“Mard o‘g‘lon” mojarosi: Hujjatiga yolg‘on aralashtirganlar barcha mukofotlarga qatnashishdan mahrum qilinishi mumkin


“Mard o‘g‘lon" davlat mukofotining respublika bosqichiga hakamlik qilgan Jurnalistlar uyushmasi raisi ayrim nomzodlar hujjatlariga yolg‘on ma’lumotlar kiritgani haqida videomurojaat bilan chiqdi. Aytilishicha, nomzodlarning ayrimlari mavjud bo‘lmagan mukofot va tanlovlarni “ixtiro qilib", o‘zlarini sovrindor qilib qo‘yishgan.  

“Yaxshisi, bu tabarruk sohaga qadam qo‘ymang..."

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov 20 may kuni Facebook’dagi sahifasida media sohasiga kirib kelayotgan ayrim yoshlarga “Yaxshisi, bu tabarruk sohaga qadam qo‘ymang, jamiyatga ham, o‘zingizga ham zarar qilmang", degan videomurojaat bilan chiqdi.

Unda aytilishicha, rais Yoshlar ishlari agentligi taklifi bilan nufuzli mukofot uchun hujjat topshirgan nomzodlar ishlarini baholash bo‘yicha komissiyada ishtirok etgan. O‘sarov ishlar bilan yaqindan tanishgach, nomzodlar ishlari orasida qalbakilashtirish va soxtakorlikni sezgan.

“Eng ayanchlisi, bo‘lg‘usi jurnalistlar, adolat uchun kurashadigan yosh kadrlar tomonidan shu ish qilinganligi meni nihoyatda darg‘azab qildi", – degan uyushma raisi.

Videmurojaatda hujjatlarini qalbakilashtirishga uringan nomzodlar ishidan misollar keltirilgan. Jumladan, Qoraqalpog‘iston universiteti 4-bosqich talabasi o‘zining tavsifnomasida 2019 yil “Oltin qalam" milliy mukofotini va 2020 yil respublikada “Eng yaxshi bloger" tanlovida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgani haqida yozgan. Biroq Olimjon O‘sarovga ko‘ra, “Oltin qalam" mukofoti g‘oliblari ro‘yxati tekshirilganda bu yigit nomi chiqmagan va 2020 yilda “Eng yaxshi bloger" tanlovi o‘tkazilmagan.

Bundan tashqari, yana bir jizzaxlik yigit 2021 yilda “Yilning eng yaxshi jurnalisti" mukofotini qo‘lga kiritgani haqida ma’lum qilgan va bu ma’lumot ham yolg‘on ekani ta’kidlangan.

“Kishini eng taajjubga soladigani, – degan uyushma raisi, – qashqadaryolik hamkasbimiz jurnalist shunaqangi tanlov va mukofotlarni ixtiro qilib, unga sohib bo‘lganini ko‘rib yoqa ushlaymiz. ... 2019 yilda Qirg‘izistonda chop etilib, Markaziy Osiyo tarixchilar va yozuvchilar uyushmasiga qabul qilinib, “Turon birligi" medali bilan taqdirlandi. Xalqaro Turon yozuvchilar uyushmasining a’zoligiga qabul qilindi…".

Videoda yuqoridagi kabi bir nechta nomzodlar ishlari sanab berilgan. Olimjon O‘sarovning o‘zi bilan bog‘langanimizda, u mukofotning boshqa yo‘nalishlarida ham shunday holat kuzatilganini ma’lum qildi.

“Men faqat madaniyat yo‘nalishidagi ishlarni ko‘rishda qatnashganman. Va bu yo‘nalishdagi ishlarda jurnalistika ishlari ham topshirilgan. Lekin boshqa yo‘nalishlarda ham xuddi shunday holatlar yo‘q, deb bo‘lmaydi. Chunki bizning ro‘paramizda san’at yo‘nalishidagi ishlarni tekshirishdi. O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva ham xuddi shunday fikrlarni aytayotganini eshitdim", – dedi uyushma raisi.

