Maktablarning 9–11-sinf o‘quvchilari kasb-hunarga o‘qitiladi


“Ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori (PQ–5140-son, 08.06.2021 y.) qabul qilindi

Qarorga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:

➖ Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida qo‘shimcha ravishda 28 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari;

➖ 864 ta fuqarolar yig‘inlarida tikuvchilik, oshpazlik-qandolatchilik, erkaklar va ayollar sartaroshligi, kompyuter savodxonligi, buxgalteriya va tadbirkorlik asoslari bo‘yicha mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari;

➖ vazirlik va idoralar tasarrufida bo‘lgan 18 ta professional taʼlim muassasalarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qisqa muddatli kasb-hunarga, xorijiy tillarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish kurslari.

Qarorga ko‘ra, “Ishga marhamat" monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari hamda maskanlarning o‘qituvchilari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari maqomi bo‘yicha professional taʼlim muassasalarining o‘qituvchilari va ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga tenglashtiriladi.

Umumiy o‘rta taʼlim muassasalarining 9–11-sinf o‘quvchilarini asosiy taʼlim jarayonlaridan bo‘sh bo‘lgan vaqtlarida kasb-hunarga o‘qitish tartibi joriy qilinadi.

Qaror bilan:

● bandlik va mehnat munosabatlari vazirining kasb-hunarga o‘qitish va kasbiy malakani rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilindi;

● Kasb-hunarga o‘qitishni tashkil etish va kasbiy malakani rivojlantirish departamenti tuzildi.

Shuningdek, “TUMO" kreativ texnologiyalar markazining Toshkent shahridagi filiali tashkil etildi.

2022 yil 1 martgacha Filialda yoshlarni veb-ishlanmalar, grafika dizayni, 3D-modellashtirish, raqamli dasturlash, robototexnika, raqamli media, videoo‘yinlar yaratish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik, asalarichilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, tikuvchilik, hunarmandchilik sohalarida kooperativlar tashkil etiladi.

2022 yil 1 yanvarga qadar har bir tuman (shahar) sektorida kamida bittadan kooperativlar tashkil etiladi.

Kooperativlarga aʼzo bo‘lgan har bir ish bilan band bo‘lmagan fuqaro uchun BHMning 15 baravarigacha subsidiya ajratiladi.