O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidov uch yarim yillik faoliyatidan so‘ng lavozimini tark etishi mumkin. Bu haqda Kun.uz'ning turli tuzilmalardagi bir nechta manbalari ma'lum qildi.
2021 yilning dastlabki kunlarida O‘zbekiston hukumatida yana bir vazir almashishi mumkin.
Kun.uz manbalariga ko‘ra, shu kunlarda oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inom Majidovni lavozimidan ozod etish masalasi muhokama qilinmoqda. U faoliyatini OTMlardan birining rektori sifatida davom ettirishi mumkin.
Bu haqdagi ma'lumotni vazirlik matbuot xizmati Kun.uz'ga tasdiqlamadi; shu bilan birga, rasmiy yangilik bo‘lgan taqdirda, bu haqda ma'lum qilinishi qo‘shimcha qilindi.
Manbalarga ko‘ra, oliy ta'lim vaziri lavozimiga Termiz davlat universiteti rektori, senator Abduqodir Toshqulov nomzodi ko‘rib chiqilmoqda.
Avvalroq, Kun.uz o‘z manbasiga tayangan holda oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Salomov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgani haqida xabar qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Inom Majidov 2016 yil sentyabrida oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari, 2017 yil iyunidan esa vazir lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Abduqodir Toshqulov 2016 yil so‘ngidagi saylovlar arafasida prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatidagi ishonchli vakili bo‘lgandi. U 2017 yil sentyabrida Termiz davlat universitetiga rektor bo‘lgan, bir yil o‘tib Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Senat a'zosiga aylangandi.