Jamoatchilik faollari munosabati

Jamoatchilik vakillari Facebook va Telegram ijtimoiy tarmoqlarida voqeaga munosabatlarini bildirishgan. Jurnalist va bloger Muslim Mirzajonov “Nobel mukofotini olganman", demabdi xolos, deb yoshlarning mukofotga o‘chligini tanqid qilgan.

“Mukofotparastlik, unvonxo‘rlik qon-qonimizga singib ketgan-da o‘zi! Menga qolsa, eskicha propaganda usuli bo‘lgan shunaqa mukofotlarni tugatardim.

Katta arava qayerdan yursa, kichiga ham shu yerdan yuradi, deganlaridek, yoshlaram o‘zimizdan rang olyapti-da", – deb yozgan bloger.

Jurnalist.uz telegram kanali muallifi Nozima Toshpo‘latova mukofotga loyiqlarni aniqlashda hakamlarning sergakligi muhim ekanligi haqida yozgan.

“O‘tgan yili internetda “Markaziy Osiyodagi eng faol yosh olim" degan diplomlarini maqtanib rosa qo‘yishdi turli sohalarda o‘qiyotgan yoshlar. Qiziqib ko‘rsam u shunchaki puli to‘lansa sotib olinadigan matoh ekan. Eng yomoni o‘sha maqtanib qo‘ygan yoshlar keyin o‘zimizning mukofotlargayam erishdi. Bitta sohada o‘nta eng yaxshi bo‘lmaydi-ku, deb savol ham berishmagandir ularni mukofotlayotganlar", – degan jurnalist.

“Taqdim etilgan hujjat ma’lumotlari qanchalik asosli ekani o‘rganilmoqda"

Agentlik matbuot xizmati rahbari Nodir Abduqodirovning Kun.uz’ga ma’lum qilshicha, Olimjon O‘sarov “Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti hakamlari qatorida bo‘lgan va agentlik hay’at a’zolari sifatida taklif etilgan ekspert fikrlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Hozir Olimjon O‘sarov videomurojaatida tilga olgan hujjat egalari chaqirtirilib, ular taqdim etgan ma’lumotlar qanchalik asosli ekani o‘rganib chiqilmoqda.

Bundan tashqari, agentlik tanlov va mukofotlarga hududlardan hujjat qabul qilish jarayonini takomillashtirish, hujjatlarni respublikaga kelgunga qadar mukammallashtirish yo‘llarini ko‘rib chiqayotganini bildirdi.

Agentlik kelgusida, – deydi Abduqodirov, – ekspertlarga uzoq yillik tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilish orqali ekspertlar safini kengaytirish va hujjatlariga noto‘g‘ri ma’lumot kiritgan yoshlarni alohida ro‘yxat qilib, kelgusida barcha tanlov va mukofotlarga hujjat topshirishdan mahrum qilish kabi harakatlarni ilgari suradi".

Nega “Mard o‘g‘lon" talash?

Prezident qaroriga ko‘ra, 2017 yilda ta’sis etilgan “Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan iqtidorli yigitlarga fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalarida, huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi.

Mukofotning respublika bosqichiga tuman va viloyat bosqichidan saralanib, har yili 200dan ortiq hujjat qabul qilinadi. 14 hududning har biridan 2 nafardan yosh, jami 28 kishi har yili “Mard o‘g‘lon"ga sazovor bo‘ladi.

Mukofotning 2 asosiy afzalligi bor. Birinchisi, mukofot sohiblariga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul beriladi. Ikkinchisi, mukofot sohiblari bo‘lgan umumta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga, oliy o‘quv yurtlari talabalari yoki bakalavr darajasiga ega yoshlar esa magistratura bosqichiga tegishli yo‘nalish bo‘yicha kirish imtihonlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.

Aslini olganda, mukofotni qo‘lga kiritish o‘qishga imtihonsiz, davlat granti asosida kirishning oson yo‘llaridan biri. Bunday imkoniyatni ko‘p abituriyentlar orzu qiladi. Yuqoridagi videomurojaatda qalbakilashtirilgani aytilgan ma’lumotlar ham ayrim nomzodlarning o‘qishga kirish ilinjida o‘ylab topgan yo‘llari bo‘lsa ajab emas.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz jurnalisti