‘rinish madaniyatiga rioya etishi) – tax. 25 ball.


Manba: Xushnudbek.uz